Главная » Статьи » Salomatlik va Go'zallik sirlari

Baxtlimisiz?

 

 

 

Kundalik hayotimizda har qadamda uchraydi bu savol. Ko'pincha kayfiyatga qarab, ba'zan uzoq o'ylanib javob beriladi unga. Asl baxt nimada o'zi? Boshqalarni bilmadimu men bu savollarga BAXT bag'ri butunlikda-da, deb javob bergan bo'lardim. Axir inson zoti har qancha irodali bo'lmasin, yolg'izlikka dosh berolmaydi. Shuning uchun bo'lsa kerak, atrofdagi kishilar bilan hamsuhbat bo'lishga intilaveramiz. Sababi, odam taftini odam oladi-da.

Xo'sh, bag'ri butunlik nima o'zi? O'zingiz yaxshi bilasiz, ota-onangiz, oila a'zolaringiz, qavm-qarindoshlaringiz, yaqinlaringiz yoki do'stu birodarlaringizsiz ko'nglingiz kemtik bo'lib qolganga o'xshayveradi. “Besh qo'l barobar emas”, deganlaridek, taqdirning tuhfalari ham turli odamlarga turlicha taqsimlangan. Ba'zida oddiy bir ko'ngilsiz voqea sabab tushkunlikka tushamizu o'zimizni baxtsiz his qilamiz. Chunki shu damda bu dunyoning bir kamini ko'rib qolamiz, o'ksinamiz, goho ko'z yoshi qilamiz. Shunda ko'nglimiz ancha taskin topgandek bo'ladi. Shunday paytda qalb ko'zlarimizni ochib, hayot uyiga tikilib qaraylik-chi, kimning baxti to'kis ekan?!

Shular haqida o'ylayapmanu, bir keksa onaxon bilan bo'lgan suhbat yodimga tushadi negadir. Uning og'ir xo'rsinig'i, bir oz norozi kayfiyatda aytgan gaplari o'ylantirib qo'ygandi meni. Yaratganga shukr, bizning suyanganlarimiz va bizga suyanganlar borligi rost. U qadar yolg'iz emasmiz. Shunday bo'lsa-da, baxtibekamlik odamzotning azaliy orzusidir. Ming yillarki, shunday, bugun ham shunday, nazarimda. Yoki boshqacharoqmi? O'sha kuni oshxonaga tushlik qilish uchun kirgandim. Yonimda o'tirgan onaxon yon-veriga alanglab gap boshladi:

— Qizim, jonim bolam, 76 yoshga chiqibman. Xudoga shukr, tani-jonim sog'. Qariganingdan keyin g'imirlab turish kerak ekan. Yurgan daryo, o'tirgan bo'yra, deyishadi-ku. Senga o'xshagan bir qizim bor. Xudo baxtini bersin. Shu nevara qizim maktabda yaxshi o'qirdi. O'tgan yili o'qishga topshirgandi. Yiliga falon ming to'lab o'qiydiganiga ilinibdi. Otasi, ya'ni o'g'lim nogiron. Qo'l-oyog'i ishlamaydi. Kelinim olti yil bo'ldi, uyiga ketib qolgan. Bunday yahvolda yasholmasmish.

O'zim Yangiyo'lda turaman. Nevaram ko'rsa hafa bo'ladi, deb qo'rqaman. Shu «Chorsu» bozoriga kelib, uyat bo'lsayam aytay, besh-o'n so'm topaman, deb o'tgan-ketganni duo qilib o'tiraman. (Bechora kampir tilanchilik qilaman, deb aytolmadi.) Nigoraginam dardkashim, ovunchog'im. O'g'limniyam shu bir qizidan boshqa gaplashadigan dardkashi yo'q. Ishga kirsin, desam, otasiga qaraydigan odam yo'q. O'qib ketganda qiynalsamam mayli, degandim. Erta saharlab uydan chiqib, to'g'ri shu tomonga kelaman. Nigoram bechora oriyatli, qo'shnimizni kelinidan bichish-tikishni o'rganib olayapti. «Ona, har kuni qayoqqa borasiz», — deb so'rab qoladi. «Uyda o'tirsam, o'tirib qolaman, tanish kampirlar bilan gaplashib, yozilib kelay», — deyman. Bir kun ketimdan poylab chiqadi, deb qo'rqaman. Uyga non-pon olib boraman, ishqilib kunimiz o'tib turibdi. Sog'lig'imga shukr, deyman. Menam yotib qolsam, qizginamni qiynab qo'yaman...

Suhbatdoshimning to'rt tomonga ziyrak nigoh tashlab gap boshlagani avvaliga g'alati tuyulgandi. Buning sababini endi tushundim. Onaxonning gaplari tugamaydi. Eshitaverdim, gapiraverdilar... Nima ham derdim, bir-ikki og'iz gap bilan taskin bergan bo'ldim. Bu orada ikkovlashib bir choynak choy ichdik. Ketar chog'im onaxonga pul tutqazdim. Olmadilar. Buning uchun gapirganim yo'q, dedilar. Bir ko'nglimni bo'shatib oldim-da, qizim, aybga buyurmassan, umringdan baraka top...

Onaxon bozorda o'z tashvishi bilan yurgan odamlarning orasiga qo'shilib, o'zining tili bilan aytganda, o'tgan-ketganni duo qilgani ketdi... Onaxonning yarim gavdasini kunning issig'idan pana qilib turgan oppoq ro'moli, nurli, nuroniy chehrasi, muloyim boqadigan mehr to'la nigohlari ancha vaqtgacha ko'z oldimdan ketmadi. Bu farishtasurat onani balki siz ham uchratgandirsiz. Uni ko'rib, nima xayolga borgansiz, bilmadimu, men uning ko'cha-ko'yda ko'p uchratadiganimiz aksariyat tilanchilardek muhtojlikdan emas, ko'ngli ko'targanidan odamlar orasiga shoshilayotganini dildan his qildim.

Gulbahor ORTIQXO`JAYEVA

 

 

 

 

 

 

Категория: Salomatlik va Go'zallik sirlari | Добавил: azizjon_ibragimov (28.08.2016)
Просмотров: 1249 | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar