Главная » Статьи » Avtoolam |
“Chevrolet” (Chevrolet Motor Division) “General Motors” konsernining yengil avtomobillar, pikaplar va jeep (SUV) ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yetakchi bo’limidir. Uning bosh ofisi Detroitning sharqiy Uorren shaharchasida (Michigan shtati) joylashgan. Avtomobilsozlik endi kurtak yoza boshlaganda avtomobillarning yangi modellari o’z yaratuvchilarining ismi bilan nomlanishi urf bo’lgan edi. “Chevrolet” belgisi ham shunday paydo bo’gan edi. Shveytsariyalik Lui Jozef Shevrole (1878-1941) mashhur poygachi va mexanik bo’lgan. Biroq u hech qachon o’z nomi bilan ataluvchi firmaning egasi bo’lmagan. Lui Shevrole Shveytsariyadagi Sho-de-Fond shaharchasidagi kambag’al soatsozning yetti farzandidan biri edi. Lui 10 yoshga to’lganda uning oilasi yaxshiroq turmush tarzini izlab Fransiyaga ko’chib ketadi. U yerda zukko bola o’rta maktabni tugatadi va maktabdan so’ng “Mors” avtomobil firmasiga ishga kiradi. Bu yerda u butun vaqtini avtomobillar bilan o’tkazdi va firmaning poygachisiga aylandi. O’sha paytlarning hech bir poygasi “Mors”siz, xususan, Lui Shevrolesiz o’tmas edi. Avtomobilsozlik va sportda yaxshi malakaga ega bo’lgandan so’ng u akalari Gaston va Artur bilan Kanadaga, 1900-yilda esa Amerika Qo’shma Shtatlariga ketadi. Bu yerda u Fransiya “De Dion Buton” avtozavodining Amerikadagi vakili sifatida ish boshlaydi. Ammo avtomobil biznesidan ko’ra poygalar uning ko’proq vaqtini olar edi. Lui 5 yil davomida ketma-ket mahalliy musobaqalarda qatnashib keldi. 1905-yilda esa u Amerikalik millioner Vanderbildning kubogida qatnashish sharafiga muvaffaq bo’ldi. Ammo unga omad kulib boqmadi – yettinchi aylanishda (doirada) uning “Fiat”i avariyaga uchradi.Shunday bo’lsada, mard va qat’iy poygachi Amerikaning nomdor avto ishlab chiqaruvchilari nazariga tushdi. Ularning orasida o’sha vaqtda bir nechta avtomobil kompaniyalarini “General Motors” belgisi ostida jamlagan Uilyam Dyurant ham bor edi. 1909-yili Dyurant Lui Shevrole va uning akasi Arturni “Byuik”ning vakil poygachilari sifatida ishga taklif qiladi. Biroq ish o’rni bir dona edi, xolos. Shuning uchun og’a-inilar orasida musobaqa uyushtirildi. Avtomobil poygalarida Lui g’alaba qozondi, shundan keyin uning omad yulduzi aql bovar qilmas tezlikda ko’tarila boshladi. 1909-yili birvarakayiga uch g’alabani qo’lga kiritib, Vanderbild kubogida sharafli 11-o’rinni egallaydi. Birinchi jahon urushigacha u Amerikaning eng yaxshi avtopoygachilar guruhiga kirar edi. Tadbirkor U.Dyurant esa mashhur sportchining ismidan foydalanib o’z biznesini qurishga kirishdi. 1911-yilda u Luiga vaqtincha poygalarni to’xtatib o’z avtomobilini ishlab chiqarishga kirishishni taklif etadi va Lui bunga rozi bo`ladi. Yangi avtomobilning loyihasini “General Motors” mutaxassislari ishlab chiqishdi, U.Dyurant loyihaga katta sarmoya kiritdi, Shevrole esa mashinaga o’zining Amerikaliklar orasida mashhur bo’lgan ismini berdi. Aynan shu ism kelajakdagi muvaffaqqiyatga sabab bo’ldi. 1911-yili Detroitda “Chevrolet Motor Cars” kompaniyasining tug’ilishi “General Motors”ning eng yorug’ kunlariga to’g’ri kelmadi. Uning boshqaruvchisi U.Dyurant uzoqni ko’zlamasdan bir nechta zarar ko’rayotgan firmalarni sotib olgani sabab kompaniya bankrot yoqasiga kelib qoldi. Bundan tashqari, u qimmatli qog’ozlar birjasida ham mablag’ yo’qota boshladi va shu sabab bankirlarga murojaat qilishga majbur bo’ldi. Bankirlar “General Motors”ga 15 milliard AQSH dollari miqdorida sarmoya kiritishga rozi bo’lishdi, biroq sarmoya amalga oshirilganidan so’ng U. Dyurant boshqaruvni topshirishi kerak edi. Biroq u boshqaruvni qayta qo’lga olish umidini tark etmagan edi. Ushbu maqsadiga erishish uchun unga o’sha paytning mashhur poygachisi Lui Shevrole qo’l keldi. Yangi firma ochgan va bozorni “Chevrolet” markali arzon va mashhur avtomobillar bilan to’ldirib tashlagan U. Dyurant katta mablag’ jamg’ardi va “General Motors”day ulkan avtomobil kompaniyasini mitti “Chevrolet” bilan birlashtirishga qaror qildi. Vaholangki, u buni uddaladi! U. Dyurant “General Motors”ning nazorat paketini sotib olishga muvaffaq bo’ldi va boshqaruv kengashi raisi bo’ldi. “Chevrolet” firmasi konsernning tarkibiga kirdi va uning avtomobillari avtogigantning asosiy mahsulotiga aylandi. Kimdir “Chevrolet” markali avtomobilni deyarli bir o’zi qilgan desa, kimdir u yangi avtomobilning umumiy konsepsiyasinigina yaratganini aytadi. Bu qanchalik rost yoki yolg’on bo’lsa ham, 1911-yilning 3-oktyabrida ilk “Chevrolet Classic-Six” dunyoga keldi. Bu Amerikaliklar uchun an`anaviy 4 o’rinli, 30 ot kuchiga ega bo’lgan, 6 ta tsilindrli dvigatel bilan jihozlangan avtomobil edi. Biroq uning narxi 2500 dollar bo’lib, uni hamma ham sotib ololmasdi. Shuning uchun u muvaffaqqiyatga erisholmadi. O’sha paytda mashhurlik qozongan “Ford-Т” 5 barobar arzon turar edi. U. Dyurant muvaffaqqiyat kaliti avtomobilning koshonasifatligida emas, balki uning oddiyligi va arzonligida ekanligini angladi. U qimmat modellarni chiqarishdan to’xtab, 4 tsilindrli usti ochiq “Baby” va sport turidagi “Royal Mail” kabi arzon avtomobillarni ishlab chiqarishga kirishdi. 1916-yili ularning asosida firmaga ulkan mashhurlik olib kelgan “Chevrolet-490” yaratildi. Ushbu arzon, biroq mustahkam avtomobillar “Ford” kabi ommalashib ketdi. Ular hajmi 2,8 litrga teng, 4 silindrli dvigatellar bilan jihozlangan edi. Mashinalar shunchalik muvaffaqqiyat qozondiki, ular 1922-yilgacha ishlab chiqarildi va 1927-yilda “Surerior” deb nomlangan va mashhurlikda o’zidan qolishmaydigan yangi turga yo’l berdi. “Chevrolet-490”da eng sodda, 3 bosqichli uzatish qutisi bilan jihozlangan, har ikki qattiq o’qlar ressorga osilgan edi. “Ford” kabi bu avtomobil imkoni boricha soddalashtirilgan edi, biroq bu ulovlar o’sha paytda qimmat, avtomobillarda kam uchraydigan elektr faralar va starter bilan jihozlangan edi. Butun jahon bo’yicha ommalashgan eng arzon va sodda avtomobillarni ishlab chiqarishga ixtisoslashuvni “Chevrolet” firmasi aynan, 490-modelidan boshladi. Chevrolet.uz Saytidan olindi. | |
Просмотров: 1754 | |
Всего комментариев: 0 | |