Главная » Статьи » Buyuk shaxslar

NODIRA

 

NODIRA (taxallusi; ismi Mohlaroyim) (1792 Andijon -1842 Qo'qon) - shoira, ma'rifatparvar va davlat arbobi. "Komila" va "Maknuna" taxalluslari bilan ham she'rlar yozgan. NODIRA (taxallusi; ismi Mohlaroyim) (1792. Andijon -1842. Qo'qon) - shoira, ma'rifatparvar va davlat arbobi. "Komila" va "Maknuna" taxalluslari bilan ham she'rlar yozgan. Otasi Andijon hokimi Rahmonqulbiy - ming qabilasidan, Farqona hukmdori Olimxonning tog`asi. Olimxon ukasi Umarxonga Marg’ilon hokimligini beradi va uni 1807 yilda Nodiraga uylantiradi.  Nodira shu xonadonda she'r yozishni mashq qiladi, shoira Uvaysiy bilan tanishadi, uni muallima sifatida saroyga taklif etadi. Nodiraning turmush yo'ldoshi Amir Umarxon ham Amiriy taxallusida ijod qilgan. 1822 yilda Umarxon vafot etib, uninq o'g’li, 14 yoshli Muqammad Alixon (Ma'dalixon) taxtga ko'tarildi. Lekin davlatni, asosan, Nodiraning uzi idora qildi. U madaniyat va san'atni rivojlantirishga intildi. Nodiraning zamondoshi qozi Abdunabi Xotifning tamomlanmay qolgan voqeaband dostonida Nodiraning hayoti va ijtimoiy faoliyati ishonarli dalillar bilan ko'rsatib be-rilgan: "Asar yozishdan maqsadim Nodiraning oqila, fahmli, ilm va so'zning qadriga yetadigan donishmand ayol ekanligini ko'rsatishdir.Umarxon vafotidan so'ng bu iffat sadafining injusi kunlarni hasratu firoq bilan shu tariqa o'tishini noshukurlik deb bildi. U gulistondek Chahorchaman bog’iga borib, Farg’ona, Toshkent, Xo'jand, Andijon va boshqa shaharlardan fozillar, olimlar, xattotlar, naqqoshlarni o’z xizmatiga chaqirtirib keldi". Nodira bir necha kitoblarni ko’chirtirdi va shoirlarni yangi-yangi asarlar yozishga tashviq qildi. Shoira devonlarning chiroyli yozilishi, muqovasining bezatilishini o’zi shaxsan ko'zdan kechirib turgan. U yaxshi ishlagan kotiblarga tilla qalam, kumush qalamdon berib, ularni "Zarrin qalam"lik mansabiga ko'targan. Nodira bozor va rastalar, masjid va madrasalar, karvonsaroylar qurilishiga e'tibor bergan. Go'ristoni kalondagi Madrasai Chalpak, Taqagarlik rastasidagi Mohlaroiim madrasasini bino ettirgan. Buxoro amiri Nasrullo 1842 yilda Qo'qonga bostirib kirib, Ma'dalixonni, ukasi Sulton Mahmudxonni, 14 yashar o'qli Muqammad Aminxonni va Nodirani fojiali ravishda o'ldiradi.Nodiraning adabiy merosi o'z g’oyaviy-badiiy ahamiyati nuqtai nazaridan mumtoz she'riyatning go'zal namunalaridandir. Uning to'la bo'lmagan o'zbekcha devoni O'zbekiston FA Sharqshunoslik instituti fondida saqlanadi (inv. 4132). Devonga Nodiraning 109 (yoki 1704 misra) g’azali kiritilgan. Nodiraning o'zi yozgan debochada tarjimai holiga oid ba'zi muhim ma'lumotlar berilgan. 19-asrda ko'chirilgan, hozirgi O'zbekiston FA Tarix muzeyi arxivida saqlanayotgan devonda Nodiraning "Komila" taxallusi bilan yozgan 19 (328 misra) g’azali borligi aniqlangan. 1962 yilda Namanganda shoiraning mukammal devoni topildi. O'zbekiston FA Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyida saqlanayotgan (inv. 313) bu devon shoiraning merosini to'liq qamrab olgan, deyish mumkin. Bunda shoira yozgan debocha mukammal berilgan. Devonda shoiraniig "Nodira" taxallusi bilan yozgan 180 she'ri jamlangan (shulardan 136 tasi o'zbek tilida, 44 tasi tojik tilida). Jumladan, 11 muxammas, 2 musaddas, 1 musamman,1 tarji'band. 1 tarkibband va 1 firoqnoma ham bor. O'zbekistn FA Sharqshunoslik instituti fondida Nodiraning "Maknuna" taxallusi bilan yozilgan, 333 g’azaldan iborat bir devoni mavjud (mnv.  7766). Bugungi kunda biz Nodiraning o'zbek va fors-tojik tillarida yaratgan 10 ming misraga yaqin lirik merosiga egamiz. Nodira she'riyatining asosini lirika tashkil etadi.Nodira muqabbat, sadoqat va vafo kuychisidir, u go'zallik va sadoqatni, Sharq xotin-qizlarining dard-alamlari, ohu fig’onlarini kuyladi. Shoira o'zini ishq oynasi deb atar ekan, bu oynada insonning hayotga umid bilan qarashi, ezgu istaklari va orzusi aks etgan. U muhabbat Alloh tomonidan insonlar qalbiga solingan mangu yog’du ekanligini kuyladi:

                                    Muxabbatsiz kishi odam emasdur,

                                    Gar odamsan, muxabbat! ixtiyor et!

Nodiraning muxabbat tushunchasi chuqur ijtimoiy mazmun kasb etadi. Muxabbat shaxsiy tuyg’ular doirasidan yuqori ko'tarilib, odamiylikni chuqur idrok qilish vositasiga aylantiriladi. Nodira insonning eng yuksak fazilati vafodorlikda deb biladi. Shoiraning fors-tojik tilidagi mebosh radifli g’azalida vafo mavzui keng doirada qalamga olinadi. Shoira himmat, sabr, qanoat, nomus, xayo kabi xislatlarni ma'rifat, ya'ni Xudo vasliga erishishni yaqinlashtiruvchi manzillar sifatida qayd etadi, olam ana shu sharafli xislatlarni o’z ruhiga mukammal singdirib olishi va uni sobitqadamlik bilan ko'ngil ganjinasida asramog’ini obrazli qilib tasvirlaydi. Odamzod shu sifatlardan mahrum bo'lar ekan, u riyo yo’liga kirib ketadi.Nodira o’z ijodida dunyoviylik bilan bir qatorda tasavvufning naqshbandiya yo’nalishiga asoslangan bir butunlik orqali insonning jamiyat va tabiatga munosabatini ham, ilohiy muxabbat yo'lidagi ruhiy dunyosini ham juda go'zal va jonli misralarda ifodalab beradi. Nodira she'rlarida islom ruhi, tasavvuf ta'limi va hayot falsafasini chuqur idrok etgan qolda hayotga hamma vaqt umidbaxsh nigoh bilan qaraydi va undan yaxshilik urug’ini qidiradi. Nodira saroyda yashasa ham, o'zini ma'naviy jihatdan baxtier hisoblay olmas edi.Shuning uchun ham u  g’azallaridan birida: "Meni saltanat masnadida ko'rib, gumon etmang ayshu faroin bilan",   deydi.Nodira olimlar, shoirlar. ayniqsa, shoiralarni o'z himoyasiga olgan. Shoira o'z devonlarining "hamnishin olima afifalar, fozila hamsuhbat sharifalarning maslahatlari va tashabbuslariga ko'ra jamlangani"ni o'zbekcha devoniga yozgan so'zboshisida qayd etib o'tadi.Nodira mumtoz she'riyatning mavjud hamma janrlarida qalam tebratdi. Uning o'zbekcha va forsiycha-tojikcha g’azallari aruzning turli vaznlarida 5. 7, 9. 13, hatto 18 baytli xajmda yaratilgan. Shoira g’azallarining asosiy qismi 7-9 baytlidir. Nodira mumtoz adabiyot an'analarini qunt va ixlos bilan davom ettirgan. Navoiy, Fuzuliy, Bedil g’azallariga muxammaslar boqlagan. Nodira g’azallarida ko'proq "mukarrar" (so'zning takrorlanib kelishi) va "qo'sh mukarrar" usullaridan foydalangan. Asarlarida talmeh, majoz, tashbeh, istiora, tazod, tadrij. tashxis, intoq kabi badiiy vositalar maqorat bilan qo’llanilgan. Nodira fors-tojik tilida ham go'zal, ta'sirchan she'rlar yozgan. Ular ham mazmun va badiiy mahorat jihatdan o'zbek tilidagi g’azallaridek yuksak darajada yozilgan bo'lib, shoira ijodini yana ham keng va to'laroq o’rganishda muhim rol' o'ynaydi. Nodira ijodiga bo'lgan qiziqish shoira hayotlik davridayoq boshlangan. Mashhur shoira Dilshod (1800-1905) Nodiraga maxsus g’azallar bag’ishlab, uni "ilm-adab va nazm osmonining yulduzi, ushshoqlari g’azalxoni, shakar sochuvchi bulbul" deb ta'riflaydi. Nodira g’azallariga ko'p shoirlar naziralar yozganlar, muxammas boqlaganlar. O’zbek adabiyotida va sahnada Nodiraning badiiy obrazi yaratildi. H. Razzoqovning "Nodira", Turob To'laning "Nodirabegim" musiqali dramalari saqnalashtirildi. Komil Yormatov va M. Mel'kumovlarning ssenariysi asosida "Nodirabegim" filmi  yaratildi. Shoira  asarlari rus va boshqa chet tillarga tarjima qilingan, g’azallari o’zbek maqomlari va xalq kuylariga solingan. O’zbekistoniing shahar va qishloqlarida ko'plab ko'chalar, kinoteatr, maktab va kutubxonalar Nodira nomi bilan yuritiladi.

Категория: Buyuk shaxslar | Добавил: azizjon_ibragimov (29.01.2016)
Просмотров: 2556 | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar