Главная » Статьи » O'simlik olami

Bodom (almond)

 

Bodom qadim zamonlardan beri shifobaxsh vosita sifatida xalq tabobatida qo`llanilib kelinadi. Xususan, shirin va achchiq bodom mag`zi, po`chog`i, yog`i, shuningdek, ildizining po`stlog`i ko`p qo`llanilgan. Bodom mag`zi, asosan, darmon beruvchi, yallig`lanishning oldini oluvchi, yaralarni tuzatuvchi, yumshatuvchi hamda zaharni kesuvchi sifatida iste`molda bo`lgan.

 Arab tabibi Ibn Massuiy qovurilgan bodom bilan ichaklardagi dardlarni davolagan. Yana bir arab tabibi Abu Mansur esa bodomni siydik ajralishining qiyinlashuvida, shakar bilan aralashganini esa urug`ni ko`paytirishda qo`llagan. Ibn Sinoning yozishicha, barcha turdagi bodomlar, jigardagi va buyrakdagi tiqilmalarni ochib, tozalaydi. Biroq shirin bodomning ta`siri achchiq bodomnikiga qaraganda kuchsizroq bo`ladi.

Yangi po`stloqli bodomni iste`mol qilish me`dani tozalaydi. Bodom yog`iga binafsha ildizini aralashtirib ichish esa buyrak, qovuqni tozalab, toshlarni maydalaydi. Bodom ko`zni ravshan qiladi.

Achchiq bodom sepkil, quyoshdan teri kuyishi, qontalashlarni ketkazadi Uning ildizidan qilingan qaynatma sepkillarni ketkazishda yaxshi yordam beradi. Bodom yog`i ko`krak saratoni, et cho`zilishi, quloqdagi og`riq, shang`illash, shovqinni bartaraf qiladi.

Bodom ichki a`zolarni tozalab, miya suyuqligini quvvatlaydi, ko`zni ravshan qiladi, astma (qand bilan), plevrit, ichaklardagi yaralarda yaxshi foyda qiladi., semirtiradi. Bodomdan tayyorlangan murabbo esa to`yimli va buyrak uchun foydalidir.

 Xalq tabobatida shirin bodom urug`i, bodom yog`i, daraxtining guli va barglaridan keng foydalaniladi. Ich qotish, surunkali gastrit, kolit va surunkali bronxitda 5-6 qoshiq bodom yog`i ichish buyuriladi. Sariq kasalligini davolashda esa quyidagi usuldan foydalaniladi.

 Birinchi kuni bemorga kunda 2-3 mahal ovqatdan oldin 5 donadan bodom mag`zi yedriladi. Keyingi kunda bodom miqdori yana 5 donaga oshirib boriladi. Shu taqlid 4-5 kun bemorning kunda qabul qiladigan miqdori 70 dona bodomgacha yetib boriladi.

 Keyingi kunlarda esa xuddi shu tarzda bodom miqdori kamaytirilib, kunda 15 donagacha tushiriladi. So`ngra bu usulda davolash yakunlanadi.

 Bodom o`pka yallig`lanishini davolashda ham yaxshi foyda beradi. Bunday bemorlarga bodom yog`ini kunda 3-4 marta 1 osh qoshiqdan berib turish kerak.

 Achchiq bodom kepagidan olingan suyuqlikni 10-15 tomchi ichirib, asabi buzilgan, qorni sanchiyotgan yoki qattiq yo`tal tutayotgan bemorlarning og`rig`ini qoldirish va asabini tinchlantirish mumkin. Kamqonchilik, yo`tal, uyqusizlik, bosh og`rig`i, qo`l-oyoq ishlamasligi va bezgakning davosida tuyilgan shirin bodom yaxshi samara beradi.

 Bodom mag'zi tarkibida ko'p miqdorda moy emulsin fermenti , B1 va B2 vitaminlari qand,oqsil va boshqa moddalar bor . Xalq medetsinasida shirin bodom mag'zining qand bilan aralashtirilgani darmonsizlik , nafas qisish , bosh aylanish va yo'talga davo sifatida ishlatiladi . Achchiq bodomning musallas bilan qo'shilgani eshakemini davolashda , asal bilan aralashtirilgani esa toshma yaralarini quritishda davodir . . Bodomning sirka bilan omixta qilingani zamburug'li kasalliklarga qarshi vosita hisoblanadi . Qariqiz o'simligining ildizini bodom moyiga qo'shib damlab , so'ngra boshqa surtilsa , sochning to'kilishi anchagina kamayadi . Moyi ajratib olingan shirin bodomning turupi teriga qo'yilsa , uning rangi tiniqlashib , latif va chiroyli bo'ladi . Shirin bodom moyi yoki mag'zi suvga obdon ezib aralashtirilsa , bodom "suti" hosil bo'ladi . Tayyorlangan bodom "suti"dan ichilsa , beozor siydik haydovchi omil bo'lib xizmat qiladi . Shirin bodom moyidan bolalarga surgi dori qilingan. Qizamiq chiqqan bolalarga chuchuk bodom urug'i po'chog'ining qaynatmasi ichirilgan . Chidamli navi sovuqqa anchagina chidamli . Kech gullaydi . Bu esa o'simlik gullarini sovuq urib ketishidan saqlaysi

O'zbekistonda Bodomzorlar kengaymoqda

Mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida agrar sohada olib borilayotgan izchil islohotlar jarayonida bog‘dorchilik tarmog‘ini tubdan takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilayotir. Davlatimiz rahbarining 2006 yil 9 yanvarda qabul qilingan “Meva-sabzavotchilik va uzumchilik sohasida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim omil bo‘lmoqda.

Olim va mutaxassislari kasalliklarga chidamli, mahalliy iqlimga mos, serhosil daraxt navlarini yaratish, mavjudlaridan oqilona foydalanishni asosiy maqsad qilib olgan R.R.Shreder nomidagi meva-sharbat, bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-ishlab chiqarish korporatsiyasining Bo‘stonliq tumanidagi tog‘li bog‘dorchilik va uzumchilik filialida bu borada muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Bu yerdagi ko‘chatxona va tajriba-sinov maydonlarida bodom, yong‘oq, uzum, olma, olxo‘ri singari mevali daraxtlarning istiqbolli navlarini tuproq-iqlim sharoitimizga moslashtirishning ilmiy asoslari va texnologiyasi ishlab chiqiladi. So‘nggi yillarda tog‘li mintaqalarga xos mevali daraxtlarning ertapishar, qurg‘oqchilik va sovuqqa chidamli 20 dan ziyod yangi navi yaratildi. Yong‘oqning «Bo‘stonliq», «Ideal», bodomning «To‘ng‘ich», «Tyan-Shan» kabi navlari shular jumlasidandir.

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi tog‘li bog‘dorchilik va uzumchilik filialidan ma’lum qilishlaricha, yurtimizning tog‘li hududlaridagi iqlim sharoiti yong‘oq, olma, ayniqsa, bodomning o‘sishi va yuqori hosil berishi uchun nisbatan qulaydir. Samarqand, Qashqadaryo, Jizzax, Surxondaryo, Toshkent kabi tog‘oldi viloyatlari va Farg‘ona vodiysida mazkur daraxtlardan mo‘l-ko‘l hosil olish mumkin.

Bodom 3-4 yoshda hosilga kirib, 60 yilgacha meva beradi. Bir tupning hosildorligi 200 kilogrammgacha yetishi mumkin. Bodom va uning mahsulotlaridan xalq xo‘jaligining ko‘plab tarmoqlarida, kosmetika va tibbiyot sanoatida foydalaniladi. Bodom tarkibida 40-70 foiz yog‘, 20-25 foiz oqsil, 6 foiz shakar mavjud. U qurg‘oqchilikka g‘oyat chidamli bo‘lib, suvsiz, toshloq va unumsiz tog‘ yonbag‘irlarida ham yaxshi o‘sadi. Bu yurtimizning tog‘oldi lalmikor hududlaridagi fermer xo‘jaliklarining ishlab chiqarish samaradorligini va iqtisodiy manfaatdorligini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Agrotexnik qoidalar asosida parvarishlansa, har gektar yangi bodomzordan o‘rtacha 5-6 million so‘m atrofida daromad olish mumkin.

Hozir filialda bodomning saralab ajratilgan 30 dan ortiq qimmatli hamda sun’iy chatishtirish yo‘li bilan yetishtirilgan 14 xil istiqbolli navi parvarishlanmoqda. Tez hosilga kirishini ta’minlash maqsadida bodomning shaftoli bilan chatishtirilgan “Qilichnusxa”, “Bo‘stonliq” kabi yangi, istiqbolli navlari yaratilmoqda.

«Qilichnusxa» – mahalliy kechpishar nav. U 3-4 yilda hosilga kiradi. Po‘sti yumshoq, kasallik, sovuq va qurg‘oqchilikka chidamli. Boshqa navlarga nisbatan mag‘zi shirin. «Bo‘stonliq» esa ertapishar, mag‘zi yirik va shirin. U tog‘ sharoitiga moslashgan, sovuq va kasalliklarga chidamli.

Soha rivoji uchun o‘rmon xo‘jaliklari hududidagi bodomzorlar aholiga uzoq muddatga ijaraga berilmoqda. Shuningdek, fermer xo‘jaliklari dalasi chetidagi toshloq, tashlandiq yer maydonlari va adirlik bag‘irlaridan unumli foydalanish hamda suv sarfini kamaytirish maqsadida bodomzorlar tashkil etilmoqda. Ayni vaqtda bodom yetishtirish yuzasidan o‘ttizga yaqin fermer xo‘jaligi bilan shartnoma tuzildi. Boysun tumanidagi “Abdurahmon polvon”, Bo‘stonliq tumanidagi “Fayz” fermer xo‘jaliklari shular jumlasidandir.

Bularning barchasi mamlakatimiz agrar tarmog‘ida amalga oshirilayotgan izchil iqtisodiy islohotlar, bog‘bonlarimiz uchun yaratilayotgan keng ko‘lamli shart-sharoit va imkoniyatlar samarasidir.

Категория: O'simlik olami | Добавил: azizjon_ibragimov (29.01.2016)
Просмотров: 3442 | Рейтинг: 5.0/1
Всего комментариев: 0
avatar