Главная » Статьи » Huquq

HUQUQBUZARLIKLAR PROFILAKTIKASI - XAVFSIZLIK SARI QADAM

 

 

O'zbekiston Respublikasining “Huquqbuzarliklarning profilaktikasi to'g'risida”gi Qonuni qabul qilinishi munosabati bilan mazkur Qonun O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi ixtisoslashtirilgan “Adolat” nashriyoti tomonidan o'zbek va rus tillarida hamda lotin imlosida yaxlit kitob holida 5000 nusxada nashr qilindi.

Mazkur qonunning mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholiga, ayniqsa yoshlarga tushuntirish bo'yicha Adliya organlari va muassasalari, jumladan, “Adolat” nashriyoti xodimlari tomonidan ham bir qator targ'ibot tadbirlari olib borilmoqda. O'zbekiston Respublikasining “Huquqbuzarliklarning profilaktikasi to'g'risida”gi Qonuni huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan bo'lib, u mamlakatimizda jinoyatchilikning oldini olishda muhim o'rin tutadi.

Qonunda huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablari, ularga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlash, ularni bartaraf etish yo'llari haqida aniq maqsadlar ko'zda tutilgan. Barchamizga yaxshi ma'lumki, ichki ishlar, prokuratura organlari, Milliy xavfsizlik xizmati, adliya, davlat bojxona xizmati, davlat soliq xizmati, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish organlari, ta'lim muassasalari, davlat sog'liqni saqlash tizimini boshqarish organlari, sog'liqni saqlash muassasalari, O'zbekiston Tabiatni muhofaza qilish davlat qo'mitasi huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi organlar va muassasalar hisoblanadi. Biroq, qonun targ'ibotidan ko'zlanayotgan maqsad — uning aholi, ayniqsa, yoshlar hayotiga keng kirib borishiga erishishdir! Sababi, aynan aholining yosh avlod vakillari hayotida huquqbuzarliklar sodir etilishi ko'p uchraydi. Yoshlar hayoti huquqbuzarliklar sodir etilishi debochasi hisoblanadi. Shu boisdan ham, yoshlarga qonun mohiyati keng tushuntirilmoqda. Ushbu qonun mahallalar, nodavlat tijorat tashkilotlari, fuqarolarning ham profilakti k tadbirlarda ishtirok etishiga yo'l beradi. Qonunda birinchi navbatda huquqbuzarliklar sodir etishga moyil bo'lgan shaxslarni aniqlash muhim ekanligiga alohida urg'u berilgan. Avvalo, ularga tarbiyaviy ta'sir ko'rsatish yo'lidan borish samarali ekanligi ham inobatga olingan.

Qonun aynan huquqbuzarliklarning yakka tartibdagi profilaktikasiga e'tibor qaratadi. Bu huquqbuzarlik sodir etgan shaxs bilan yakka tartibda shug'ullanishni talab etadi. Ya'ni, qonunda shunday shaxs bilan profilaktika suhbati olib borish, uni rasmiy ogohlantirish, profilaktik hisobga olish, majburiy davolanishga yuborish, majburiy nazorat qilish va shu kabi boshqa yo'nalishlar belgilangan.

Qonunga asosan, o'ziga nisbatan huquqbuzarliklarning yakka tartibdagi profilaktikasi chora-tadbirlari qo'llanilayotgan shaxslar o'ziga nisbatan qo'llanilayotgan choralarning huquqiy oqibatlarini bilishga, o'ziga nisbatan to'plangan hujjatlar, boshqa materiallar bilan tanishishga haqli. Shuningdek, uning iltimos qilishga, yuridik yordam olishga, huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchining qarorlari, mansabdor shaxslarning o'ziga nisbatan ko'rgan choralari ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishga haqli ekanligi ham belgilangan.

“Huquqbuzarliklar profilaktikasi to'g'risida”gi Qonunning qabul qilinishi mamlakatimizda qonunchilik sohasida olib borilayotgan islohotlarning uzviy davomidir. Uning alohida ahamiyati shundaki, nafaqat, uning ijrosiga mas'ul idora xodimi, balki, huquqlarini yaxshi bilgan har bir inson ham yon-atrofdagi jinoyat ko'chasiga kirib qolayotgan zamondoshiga, yaqini yoki mahalladoshiga bu yo'lning boshi berk ko'cha ekanligini tushuntirishga intiladi va uni nojoiz yo'ldan qaytarishni Vatan oldidagi burchi deb biladi. “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to'g'risida”gi Qonun aynan shu maqsadni ko'zlaydi!

Shu sababdan ham, mazkur Qonun har bir oilaning kutubxonasida bo'lishi zarur, deb o'ylaymiz.

Gulbahor ORTIQXO'JAYEVA,

O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi

huzuridagi ixtisoslashtirilgan

«Adolat» nashriyoti muharriri

 

 

 

 

 

 

Категория: Huquq | Добавил: azizjon_ibragimov (28.08.2016)
Просмотров: 3441 | Рейтинг: 1.5/2
Всего комментариев: 0
avatar