Главная » Статьи » Iqtisod va Moliya |
Soliq Kodeksiga muvofiq soliq solinadigan daromadga ega bo’lgan jismoniy shaxslar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’i to’lovchilardir. Jismoniy shaxslarning–O’zbekiston Respublikasi norezidentlarining daromadlariga soliq Kodeksining 169–181, 183–196-moddalariga muvofiq soliq solinadi, bundan O’zbekiston Respublikasidagi ushb Kodeksning 182-moddasiga muvofiq soliq solinadigan doimiy muassasa bilan bog’liq bo’lmagan manbalardan olingan O’zbekiston Respublikasi norezidentlarining daromadlari mustasno. Jismoniy shaxslarning quyidagi daromadlari soliq solish obyektidir: O’zbekiston Respublikasi rezidentlarining O’zbekiston Respublikasidagi va undan tashqaridagi manbalardan olingan daromadlari; O’zbekiston Respublikasi norezidentlarining O’zbekiston Respublikasidagi manbalardan olingan daromadlari. Yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyatidan olingan, soliq Kodeksining 58-bobiga muvofiq qat’iy belgilangan soliq solinadigan daromadlar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’ining soliq solish obyekti bo’lmaydi. Soliq solinadigan baza jami daromaddan kelib chiqib, soliq Kodeksining 179 va 180-moddalariga muvofiq soliq solishdan ozod qilingan daromadlar chegirilgan holda aniqlanadi. Agar soliq to’lovchining daromadidan uning ixtiyoriga ko’ra, sud yoki boshqa organlarning qaroriga binoan biron bir ushlab qolishlar amalga oshirilsa, bunday ushlab qolishlar soliq solinadigan bazani kamaytirmaydi. Jismoniy shaxsning chet el valyutasida ifodalangan daromadlari daromadlar amalda olingan sanada O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan kurs bo’yicha milliy valyutada qayta hisoblab chiqiladi. Jismoniy shaxslarning jami daromadiga quyidagilar kiradi: 1) mehnatga haq to’lash tarzidagi daromadlar; 2) mulkiy daromadlar; 3) moddiy naf tarzidagi daromadlar; 4) boshqa daromadlar. Yuridik shaxslar amalga oshiradigan quyidagi xarajatlar jismoniy shaxslarning daromadi sifatida qaralmaydi: 1) xodimlarni qonun hujjatlarida belgilangan normalarga muvofiq sut hamda boshqa davolash-profilaktika oziq-ovqati, shaxsiy himoya va gigiena vositalari bilan ta’minlash bo’yicha xarajatlar; 2) kasaba uyushmasi qo’mitasi tomonidan amalga oshiriladigan to’lovlar, shu jumladan a’zolik badallari hisobidan kasaba uyushmasi a’zolariga beriladigan moddiy yordam, bundan kasaba uyushmasi qo’mitasining xodimlariga mehnat vazifalarini bajarganlik uchun beriladigan pul mukofotlari va boshqa to’lovlar mustasno; 3) xodimlarni ish joyiga olib kelish va qaytarib olib ketish bilan bog’liq xizmat transportini saqlash xarajatlari; 4) diniy rasm-rusumlar va marosimlarni, bayram tantanalarini o’tkazish, vakillik xarajatlari, shuningdek yuridik shaxsning xodimlarning mehnat va dam olish sharoitlarini ta’minlash bilan bog’liq hamda muayyan jismoniy shaxslarning daromadi hisoblanmaydigan boshqa xarajatlar; 5) xodimga ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish uchun zarur bo’lgan maxsus kiyim-bosh, maxsus poyabzal, formali kiyim-bosh berish bo’yicha xarajatlar; 6) xodim boshqa joyga ishga o’tkazilganda yoxud ko’chib borganda ko’chish, mol-mulkini ko’chirib borish, joy ijarasi (yo’l xarajatlari uchun beriladigan pul) bilan bog’liq xarajatlarni to’lash yoki bu xarajatlarning o’rnini qoplash xarajatlari; 7) xizmat safarlaridagi quyidagi kompensatsiya to’lovlari: tasdiqlovchi hujjatlar asosida xizmat safari joyiga borish va u yerdan qaytib kelish uchun, shu jumladan joy band qilish uchun haq to’lashni qo’shgan holda haqiqatda amalga oshirilgan to’lovlar. Yo’l hujjatlari bo’lmagan taqdirda, temir yo’l transportidagi (agar temir yo’l qatnovi bo’lmasa, shaharlararo avtobusdagi) yo’l haqi qiymati miqdorida, biroq aviachipta qiymatining 30 foizidan oshmaydigan miqdorda; uy-joyni ijaraga olish bo’yicha haqiqatda amalga oshirilgan to’lovlar. Yashaganligini tasdiqlovchi hujjatlar bo’lmagan taqdirda – qonun hujjatlarida belgilangan normalar doirasida; tasdiqlovchi hujjatlar asosida uy-joyni band qilish uchun to’lovlar; qonun hujjatlarida belgilangan normalar doirasida xizmat safarida bo’lingan vaqt uchun to’lanadigan kundalik harajatlar uchun haq (sutkalik pullar); qonun hujjatlarida belgilangan va hujjatlar bilan tasdiqlangan boshqa to’lovlar; 8) qonun hujjatlarida nazarda tutilgan normalar doirasida xodimga to’lanadigan kompensatsiya to’lovlari (kompensatsiyalar): doimiy ishi yo’lda kechadigan yoki harakatlanish va (yoki) qatnov tusiga ega bo’lgan xodimga kompensatsiya to’lovlari (kompensatsiyalar); xizmat ishlari uchun shaxsiy avtomobildan foydalanganlik uchun kompensatsiya to’lovlari (kompensatsiyalar), bundan xizmat safarlari mustasno; dala ta’minoti; amaldagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa kompensatsiya to’lovlari (kompensatsiyalar); 9) mehnatda mayib bo’lganlik yoki sog’liqqa boshqacha shikast yetganlik bilan bog’liq zararning o’rnini qoplash bo’yicha quyidagi miqdordagi to’lovlar: jabrlanuvchi mehnatda mayib bo’lguniga qadar olgan o’rtacha oylik ish haqiga nisbatan foiz hisobidagi, uning kasbga oid mehnat qobiliyatini yo’qotganlik darajasiga muvofiq belgilanadigan har oylik to’lovlar (voyaga yetmagan shaxs mehnatda mayib bo’lib qolgan taqdirda, zararning o’rni uning ish haqi (daromadi) miqdoridan kelib chiqqan holda, lekin qonun hujjatlarida belgilangan eng kam ish haqining besh baravaridan kam bo’lmagan miqdorda qoplanadi); maxsus tibbiy parvarishga muhtoj jabrlanuvchilarga qo’shimcha xarajatlar uchun oyiga eng kam ish haqining ikki baravari miqdoridagi to’lovlar; jabrlanuvchining maishiy parvarishi uchun qo’shimcha xarajatlar tariqasida har oyda eng kam ish haqining ellik foizi miqdoridagi to’lovlar; xodimning sog’lig’iga shikast yetkazilganligi munosabati bilan ish beruvchi tomonidan bir yo’la to’lanadigan nafaqa tariqasida jabrlanuvchining yillik o’rtacha ish haqi miqdoridagi to’lovlar; 10) boquvchisi vafot etganligi munosabati bilan quyidagi miqdordagi to’lovlar: marhumning o’rtacha ish haqining vafot etgan boquvchining qaramog’ida bo’lgan va uning vafoti munosabati bilan zararni undirishga haqli bo’lgan mehnatga qobiliyatsiz shaxslarga to’g’ri keladigan ulushi miqdoridagi to’lovlar; boquvchisi vafot etganligi munosabati bilan zararni undirishga haqli bo’lgan shaxslarga bir yo’la to’lanadigan nafaqa tariqasida marhumning o’rtacha yillik ish haqining olti baravari miqdoridagi to’lovlar; 11) talabalarning ta’lim olishi uchun, agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo’lsa, O’zbekiston Respublikasining oliy o’quv yurti bilan to’g’ridan-to’g’ri shartnomalar bo’yicha pulli-kontrakt asosida o’tkaziladigan to’lovlar; 12) O’zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hisobvarag’iga muqobil xizmat shartnomasi bo’yicha o’tkaziladigan mablag’lar; 13) mol-mulkni sug’urtalash va (yoki) hayotni uzoq muddatli sug’urtalash bo’yicha sug’urta mukofotlari. Mol-mulkni sug’urtalash va (yoki) hayotni uzoq muddatli sug’urtalash shartnomasi muddatidan ilgari bekor qilinganda va sug’urtalovchi sug’urta qilinuvchiga sug’urta mukofotining bir qismini yoki to’liq qaytarsa, qaytarilgan sug’urta mukofoti miqdori jismoniy shaxsning soliq solinadigan jami daromadi tarkibiga kiritiladi; 14) yosh oilalar a’zolarining uy-joy olish uchun yuridik shaxsdan – ish beruvchidan olgan mablag’lari. Uy-joy olingan (mulk huquqi davlat ro’yxatidan o’tkazilgan) sanadan e’tiboran besh yil ichida sotilsa, ushbu bandda ko’rsatilgan daromadlarga belgilangan tartibda soliq solinadi. Mehnat shartnomalariga yoki ishlar bajarish va xizmatlar ko’rsatish predmeti bo’lgan fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomalarga muvofiq jismoniy shaxslarga hisoblanadigan va to’lanadigan barcha to’lovlar mehnatga haq to’lash tarzidagi daromadlar deb e’tirof etiladi. Mehnatga haq to’lash tarzidagi daromadlarga quyidagilar ham kiradi: rag’batlantirish xususiyatiga ega bo’lgan to’lovlar; kompensatsiya to’lovlari (kompensatsiya); ishlanmagan vaqt uchun haq to’lash. Rag’batlantirish xususiyatiga ega to’lovlar jumlasiga quyidagilar kiradi: 1) yillik ish yakunlari bo’yicha mukofot, bir yo’la beriladigan mukofotlar; 2) yuridik shaxsning mukofotlash to’g’risidagi qoidasida nazarda tutilgan rag’batlantirish xususiyatiga ega to’lovlar; 3) kasb mahorati, murabbiylik uchun tarif stavkalariga va maoshlarga ustamalar; 4) ta’tilga har yilgi qo’shimcha haqlar; 5) ko’p yil ishlaganlik uchun pul mukofoti va to’lovlar; 6) ratsionalizatorlik taklifi uchun to’lov. Mehnatga haq to’lash tarzida daromadga kiritiladigan kompensatsiya to’lovlari (kompensatsiyalar) jumlasiga quyidagilar kiradi: 1) tabiiy-iqlim sharoitlari noqulay bo’lgan joylardagi ishlar bilan bog’liq qo’shimcha to’lovlar; 2) O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan kasblar va ishlar ro’yxati bo’yicha og’ir, zararli, o’ta zararli mehnat sharoitlarida ishlaganlik uchun ustamalar; 3) texnologik jarayon jadvalida nazarda tutilgan tungi vaqtda, ish vaqtidan tashqari, dam olish kunlarida va bayram (ishlanmaydigan) kunlarida ishlaganlik uchun tarif stavkalariga hamda maoshlarga ustamalar va qo’shimcha to’lovlar; 4) ko’p smenali rejimda ishlaganlik, shuningdek bir necha kasbda, lavozimda ishlaganlik va xizmat ko’rsatish doirasini kengaytirganlik uchun ustamalar; 5) doimiy ishi yo’lda kechadigan, harakatlanish va (yoki) ko’chib yurish xususiyatiga ega bo’lgan xodimlarning, shuningdek qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda ishlar vaxta usulida bajarilgan taqdirda, ish haqiga ustamalar; 6) yuridik shaxs joylashgan yerdan (yig’ilish punktidan) ishlash joyigacha va orqaga qaytish uchun vaxtada ishlash jadvalida nazarda tutilgan ishlar vaxta usulida bajarilgan taqdirda yo’lga ketadigan kunlar, shuningdek xodimlar meteorologik sharoitlar sababli va transport tashkilotlarining aybi bilan yo’lda ushlanib qolgan kunlar uchun tarif stavkasi, maosh miqdorida to’lanadigan summalar; 7) yer osti ishlarida doimiy band bo’lgan xodimlarga ularning stvoldan ishlash joyiga borish va u yerdan qaytish uchun shaxtada (konda) harakatlanishining me’yoriy vaqti uchun to’lanadigan qo’shimcha haqlar; 8) qonun hujjatlarida belgilangan normalardan ortiqcha dala ta’minoti; 9) xizmat safarlari vaqtidagi qonun hujjatlarida belgilangan normalardan ortiqcha kundalik harajatlar uchun haq (sutkalik pullar); 10) ishlar vaxta usulida tashkil qilinganda, ish vaqti umumlashtirilgan holda hisobga olinayotganda va qonun hujjatlarida belgilangan boshqa hollarda xodimlarga ish vaqtining belgilangan davomiyligidan ortiq ishlaganliklari munosabati bilan beriladigan dam olish kunlari (otgullar) uchun to’lovlar; 11) xizmat ishlari uchun xodimning shaxsiy avtomobilidan yoki xizmat maqsadlari uchun uning boshqa mol-mulkidan qonun hujjatlarida belgilangan normalardan ortiqcha foydalanganlik uchun to’lovlar; 12) mehnatda mayib bo’lganlik yoki sog’liqqa boshqacha shikast yetganlik bilan bog’liq zararning o’rnini qoplash uchun soliq Kodeksi 171-moddasi ikkinchi qismining 9-bandida ko’rsatilgan miqdorlardan ortiqcha olingan summalar. Ishlanmagan vaqt uchun haq to’lashga quyidagilar kiradi: 1) qonun hujjatlariga muvofiq navbatdagi (har yillik) va qo’shimcha ta’tillarga haq to’lash, foydalanilmagan navbatdagi (har yillik) va qo’shimcha ta’tillar uchun kompensatsiya, o’smirlarning imtiyozli soatlariga, onalar bolani ovqatlantirishi uchun ishda beriladigan tanaffuslarga, shuningdek tibbiy ko’rikdan o’tish bilan bog’liq vaqt uchun haq to’lash; 2) asosiy ish haqi qisman saqlanib qolgan holda majburiy ta’tilda bo’lgan xodimlarga beriladigan to’lovlar; 3) donor xodimlarga ko’rikdan o’tish, qon topshirish va qon topshirilgan har bir kundan keyin beriladigan dam olish kunlari uchun haq to’lash; 4) O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga muvofiq davlat yoki jamoat vazifalarini bajarganlik uchun mehnatga haq to’lash; 5) qishloq xo’jaligi va boshqa ishlarga jalb qilinadigan xodimlarning asosiy ish joyi bo’yicha saqlab qolinadigan ish haqi; 6) boshqa yuridik shaxslardan avvalgi ish joyida lavozim bo’yicha maoshi miqdorlari ma’lum bir muddat davomida saqlab qolingan holda ishga olingan, shuningdek vaqtinchalik vazifani bajarib turganda xodimlarga maoshdagi farqni to’lash; 7) yuridik shaxslarning xodimlariga kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimida ishdan ajralgan holda o’qishlari vaqtida asosiy ish joyi bo’yicha ularga to’lanadigan ish haqi; 8) xodimning aybisiz bekor turib qolingan vaqt uchun haq to’lash; 9) mehnat layoqatini vaqtincha yo’qotgan xodimlarga qo’shimcha haq to’lash; 10) qonun hujjatlariga muvofiq yoki yuridik shaxsning qarori bilan majburiy progul vaqti yoki kam haq to’lanadigan ishni bajarganlik uchun haq to’lash; 11) o’n ikki yoshga to’lmagan ikki va undan ortiq bolasi yoki o’n olti yoshga to’lmagan nogiron bolasi bor ayollarga qonun hujjatlariga muvofiq qo’shimcha ta’til haqini to’lash; 12) yuridik shaxslarning asosiy ishidan ozod qilingan va ozod qilinmagan holda xodimlar tayyorlash, ularni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish uchun hamda o’quvchilar va talabalarning ishlab chiqarish amaliyotiga rahbarlik qilish uchun jalb qilinadigan yuqori malakali xodimlari mehnatiga haq to’lash; 13) yuridik shaxsning boshqaruv organi (kuzatuv kengashi yoki boshqa shunga o’xshash organi) a’zolariga yuridik shaxsning o’zi amalga oshiradigan to’lovlar; 14) moddiy yordam to’lovi; 15) yuridik shaxsning mablag’lari hisobidan to’lanadigan pensiyalar va nafaqalarga qo’shimchalar, stipendiyalar; 16) oliy o’quv yurtini tamomlaganidan keyin yosh mutaxassislarga ta’til vaqti uchun yuridik shaxs hisobidan to’lanadigan nafaqalar; 17) xodimga muhim sana, uzoq yillik xizmati, jamoatchilik faoliyatidagi yutuqlari munosabati bilan to’lanadigan rag’batlantirish tarzidagi to’lov Jismoniy shaxslarning mulkiy daromadlari tarkibiga quyidagilar kiradi: 1) foizlar; 2) dividendlar; 3) mol-mulkni ijaraga berishdan olingan daromadlar; 4) jismoniy shaxslarga xususiy mulk huquqi asosida tegishli bo’lgan mol-mulkni realizatsiya qilishdan olingan daromadlar; 5) sanoat mulki obyektlariga berilgan patent (litsenziya) sotilgan taqdirda, patent (litsenziya) egasi bo’lgan jismoniy shaxs sotishdan olgan daromad; 6) royalti; 7) qimmatli qog’ozlarni realizatsiya qilishdan tushgan daromadlar va yuridik shaxslarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi) ulushini (payini) realizatsiya qilishdan olingan daromadlar; 8) soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar to’laganidan keyin xususiy korxona mulkdori hamda fermer xo’jaligi boshlig’i, xususiy amaliyot bilan shug’ullanuvchi notarius ixtiyorida qoladigan foyda summasi. Soliq to’lovchi tomonidan moddiy naf tarzida olinadigan daromadlar quyidagilardir: 1) yuridik shaxs tomonidan jismoniy shaxs manfaatlarini ko’zlab, tovarlar (ishlar, xizmatlar) haqini, mulkiy huquqlarni to’lash, shu jumladan: jismoniy shaxslarning bolalarini maktabgacha ta’lim muassasalarida o’qitish, tarbiyalash; kommunal xizmatlar, xodimlarga berilgan uy-joy haqini, uy-joydan foydalanish xarajatlari yotoqxonadagi joylar haqini yoki ularning o’rnini qoplash qiymatini to’lash; oziq-ovqat, oylik yo’l chiptalari yoki ularning o’rnini qoplash qiymatini to’lash; sanatoriy-kurortlarda davolanish yo’llanmalari qiymatini, dam olish, statsionar va ambulatoriyaga qatnab davolanish haqini yoki ularning o’rnini qoplash qiymatini to’lash; yuridik shaxsning jismoniy shaxs daromadi bo’lgan boshqa xarajatlari; 2) sovg’alar, tekin berilgan, shu jumladan hadya qilish shartnomasi asosida berilgan tovarlar, soliq to’lovchining manfaatlarini ko’zlab, bajarilgan ishlar va ko’rsatilgan xizmatlar qiymati; 3) tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) xodimlarga realizatsiya qilinadigan narxi va shu tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlariga muvofiq hisoblab chiqarilgan qiymati o’rtasidagi salbiy tafovut; 4) qonun hujjatlariga muvofiq xodimlarga temir yo’l, aviatsiya, daryo, avtomobilь transporti va shahar elektr transportida yurish bo’yicha beriladigan imtiyozlar summasi; 5) jismoniy shaxsning yuridik shaxs oldidagi qarzining yuridik shaxs qarori bilan hisobdan chiqarilgan summalari; 6) ish beruvchi tomonidan to’lovlar hisobiga to’lanib, xodimdan ushlab qolinishi lozim bo’lgan, lekin ushlab qolinmagan summalar. Soliq to’lovchi yuridik shaxsdan tovarlar (ishlar, xizmatlar) olgan taqdirda, ushbu tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) qiymati ularni olish narxidan yoki tannarxidan kelib chiqqan holda belgilanadi. Jismoniy shaxs yuridik shaxsdan Aksiz to’lanadigan tovarlar yoki qo’shilgan qiymat solig’i solinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) olsa, bunday tovarlar (ishlar, xizmatlar) qiymatida Aksiz solig’ining va qo’shilgan qiymat solig’ining tegishli summasi hisobga olinadi. Jismoniy shaxslarning boshqa daromadlari jumlasiga quyidagilar kiradi: 1) davlat ijtimoiy sug’urtasi bo’yicha nafaqalar, ishsizlik nafaqalari, ijtimoiy nafaqalar va pensiyalar; 2) stipendiyalar; 3) jismoniy shaxslarga xayriya va ekologiya jamg’armalarining mablag’laridan ko’rsatiladigan moddiy yordam; 4) donorlik uchun pul mukofotlari; 5) alimentlar; 6) hayvonlarni (qoramol, parranda, mo’ynali va boshqa hayvonlarni, baliq va boshqalarni) tirik holda hamda ularni so’yib, mahsulotlarini xom yoki qayta ishlangan holda, ipak qurti, chorvachilik, asalarichilik va dehqonchilik mahsulotlarini tabiiy va qayta ishlangan holda sotishdan olingan daromadlar; 7) jismoniy shaxslardan tekin (shu jumladan hadya shartnomalari bo’yicha) olingan mol-mulk yoki mulkiy huquqlar qiymati; 8) musobaqalarda, ko’riklarda, tanlovlarda sovrinli o’rinlar uchun beriladigan sovrinlar, pul mukofotlari; 9) yutuqlar; 10) grantlar, shu jumladan chet davlatlar grantlari bo’yicha olingan summalar; 11) jamg’arib boriladigan majburiy pensiya badallari, ular bo’yicha olingan foiz tarzidagi va boshqa daromadlar, jamg’arib boriladigan pensiya to’lovlari; 12) yaratilgan fan, adabiyot va san’at asarlari (predmetlari) uchun jismoniy shaxslar tomonidan olingan daromadlar; 13) O’zbekiston Respublikasining davlat mukofotlari va davlat pul mukofotlariga sazovor bo’lgan jismoniy shaxslar olgan bir yo’la beriladigan davlat pul mukofoti yoki shunga teng bahodagi esdalik sovg’alarining qiymati; 14) xalqaro sport musobaqalarida sovrinli o’rinlarni egallaganligi uchun sportchilar olgan bir yo’la beriladigan pul mukofoti; 15) xodim bilan mehnat shartnomasi alohida asos bo’yicha tugatilgan taqdirda, mehnat to’g’risidagi qonun hujjatlariga muvofiq moddiy yordam sifatida beriladigan ishdan bo’shatish nafaqasi va boshqa to’lovlar. Jismoniy shaxslarning quyidagi daromadlariga soliq solinmaydi: 1) moddiy yordam summalari: tabiiy ofat, boshqa favqulodda holatlar munosabati bilan beriladigan moddiy yordam summalari – to’laligicha; vafot etgan xodimning oila a’zolariga yoki oila a’zosi vafot etganligi munosabati bilan xodimga beriladigan moddiy yordam summalari – eng kam ish haqining yigirma baravarigacha miqdorda; boshqa hollarda – eng kam ish haqining o’n ikki baravarigacha miqdorda; 2) yo’llanmalar qiymatini yuridik shaxslar tomonidan to’liq yoki qisman qoplash summalari, turistik yo’llanmalar bundan mustasno: O’zbekiston Respublikasi hududida joylashgan sanatoriy-kurort va sog’lomlashtirish muassasalariga yo’llanmalar qiymatini nogironlarga, shu jumladan mazkur korxonada ishlamaydigan nogironlarga to’liq yoki qisman qoplash summalari; O’zbekiston Respublikasi hududida joylashgan bolalar oromgohlari va boshqa sog’lomlashtirish oromgohlari, shuningdek ota-onalarning bolalari bilan dam olishiga maxsus mo’ljallangan sanatoriy-kurort va sog’lomlashtirish muassasalariga o’z xodimlarining o’n olti yoshga to’lmagan (o’n sakkiz yoshgacha bo’lgan o’quvchilar) bolalari uchun yo’llanmalar qiymatini to’liq yoki qisman qoplash summalari; 3) o’z xodimlariga va ularning bolalariga ambulatoriya va (yoki) statsionar tibbiy xizmat ko’rsatilganligi uchun ish beruvchi tomonidan to’langan summalar, shuningdek yuridik shaxsning davolash va tibbiy xizmat ko’rsatganlik, nogironlik profilaktikasi va nogironlarning salomatligini tiklashga doir texnik vositalarni olish uchun qilingan xarajatlari. Xodimlarni davolaganlik, ularga tibbiy xizmat ko’rsatganlik uchun yuridik shaxslar tomonidan sog’liqni saqlash muassasalariga naqd pulsiz haq to’langan taqdirda, shuningdek sog’liqni saqlash tashkilotlari tomonidan yozib berilgan hujjatlar asosida ushbu maqsadlar uchun mo’ljallangan naqd pul mablag’lari bevosita xodimga, xodim yo’qligida, uning oila a’zolariga, ota-onalariga berilgan yoki mazkur maqsadlar uchun mo’ljallangan mablag’lar xodimning bankdagi hisobvarag’iga kiritilgan taqdirda, ushbu daromadlar soliq solishdan ozod qilinadi; 4) O’zbekiston Respublikasi fuqarolarining O’zbekiston Respublikasidan tashqariga ishlash uchun yuborilishi munosabati bilan byudjet tashkilotlaridan chet el valyutasida olingan ish haqi summalari va boshqa summalar, qonun hujjatlarida belgilangan summalar doirasida; 5) vaqtinchalik bir martalik ishlarni bajarishdan olingan daromadlar, agar bunday ishlarga yollash vaqtinchalik bir martalik ish bilan ta’minlash markazlari ko’magida amalga oshirilayotgan bo’lsa; 6) soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarni to’laganidan keyin xususiy korxona mulkdori, fermer xo’jaligi boshlig’i ixtiyorida qoladigan foyda summasi; 7) O’zbekiston Respublikasining davlat mukofotlariga va davlat pul mukofotlariga sazovor bo’lgan jismoniy shaxslar olgan bir yo’la beriladigan davlat pul mukofoti yoki shunga teng bahodagi esdalik sovg’alarining qiymati; 8) xalqaro sport musobaqalarida sovrinli o’rinlarni egallaganligi uchun sportchilar olgan bir yo’la beriladigan pul mukofoti; 9) sanoat mulki obyektlariga va selektsiya yutug’i patentiga patent (litsenziya) egasi bo’lgan jismoniy shaxsning patentni (litsenziyani) ularning amal qilish muddati doirasida, lekin foydalanish boshlangan kundan e’tiboran quyida ko’rsatilgan davrdan ko’p bo’lmagan muddatda sotishdan olgan daromadi summasi: ixtirolar va selektsiya yutug’idan – besh yil davomida; sanoat namunasidan – uch yil davomida; foydali modeldan – ikki yil davomida; 10) donorlik uchun pul mukofotlari, shuningdek qon yiqqanlik uchun tibbiyot muassasalari xodimlari oladigan summalar; 11) jismoniy shaxslarga xususiy mulk huquqi asosida tegishli bo’lgan mol-mulkni sotishdan olinadigan daromadlar, amalga oshiriladigan tadbirkorlik faoliyati doirasida olingan mol-mulkni sotishdan tushadigan daromadlar bundan mustasno; 12) uy xo’jaligida, shu jumladan dehqon xo’jaligida yetishtirilgan hayvonlarni (qoramol, parranda, mo’ynali va boshqa hayvonlar, baliq va boshqalarni) tirik holda hamda ularni so’yib, mahsulotlarini xom yoki qayta ishlangan holda, sanoatda qayta ishlashdan tashqari, tabiiy va qayta ishlangan chorvachilik, asalarichilik va dehqonchilik mahsulotlarini sotishdan olinadigan daromadlar, bundan manzarali bog’dorchilik (gulchilik) mahsulotlari mustasno. Mazkur daromadlar soliq to’lovchi tegishli mahalliy davlat hokimiyati organi, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organi, bog’dorchilik, uzumchilik yoki polizchilik shirkatlarining boshqaruvlari tomonidan berilgan, realizatsiya qilingan mahsulot soliq to’lovchi tomonidan unga yoki uning oila a’zolariga ajratilgan yer uchastkasida yetishtirilganligini tasdiqlovchi belgilangan shakldagi hujjatni taqdim etgan taqdirda, soliq solishdan ozod qilinadi; 13) xalqaro hamda respublika tanlovlari va musobaqalarida olingan buyum tarzidagi sovrinlarning qiymati; 14) yuridik shaxslardan olingan, soliq davrining oxiridagi holatga ko’ra belgilangan eng kam ish haqi miqdoridan kelib chiqqan holda hisoblab chiqarilgan, bir yil mobaynidagi eng kam ish haqining olti baravari miqdorigacha bo’lgan summadagi sovg’alarning qiymati; 15) jismoniy shaxslardan meros yoki hadya tartibida, shuningdek tekin olingan pul va natura shaklidagi daromadlar, bundan fan, adabiyot va san’at asarlarining, adabiyot va san’at asarlari ijrochilarining, shuningdek kashfiyotlar, ixtirolar va sanoat namunalari mualliflarining merosxo’rlariga (huquqiy vorislariga) to’lanadigan pul mukofotlari mustasno; 16) davlat zayomining obligatsiyalari bo’yicha yutuqlar, shuningdek O’zbekiston Respublikasining davlat qimmatli qog’ozlari bo’yicha foizlar, lotereya bo’yicha yutuqlar; 17) depozit sertifikatlar bo’yicha daromadlar, tijorat banklaridagi omonatlar va davlat xazina majburiyatlari bo’yicha foizlar hamda yutuqlar; 18) xalqaro hamda chet el tashkilotlari va fondlaridan, shuningdek ilmiy-texnika hamkorligi sohasidagi O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari doirasida bevosita jismoniy shaxs grant beruvchidan yoki O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan vakil qilingan fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish bo’yicha organning xulosasi bo’lgan taqdirda, yuridik shaxsdan – grant oluvchidan olgan grant summasi; 19) fuqarolarning ish haqi va soliq solinadigan boshqa daromadlarining davlat korxonalari mol-mulkini sotib olish, xususiylashtirilayotgan korxonalar aktsiyalarini olish uchun yo’naltiriladigan summalari, shuningdek dividendlar tarzida olingan va dividend to’lagan yuridik shaxsning ustav fondiga (ustav kapitaliga) yo’naltirilgan qo’shimcha aktsiyalarning qiymati yoki o’tgan yillardagi taqsimlanmagan foyda ustav fondini (ustav kapitalini) ko’paytirishga yo’naltirilganda aktsiyalar nominal qiymatining ko’payishi tarzida olingan daromadlar. Ushbu bandda nazarda tutilgan imtiyoz qo’llanilganidan so’ng bir yil ichida muassislar (ishtirokchilar) tarkibidan chiqilganda (chiqib ketilganda), mazkur mol-mulk sotilganda yoxud tugatilayotgan yuridik shaxsning mol-mulki uning muassislari (ishtirokchilari) o’rtasida taqsimlanganda ilgari soliq solishdan ozod qilingan daromadlarga umumiy asoslarda soliq solinishi kerak; 20) mehnat shartnomasi bekor qilinganida eng kam ish haqining o’n ikki baravari miqdori doirasida to’lanadigan ishdan bo’shatish nafaqasi, davlat ijtimoiy sug’urtasi va davlat ijtimoiy ta’minoti bo’yicha nafaqalar, ishsizlik nafaqalari, homiladorlik va tug’ish nafaqalari, bundan vaqtinchalik mehnatga qobiliyatsizlik nafaqalari (shu jumladan oilaning bemor a’zosini parvarishlash nafaqalari) mustasno, shuningdek xayriya va ekologiya jamg’armalari mablag’laridan jismoniy shaxslarga beriladigan nafaqalar hamda boshqa yordam turlari; 21) olingan alimentlar; 22) O’zbekiston Respublikasi fuqarolarining sug’urta bo’yicha oladigan summalari; 23) ta’lim muassasalarida o’qiyotganlarga to’lanadigan, ularga qonun hujjatlarida davlat stipendiyalari uchun belgilangan miqdorlarda shu muassasalar tomonidan tayinlanadigan stipendiyalar; 24) uy-joy-kommunal xizmatlariga haq to’lash bo’yicha qonun hujjatlariga muvofiq har oylik kompensatsiya pul to’lovlari; 25) davlat pensiyalari; 26) davlat pensiyalariga ustamalar: a) I guruh urush nogironlariga – eng kam oylik ish haqining bir yuz ellik foizi; b) II guruh urush nogironlariga – eng kam oylik ish haqining bir yuz yigirma besh foizi; v) III guruh urush nogironlariga – eng kam oylik ish haqining yetmish besh foizi; g) ko’zi ojizlik bo’yicha I guruh nogironlariga – eng kam oylik ish hakining yuz foizi; d) boshqa kasalliklar bo’yicha I guruh nogironlariga – eng kam oylik ish haqining yetmish besh foizi; e) II guruh yolg’iz nogironlarga – eng kam oylik ish haqining ellik foizi; j) urush qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan shaxslarga – eng kam oylik ish haqining ellik foizi; z) 1941–1945 yillardagi urush davrida mamlakat ichkarisida ishlagan va harbiy majburiyatlarni bajargan shaxslarga – eng kam oylik ish haqining o’ttiz foizi; i) vafoti harbiy xizmat burchlarini bajarish bilan bog’liq harbiy xizmatchilarning ota-onalari va xotinlariga (yangi nikohdan o’tmaganlarga) – eng kam oylik ish haqining o’ttiz foizi; k) O’zbekiston Respublikasi oldida alohida xizmatlari bo’lgan shaxslarga – xizmatlariga qarab, eng kam oylik ish haqining yuz foizdan bir yuz ellik foizigacha; l) yoshidan qat’i nazar, imtiyozli pensiyaga chiqish huquqiga ega bo’lgan artistlarga – eng kam oylik ish haqining yetmish besh foizi; m) teatr-kontsert tashkilotlari artistlariga va badiiy xodimlariga, o’quv muassasalarining teatr hamda musiqa san’ati ijodiy xodimlarini tayyorlash bilan band bo’lgan professor-o’qituvchilari va kontsertmeysterlariga O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan ro’yxatga ko’ra – eng kam oylik ish haqining ellik foizi; 27) jamg’arib boriladigan majburiy pensiya badallari, ular bo’yicha foiz daromadlari, shuningdek jamg’arib boriladigan pensiya to’lovlari; 28) soliq solinishi kerak bo’lgan va mol-mulkni sug’urta qilish hamda hayotni uzoq muddatli sug’urta qilish bo’yicha sug’urta mukofotlari to’lovi uchun yo’naltiriladigan O’zbekiston Respublikasi fuqarolari ish haqining hamda boshqa daromadlarining summalari; 29) yuridik shaxslar muassislarining (ishtirokchilarining) ixtiyoriy tugatilayotgan tadbirkorlik sub’ektiga – yuridik shaxsga uning majburiyatlarini bajarish uchun yo’naltiriladigan daromadlari summalari. Ixtiyoriy tugatish qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda tugallanmagan yoki tugatish tartib-taomili to’xtatilgan va faoliyat qayta tiklangan taqdirda, ushbu imtiyoz qo’llanilmaydi va soliq summasi imtiyoz qo’llanilgan butun davr uchun to’liq miqdorda undiriladi; 30) jismoniy shaxslarning – yosh oila a’zolari ish haqining va soliq solinadigan hamda yakka tartibda uy qurish, uni rekonstruktsiya qilish va olish yoki ko’p kvartiradagi uyni rekonstruktsiya qilish va olish uchun olingan ipoteka kreditlarini hamda ularga hisoblangan foizlarni qoplash uchun yo’naltiriladigan boshqa daromadlarining summalari. Mazkur mol-mulk olingan (mulk huquqi davlat ro’yxatidan o’tkazilgan) sanadan e’tiboran besh yil ichida sotilsa, ushbu bandda nazarda tutilgan daromadlarga belgilangan tartibda soliq solinishi kerak. Mulkida soliq solinadigan mol-mulki bo’lgan jismoniy shaxslar, shu jumladan chet el fuqarolari, agar O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo’lsa, shuningdek yuridik shaxs tashkil etgan va tashkil etmagan holda tuzilgan dehqon xo’jaliklari jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq to’lovchilaridir. Agar ko’chmas mulk mulkdorining joylashgan yerini aniqlash imkoni bo’lmasa, bu mol-mulk qaysi shaxsning egaligida va (yoki) foydalanishida bo’lsa, o’sha shaxs soliq to’lovchidir. O’zbekiston Respublikasi hududida joylashgan uy joylar, kvartiralar, dala hovli imoratlari, garajlar va boshqa imoratlar, joylar, inshootlar soliq solish obyektidir. Ko’chmas mulkka bo’lgan huquqlarni davlat ro’yxatidan o’tkazuvchi organ tomonidan belgilanadigan soliq solish obyektlarining inventarizatsiya qiymati to’lovchilar uchun soliq solinadigan bazadir. Jismoniy shaxslarning mol-mulkini baholash bo’yicha vakolatli organ tomonidan aniqlangan soliq solish obyektining bahosi mavjud bo’lmagan taqdirda, mol-mulkning qonun hujjatlari bilan belgilanadigan shartli qiymati soliq solinadigan bazadir. Bitta jismoniy shaxs bir nechta soliq solish obyekti bo’yicha to’lovchi bo’lgan taqdirda, soliq solinadigan baza har bir obyekt bo’yicha alohida-alohida hisoblab chiqiladi.
Jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk solig’i stavkalari.
Izoh: 1. Jismoniy shaxslar mol-mulkini baholash bo’yicha organlar belgilagan inventarizatsiya qiymati bo’lmasa, soliq undirish uchun Toshkent shahri va viloyat markazlarida 2100,0 ming so’m, boshqa shaharlar va qishloq joylarda - 920,0 ming so’m miqdorida mol-mulkning shartli qiymati qabul qilinadi. 2. Mulkida soliq solinadigan mol-mulk bo’lgan pensionerlar uchun mol-mulk solig’i bo’yicha soliq solinmaydigan eng kam miqdor umumiy maydonning 60 kv. metri hajmida belgilanadi.
Quyidagilarning mulkida bo’lgan mol-mulkka jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq solinmaydi: 1) «O’zbekiston Qahramoni», Sovet Ittifoqi Qahramoni, Mehnat Qahramoni unvonlariga sazovor bo’lgan, uchala darajadagi SHuhrat ordeni bilan taqdirlangan fuqarolarning. Mazkur imtiyoz tegishincha «O’zbekiston Qahramoni» unvoni berilganligi to’g’risidagi guvohnoma, Sovet Ittifoqi Qahramoni, Mehnat Qahramoni daftarchalari, orden daftarchasi yoki mudofaa ishlari bo’yicha bo’limning ma’lumotnomasi asosida beriladi; 2) 1941–1945 yillardagi urush nogironlari va qatnashchilari hamda doirasi qonun hujjatlari bilan belgilanuvchi ularga tenglashtirilgan shaxslarning. Mazkur imtiyoz urush nogironining tegishli guvohnomasi yoki mudofaa ishlari bo’yicha bo’limning yoxud boshqa vakolatli organning ma’lumotnomasi asosida, boshqa nogironlarga – Nogironning imtiyozlarga bo’lgan huquqi to’g’risidagi guvohnoma asosida beriladi; 3) o’n nafar va undan ortiq bolalari bor ayollarning. Mazkur imtiyozni berish uchun fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organining bolalar borligini tasdiqlovchi ma’lumotnomasi asos bo’ladi; 4) Chernobilь AESdagi avariya oqibatlarini tugatishda ishtirok etganlik uchun imtiyozlar oladigan fuqarolarning (shu jumladan u yerga vaqtincha yo’llangan yoki xizmat safariga yuborilgan shaxslarning). Mazkur imtiyoz tegishincha tibbiy-mehnat ekspert komissiyasining ma’lumotnomasi, nogironning maxsus guvohnomasi, Chernobilь AESdagi avariya oqibatlarini tugatish ishtirokchisining guvohnomasi, vakolatli davlat organlari tomonidan berilgan, imtiyozlar berish uchun asos bo’ladigan boshqa hujjatlar asosida beriladi; 5) qonun hujjatlarida belgilangan soliq solinmaydigan maydon o’lchami doirasida pensionerlarning. Mazkur imtiyoz pensiya guvohnomasi asosida beriladi; 6) I va II guruh nogironlarining. Mazkur imtiyoz pensiya guvohnomasi yoki tibbiy-mehnat ekspert komissiyasining ma’lumotnomasi asosida beriladi; 7) harbiy xizmat majburiyatlarini bajarishda yarador, kontuziya bo’lganlik yoki shikastlanganlik oqibatida yoxud frontda bo’lish tufayli orttirilgan kasallik oqibatida halok bo’lgan harbiy xizmatchilarning ota-onalari va boshqa turmush qurmagan rafiqalarining (erlarining); 8) muddatli xizmat harbiy xizmatchilari va ularning oila a’zolarining (xizmatni o’tash davrida). Ushbu moddada belgilangan imtiyozlar mulkdorning tanlashiga binoan faqat bir mol-mulk obyektiga taalluqli bo’ladi. Ushbu moddada nazarda tutilgan imtiyozlar jismoniy shaxslar tomonidan tadbirkorlik faoliyati uchun foydalaniladigan yoxud yuridik shaxsga yoki yakka tartibdagi tadbirkorga ijaraga berilgan soliq solish obyektlariga nisbatan qo’llanilmaydi. Soliq solish obyektlari jismoniy shaxslar tomonidan tadbirkorlik faoliyati uchun foydalanilgan yoxud ular yuridik shaxsga yoki yakka tartibdagi tadbirkorga ijaraga berilgan taqdirda, jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq yuridik shaxslar uchun belgilangan stavkadan kelib chiqqan holda to’lanadi. Jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni hisoblab chiqarish soliq to’lovchining yashash joyidan qat’i nazar, soliq solish obyekti joylashgan yerdagi davlat soliq xizmati organlari tomonidan ko’chmas mulkka bo’lgan huquqlarni davlat ro’yxatidan o’tkazuvchi organning ma’lumotlari asosida amalga oshiriladi. Ko’chmas mulkka bo’lgan huquqlarni davlat ro’yxatidan o’tkazuvchi organ soliq solish obyekti joylashgan yerdagi davlat soliq xizmati organlariga har yili 1 fevralgacha obyektning 1 yanvarga bo’lgan holatiga ko’ra inventarizatsiya qiymatini va uning mulkdorini ko’rsatgan holda ma’lumot taqdim etadi. Soliq Kodeksining 275-moddasida ko’rsatilgan imtiyozlarni olish huquqiga ega bo’lgan shaxslar imtiyozlarni olish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni mustaqil ravishda taqdim etadilar. Jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq summasi mol-mulkning 1 yanvarga bo’lgan holatiga ko’ra inventarizatsiya qiymatidan va belgilangan stavkadan kelib chiqqan holda hisoblab chiqariladi. Bir nechta mulkdorning umumiy ulushli mulkida bo’lgan imoratlar, binolar va inshootlar uchun jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq mulkdorlarning har biri tomonidan ularning ushbu imoratlar, binolar va inshootlardagi ulushiga mutanosib ravishda to’lanadi. Mol-mulkka bo’lgan mulk huquqi kalendarь yil mobaynida bir mulkdordan boshqasiga o’tgan taqdirda, jismoniy shaxslarning mulkiga solinadigan soliq avvalgi mulkdor tomonidan shu yilning 1 yanvaridan e’tiboran u mol-mulkka bo’lgan mulk huquqini yo’qotgan oyning boshlanishiga qadar, yangi mulkdor tomonidan esa unda mulk huquqi vujudga kelgan oydan e’tiboran to’lanadi. Yangi imoratlar, binolar va inshootlar bo’yicha jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq ular barpo etilgan yildan keyingi yil boshidan e’tiboran to’lanadi. Meros bo’yicha o’tgan mol-mulk uchun jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq merosxo’rlarda mulk huquqi vujudga kelgan oydan e’tiboran to’lanadi. Soliq solish obyekti yo’q qilingan, vayron bo’lgan, buzib tashlangan taqdirda, jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni undirish mol-mulk yo’q qilingan, vayron bo’lgan yoki buzib tashlangan oydan e’tiboran to’xtatiladi. Soliq summasini qayta hisob-kitob qilish mahalliy davlat hokimiyati organi yoki fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organi tomonidan berilgan yo’q qilinganlik, vayron bo’lganlik, buzib tashlanganlik faktini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo’lgan taqdirda, amalga oshiriladi. Kalendar yil mobaynida imtiyoz huquqi vujudga kelgan taqdirda, jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni qayta hisob-kitob qilish ushbu huquq vujudga kelgan oydan e’tiboran amalga oshiriladi. Jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni to’lash to’g’risidagi to’lov xabarnomasi soliq to’lovchilarga davlat soliq xizmati organi tomonidan har yili 1 maydan kechiktirmay topshiriladi. Jismoniy shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqni soliq davri uchun to’lash teng ulushlarda bir yilda ikki marta amalga oshiriladi: hisobot yilining 15 iyuniga qadar; hisobot yilining 15 dekabriga qadar. | |||||
Просмотров: 2832 | |
Всего комментариев: 0 | |