Главная » Статьи » Tarix

"O‘zbekiston ovozi" gazetasi - "Temur tuzuklari" asari – yuksak tafakkur mahsuli

Sohibqiron Amir Temur tavalludining 675 yilligi arafasida Xalqaro Amir Temur jamg‘armasi, O‘zRFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti tomonidan nashrga tayyorlangan «Temur tuzuklari» asari Prezidentimiz Islom Karimov so‘zboshisi bilan ochiladi. Tarix insoniyat bosib o‘tgan yo‘lning ko‘zgusi. Unga boqib, o‘tmish bilan bugun taqqoslanadi. Milliy davlatchiligimiz tarixining asriy an’analaridan xulosalar chiqariladi. Shu ma’noda, XIV-XV asrlarga oid bu qimmatli manbaning qayta nashr etilishi Vatanimiz tarixiga tom ma’noda ulkan voqelik sifatida muhrlandi.   

Mustamlakachilik yillarida, buyuk va shonli tariximiz, ulug‘ ajdodlarimizning betakror ma’naviy merosini xalqimiz ongu shuuridan o‘chirib tashlashga zo‘r berildi. Ko‘plab allomalarimiz qatori Amir Temurning hayotini xolisona o‘rganishga, uning ma’naviy merosini tad­qiq qilishga yo‘l qo‘yilmadi.  Mamlakatimiz rahbarining mazkur asarga yozgan so‘zboshida bu haqda «Ollohga shukrki, istiqlolga erishganimizdan keyin bu masalada ham tarixiy adolat qaror topdi. Muqaddas yurtimiz zaminida yashab o‘tgan ko‘plab ulug‘ siymolar qatori Amir Temur bobomizning nomi, sha’nu shavkati va merosi ham qayta tiklanib, bu zot haqidagi asl haqiqat xolis va haq­qoniy yoritilmoqda, tadqiqotlar olib borilmoqda, kitoblar yozilmoqda. Zero, Amir Temur shaxsini idrok etish — tarixni idrok etish demakdir. Amir Temurni  ang­lash — o‘zligimizni anglash demakdir. Amir Temurni ulug‘lash — tarix qa’riga chuqur ildiz otgan tomirlarimizga, madaniyatimizga, qudratimizga asoslanib, buyuk kelajagimizni, ishonchimizni mustahkamlash demakdir», deb ta’kidlanadi. 

Shu o‘rinda 700 yil ortga nazar tashlaylik. O‘sha paytlarda jahonning yarmi mo‘g‘ullar istibdodidan aziyat chekardi. O‘zaro nizolar, urush va bos­qinlar avj olgandi. Mana shunday tarixiy parokandalik iskanjasida qolgan millionlab odamlar o‘z xaloskorini kutardi.U Amir Temur siymosida maydonga chiqdi.Va yer yuzining katta qismida adolat o‘rnatdi. Shundan bo‘lsa kerak, uning nomini hatto Yevropa mamlakatlarida ham hurmat bilan tilga olishadi. Amir Temur davlat va jamiyat boshqaruvining ilg‘or tizimini, tartib-qoidalarini ishlab chiqdi hamda amaliyotga tatbiq etdi. U o‘zidan oldin o‘tgan jahongirlardan farqli ravishda, zabt etilgan mamlakatlar, shahar va qishloqlar kulini ko‘kka sovurmadi. Aksincha, har qanday adolatsizliklarga barham berdi, o‘z tuzuklari asosida xalqparvar boshqaruvni joriy qildi. Karvonsaroy, tim, bozor, shifoxona, masjid va madrasalar bun­yod etdi. «Temur tuzuklari»da «qay bir joydan bir g‘isht olgan bo‘lsam, o‘rniga o‘n g‘isht qo‘ydim, bir daraxt kestirsam, o‘nta ko‘chat o‘tqazardim», degan ibratli so‘zlar borligi ham fikrimiz dalilidir. 

 Buyuk davlat arbobi  milliy va xalqaro iqtisodiyotni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratdi. U shunday soliq tizimi va dehqonlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshiradiki, pirovardida Movarounnahr ahli o‘zlarining g‘alla hamda guruchga bo‘lgan ehtiyojlarini qoplab, ortganini qo‘shni mamlakatlarga sotish imkoniyatiga ega bo‘ladi. O‘sha davr tarixchisi Hofiz Abro‘ o‘z asarlarida Sohibqironning turk, arab va forslar tarixini chuqur bilganligi, har bir voqea va hodisaga nisbatan oqilona xulosa chiqarish qobiliyatiga ega bo‘lganligini yozib qoldirgan. Uning har bir masalani soha bilimdonlari bilan maslahatlashib hal qilgani ham alohida qayd etilgan. 

Asarning yangi nashri so‘zboshisida «Ulug‘ ajdodimiz, garchi buyuk bunyodkor va jahongir bo‘lsa-da, kuch-qudrat zo‘rlik va zo‘ravonlikda emas, aksincha, adolatda, hamjihatlik va hamkorlikda ekanini nihoyatda chuqur anglagan. Uning davlatni oqilona boshqarish, o‘ta mushkul va imkonsiz vaziyatda ham to‘g‘ri yo‘l, tadbir topa olish qobiliyati, noyob aql-zakovati har qanday odamni hayratga soladi», deb Sohibqironning mazkur xislatlariga yuksak baho berilgan.

Zo‘ravonlik, kuch ishlatish  bilan hech qachon, hech qayerda tinch­lik o‘rnatib bo‘lmaydi. Amir Temur o‘zi egallagan mamlakatlarning muayyan urf-odatlarini hisobga olib, ularning asrlar davomida shakllangan qadriyatlari va mentalitetidan kelib chiqib har qanday masalaga siyo­siy yechim topa olgani bilan ham ko‘pchilikka ibrat bo‘lgan. «Temur tuzuklari»da boshqa ijtimoiy-siyosiy va harbiy masalalar bo‘yicha mufassal ma’lumotlar keltirilgan. Shuni faxr-iftixor bilan aytish mumkinki, asardagi ko‘plab sohalarni qamrab olgan fikr va mulohazalar, maslahat hamda tavsiya­lar hozirgi davrda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan, bugun dunyoning bir qator mamlakatlarida ulardan davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirishda foydalanilmoqda.  

Bu bejiz emas, albatta. Zero, Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, «Amir Temurdek buyuk va betakror siymoni har tomonlama tushunish, u barpo etgan qudratli saltanatning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-mafkuraviy asoslarini, Sohibqironning davlat bosh­qaruvi borasidagi ulkan salohiyati, mahorati, bilim va tajribalarini o‘rganishda, umuman aytganda, hayot sirlarini anglab yetishda «Temur tuzuklari» bebaho qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi».

"Temur tuzuklari"da davlat tizimi, davlatdagi turli lavozimlarning vazifasi, undagi turli toifalar va ularga munosabat, davlatni boshqarishga asos bo‘lgan qoidalar, qo‘shinlarning tuzilishi, tartibi, uni boshqarish, ta'minlash, rag‘batlantirish, qo‘shin turlarining tutgan o‘rni va o‘zaro munosabati kabi masalalar bayon etiladi. Davlat ishlarini har doim islom va shariat hukmlari asosida olib borilganligi bir necha bor ta'kidlanadi. "Saltanatim martabasini, - deb ta'kidlaydi Amir Temur, - qonun-qoidalar asosida shunday saqladimki, saltanatim ishlariga aralashib, ziyon yetkazishga hech bir kimsaning qurbi yetmasdi

"Temur tuzuklari" shohlar, amirlar bilan bir qatorda tarixchi, siyosatchi olimlarning ham diqqat e'tiborini o'ziga jalb qilib kelgan va kelmoqda. Shuning uchun ham u 1783-yilda izohlar bilan Angliyada, 1785 va 1981- yillarda Hindistonda, 1868- yil Eronda bosmadan chiqdi.

Jahon jamoatchiligining diqqat-e'tiborini jalb qilgan va fransuz (1787), ingliz (1830), urdu (1845), rus (1894, 1934), turk (eski o'zbek) tiliga to'liq bo'lmagan nusxasi (1835, 1857) chop etildi. Ammo o'zining ona yurtida ona tilida 1991 yildagina to'liq nashr qilindi.

"Temur tuzuklari" - Temur kodeksi, ya'ni A.Temurning davlatni va uni idora qilish qonun - qoidalarining tamoyillari to'plamidir.

Kitob asosan 2 qismdan iborat.

1-qismda Sohibqiron Temurning 7 yoshidan (1342) to uning so'nggi kunigacha bo'lgan hayoti, siyosiy faoliyati tasvirlanadi. Boshqacha aytganda A.Temurning asta-sekin Movarounnahrda hokimiyatni qo'lga kiritishi va undan keyin mashhur yurishlari asosida To'xtamishxon (1376-1395), Turk sultoni Boyazid Yildirim (1389-1402) kabi jahongir shohlarni mag'lubiyatga uchratgani va juda katta hududda Temuriylar imperiyasiga asos solgani aniq-qisqa hikoya qilinadi.

2-qismda esa, Jahongir Sohibqiron Temur nomidan shaxzodalarga qarata aytilgan vasiyatlar, pand-nasihatlardir. Unda Jahongir o'z vorislariga qarata davlatni idora qilish san'atining nozik sirlari, tamoyillari haqida, Amir vazirlar va beklarni tanlash, ularni joy-joyiga qo'yish, qo'shin boshliqlari, ularning xizmatlarini taqdirlash, sipohiylar va ularning maoshlari kabi masalalar hususida vasiyat qiladi. 

 

Категория: Tarix | Добавил: azizjon_ibragimov (10.06.2016)
Просмотров: 1587 | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar