1903 yilning 10 mayida Toshkent shahrida tug’ilgan. “Shum bola” (1936) avtobiografik qissasida ijodkorning bolaligi, asr boshidagi Toshkent hayoti tiniq tasvirlangan.
“Dinamo” (1931), “Tirik qo’shiqlar” (1932) to’plamlarida shoir ruhidagi betakrorlik, milliy o’ziga xoslik aks etdi. Insonga xos mangu tuyg’ular “Qish va shoirlar” (1929), “Non” (1931), “Toshkent” (1933), “Qutbda saylov” (1937), “Men Yahudiy” (1941), “Qish” (1941), “Xotin” (1942), “Afsuski, afsusni qo’shib ko’mmadi” (1945) singari she’rlarda aks etdi.
“Bog’” (1934), “Sog’inish” (1942), “Kuz keldi” (1945), “Kuzgi ko’chatlar” (1948) singari she’rlarida obod bog’, saxiy bog’bon, umiddagi kelajak gavdalanadi. G’afur G’ulomda yurt, xalq, kelajak oldidagi mas’ullik Ota timsolida aks etgan “Sen yetim emassan” (1942), “Sog’inish” (1942), “Biri biriga shogird, biri biriga ustod” (1950), “Sizga” (1947), “Bahor taronalari” (1948) singari she’rlarida yurt, xalq, kelajak mas’uliyati tasvirlanadi.
“Netay” (1930), “Yodgor” (1936), “Shum bola” (1936-1962) qissalari, “Hiylai shar’iy” (1930), “Mening o’g’rigina bolam” (1965) singari hikoyalarida qahramon xarakterining milliy betakrorligini aks ettirgan. 1943 yilda O’zbekiston Fanlar Akademiyasiga haqiqiy a’zo bo’ldi. Akademik sifatida u adabiyot tarixini, yozuvchilar ijodini (“Navoiy va zamonamiz” (1948), “Folklordan o’rganaylik” (1939), “Jaloliddin” dramasi haqida” (1945), “Muqimiy” (1941)) yoritib berdi.
G’afur G’ulom ijodi O’zbekiston yurtining betakror qiyofasini, o’zbek xalqining o’ta tabiiy xarakterini yuksak badiiylik bilan yoritadi.
Shoir G’afur G’ulom 1966 yilning 10 iyunida vafot etdi, Chig’atoy qabristoniga dafn etildi.
|