Главная » Статьи » Iqtisod va Moliya

“Qishloq xo’jaligi iqtisodiyoti va menejmenti” fanining o’rganish usullari.

 

 

Bizni o'rab turgan borliqni o'rganish usullari fanning uslubiyotini tashkil etadi. Boshqa fanlar kabi «Qishloq xo’jaligi iqtisodiyoti va menejmenti» fanining uslubiy asosini ilmiy tafakkurning dialektika usuli tashkil etadi. Dialektik usul hamma hodisalar va jarayonlar doimiy o'zgarishda va ozaro bog'liqlikda rivojlanadi, biri ikkinchisini keltirib chiqaradi deb tushuntiradi. Dialektik usul rivojlanish jarayonini oddiy o'sish jarayoni deb emas, balki oddiylikdan murakkablikka, miqdor o'zgarishlaridan sifat o'zgarishlariga o'sib o'tuvchi murakkab jarayon deb baholaydi. Bundan shunday xulosa qilish mumkinki, korxonaning hozirgi darajasi mutlaq emasligini, ma’lum sharoitlar o'zgarishi bilan o'zgarib turishi, hamma ishlab chiqarish tarmoqlari va omillari ozaro bogliqlikda harakatlanishini tushunib yetishi kerak. Masalan, chorvachilik tarmog'i dehqonchilikka bevosita bog'liqligini, o'z navbatida chorvachilik tarmog'i dehqonchilik tarmog'ining rivojlanishiga ta’sir etishini tushunib yetish lozim.

Ishlab chiqarish hajmi yer maydoni va uning unumdorligiga, mehnat va kapital hajmiga bog'liqligini ifoda etadi. Shuningdek, ishlab chiqarish hajmi bilan korxonaning pul mablag'lariga, boshqa turdagi moddiy-texnika vositalariga bo'lgan talabi o'rtasida yoki mineral o'g'itlar va yem-xashak sarfi bilan ekinlar hosildorligi hamda chorva mollari mahsuldorligi o rtasida o'zaro bog'liqlik mavjud.

Shunday qilib, qishloq xo'jaligi korxonalarida ishlab chiqarishni to'g'ri tashkil etish va boshqarish samaradorligiga tarmoqlar, ishlab chiqarish omillari (yer, mehnat va kapital) o'rtasida to'g'ri o'zaro aloqa va bog'liqlikni takomillashtirish orqali erishish mumkin. Dialektik usul voqealar va hodisalar har doim harakatda, rivojlanishda deb tushuntiradi. Shuning uchun «Qishloq xo’jaligi iqtisodiyoti va menejmenti» fani korxonalarni, ishlab chiqarishni doimo harakatda, rivojlanishda, rivojlanish asosi ziddiyat deb tushuntiradi, ya’ni yer maydonlarini bir sifatdan boshqa sifatga o'tib turishi (yer transformatsiyasi), tuproq unumdorligining o'zgarishi, ekinlar hosildorligi, chorva mahsuldorligi hamda texnika vositalari sonining o'zgarib turishi sifatida ko'radi.

Dialektikaning yana bir qonuni, miqdor o'zgarishlarining sifat o'zgarishlariga o'tishi qonunidir. Qishloqda mulk munosabatining o zgarishi natijasida oldingi yirik hajmdagi davlat va jamoa xo'jaliklari, o'rnida dehqon, fermer va shirkat (kooperativ) xo'jaliklari tashkil topdi.

«Qishloq xo’jaligi iqtisodiyoti va menejmenti» fanini o'rganish - iqtisodiy jarayonlarni kuzatish va zarur ma’lumotlarni yig'ishdan boshlanadi. Iqtisodchilar avvalo ma’lum iqtisodiy muammoga taalluqli dalillarni aniqlaydilar va to'playdilar. Dalillarni tahlil qilish orqali iqtisodiy xulosa yoki iqtisodiy nazariya yaratiladi. Iqtisodiy xatti-harakatlarni o'rganishda iqtisodiy tadqiqot nazariyasidan ayrim dalillarga va aksincha, dalillardan umumiy nazariyaga qarab harakatlanishi mumkin.

Iqtisodiy tadqiqot ayrim dalillardan iqtisodiy nazariyaga qarab harakat qilganda induktiv usulni, nazariyadan ayrim dalillarga qarab harakat qilganda deduktiv usulni ifoda qiladi.

Tahlil usulidan foydalanishda hodisalarni mayda bo'laklarga, alohida- alohida dalillarga ajratib o'rganilsa, sintez usulida hodisalarni ayrim dalillarni birlashtirish, birgalikda, o'zaro bog'liqlikda o'rganish orqali umumlashtiriladi va xulosa qilinib, turli nazariyalar yaratiladi. Ammo, bunda xatoga yo'l qo'ymaslik uchun alohida olingan, tasodifan qo'lga kiritilgan dalillardan emas, balki o'rganilayotgan ob’yektga tegishli barcha dalillar yig'indisidan foydalanish maqsadga muvofiqdir.

Pozitiv usulda haqiqiy ma’lumotlar va dalillar o'rganilib ma’lum xulosalar chiqariladi.

Normativ yoki me’yoriy usulda biron xulosaning miqdoriy yechimi ko'rsatiladi va asoslanadi. Masalan, pozitiv usul orqali soliq yukining fermer xo'jaliklari shakllanishiga ta’siri aniqlanadi. Normativ usul orqali fermer xo'jaliklarini 2 yil muddatga hamma soliqlardan ozod qilish tavsiya etilishi mumkin.

Dalillarni yig'ish - borliqni ilmiy anglashning boshlanishi xolos. Qishloq xo'jaligi korxonalari tabiiy-iqlimiy shart-sharoitlar, texnik-texnologik ta’minlanganlik, ishlab chiqarishni tashkil etilishi, mehnat unumdorligi va iqtisodiy samaradorlik jihatidan turli darajada rivojlanish xususiyatlariga ega. Shu tufayli alohida olingan xo'jaligining ma’lumotlari boshqa sharoitlarda joylashgan xo'jaliklar uchun mos kelmasligi mumkin. Buning uchun turli ma’lumotlar va dalillarni chuqur tahlil etish asosida nazariy umumlashtirish lozim bo'ladi.

Dalillarni keng qamrovli tahlil etish uchun iqtisodiy tadqiqotning turli usullaridan foydalaniladi. Ularning ichida eng ko'p statistik, iqtisodiy-matematik, monografik, tajriba usullaridan foydalaniladi.

Statistik, ya’ni guruhlashtirish, dinamik qatorlar, o'rtacha sonlar, analitik, korelyatsion, dispersion va regression tahlil usullari orqali xo'jaligida sodir bo'ladigan miqdor o'zgarishlar qanday sifat o'zgarishlariga olib kelishi, ayrim omillar va dalillar o'rtasida qanday aloqa va bog'lanishlar borligi anqlanadi.

Monografik usul orqali biron voqea yoki dalil va unga ta’sir etuvchi har bir jarayon o'rganilishi ta’minlanadi.

Hisob-analitik usul biron tadbirni belgilashda yoki xo'jaligining istiqboli bilan bog'liq tadbirlarni ishlab chiqishda keng foydalaniladi.

Tajriba usuli normativ asosda belgilangan me’yoriy tadbirni yoki biron-bir nazariyani keng ko'lamda qo'llashdan oldin kichik doirada sinab ko'rishdir. Agar bu sinov natijalari amalda o'zini oqlasa, xuddi shu sharoitga ega bo'lgan boshqa joylarda ularni qo'llashga tavsiya etish mumkin bo'ladi. Chunki amaliyot - haqiqat mezonidir. Ma’lumki, biron-bir natija, masalan, xo'jaligining foydalilik darajasi juda ko'p omillarga bog'liq.

Ayrim hollarda turli-tuman omillar bir-birlariga qarama-qarshi ta’sir etishi mumkin. Bunda iqtisodiy-matematik usul qo'llanilgan holda hamma omillar ta’sirini miqdor jihatdan hisobga olish imkoniyatini beradigan modellardan foydalaniladi

Категория: Iqtisod va Moliya | Добавил: azizjon_ibragimov (06.01.2017)
Просмотров: 3556 | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar