Главная » Статьи » Iqtisod va Moliya |
Soliq nazorati quyidagi shakllarda amalga oshiriladi: soliq to’lovchilarni hisobga olish; soliq solish obyektlarini va soliq solish bilan bog’liq obyektlarni hisobga olish; byudjetga va davlat maqsadli jamg’armalariga tushayotgan tushumlarni hisobga olish; kameral nazorat; naqd pul tushumlari kelib tushishining xronometraji; soliq tekshiruvlari; fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalarini qo’llash; aktsiz to’lanadigan ayrim turdagi tovarlarni markalash, shuningdek ayrim korxonalarda moliya inspektori lavozimini joriy etish; davlat daromadiga qaratilgan mol-mulkni realizatsiya qilishdan tushadigan pul mablag’lari davlat daromadiga o’z vaqtida va to’liq tushishini nazorat qilish; boshqa majburiy to’lovlarni undirish vazifasini amalga oshiradigan davlat organlari va tashkilotlar ustidan nazorat qilish. Bojxona organlari tovarlarni O’zbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan olib o’tilishi munosabati bilan to’lanishi lozim bo’lgan soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarni undirish bo’yicha soliq nazoratini o’z vakolatlari doirasida Soliq Kodeksiga va bojxona to’g’risidagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi. Soliq nazorati amalga oshirilayotganda Soliq Kodeksi va boshqa qonun hujjatlarining qoidalarini buzgan holda soliq to’lovchi to’g’risida axborot to’plash, saqlash, undan foydalanish va uni tarqatishga, shuningdek soliq sirini oshkor qilishga yo’l qo’yilmaydi. Qonun hujjatlarining talablarini buzgan holda olingan soliq to’lovchi to’g’risidagi hujjatlar yoki boshqa axborot soliq to’lovchini soliq to’g’risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlikka tortishga asos bo’la olmaydi. Soliq solish obyektlarini va soliq solish bilan bog’liq obyektlarni hisobga olish davlat soliq xizmati organi tomonidan har bir soliq to’lovchi bo’yicha hamda u to’layotgan barcha soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar bo’yicha, soliq solish obyektlari hamda soliq solish bilan bog’liq obyektlar to’g’risidagi ma’lumotlar bazasini shakllantirish va yuritish, shu jumladan elektron shaklda shakllantirish va yuritish orqali amalga oshiriladi. Soliq solish obyektlari va soliq solish bilan bog’liq obyektlar to’g’risidagi ma’lumotlar bazasi soliq to’lovchi tomonidan taqdim etilgan moliyaviy va soliq hisobotlarining ma’lumotlari, Soliq Kodeksining Soliq solish obyektlari hamda soliq solish bilan bog’liq obyektlar to’g’risidagi ma’lumotlar bazasini shakllantirish va yuritish tartibi O’zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo’mitasi tomonidan belgilanadi. Ushbu moddaning qoidalari tovarlarni O’zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali olib o’tilishi munosabati bilan to’lanishi lozim bo’lgan soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarga, shuningdek undirilishi tegishli davlat organlari va tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladigan boshqa majburiy to’lovlarga tatbiq etilmaydi. Davlat soliq xizmati organlari, bojxona organlari hamda zimmasiga soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarni undirish vazifasi yuklatilgan boshqa davlat organlari hamda tashkilotlari byudjetga va davlat maqsadli jamg’armalariga tushumlar hisobini yuritishi kerak. Soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar tushumini hisobga olish byudjet klassifikatsiyasiga muvofiq yuritiladi. Davlat soliq xizmati organlari byudjetga va davlat maqsadli jamg’armalariga tushumlar hisobini soliq to’lovchining shaxsiy kartochkasida soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarning, shuningdek penya va jarimalarning hisoblangan hamda to’langan summalarini aks ettirish orqali yuritadi. Soliq to’lovchining shaxsiy kartochkasi soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarning har bir turi bo’yicha ochiladi. Soliq to’lovchining shaxsiy kartochkasini yuritish tartibi O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda O’zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo’mitasi tomonidan belgilanadi. Bojxona organlari tovarlarni O’zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali olib o’tilishi munosabati bilan to’lanishi lozim bo’lgan boshqa majburiy to’lovlar bo’yicha byudjetga hamda davlat maqsadli jamg’armalariga tushumlar hisobini O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda O’zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo’mitasi tomonidan belgilangan tartibda yuritadi. Undirilishi boshqa davlat organlari va tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladigan ayrim turdagi boshqa majburiy to’lovlar bo’yicha byudjetga tushumlarni hisobga olish tartibi O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda O’zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo’mitasi tomonidan belgilanadi. Kameral nazorat soliq to’lovchi tomonidan belgilangan tartibda taqdim etilgan moliyaviy va soliq hisobotini, shuningdek soliq to’lovchining faoliyati to’g’risida davlat soliq xizmati organidagi mavjud boshqa hujjatlarni o’rganish hamda tahlil etish asosida amalga oshiriladigan nazoratdir. Kameral nazorat soliq to’lovchining huzuriga bormasdan davlat soliq xizmati organi joylashgan yerda amalga oshiriladi. Agar davlat soliq xizmati organi tomonidan kameral nazorat jarayonida soliq hisobotini to’ldirishda xatoliklarga yo’l qo’yilganligi yoki taqdim etilgan soliq hisobotidagi va davlat soliq xizmati organlaridagi ma’lumotlar o’rtasida ziddiyatlar borligi aniqlansa, bu haqda soliq to’lovchiga tegishli tuzatishlar kiritish talab qilingan holda yozma shaklda xabar qilinadi. Soliq to’lovchi aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etish uchun nazarda tutilgan tartibda tegishli soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar bo’yicha tuzatilgan soliq hisobotini yoxud aniqlangan tafovutlarning asosini talabnoma olingan kundan e’tiboran o’n kunlik muddatda taqdim etishi shart. Soliq to’lovchining naqd pul tushumi kelib tushishining xronometraji xronometraj o’tkazilgan davrda haqiqatda kelib tushgan naqd pul tushumini aniqlash maqsadida o’tkaziladi. Naqd pul tushumi kelib tushishining xronometraji naqd hisob-kitob asosida tovarlar realizatsiya qiladigan yoki xizmatlar ko’rsatadigan soliq to’lovchi huzurida bevosita tovarlar realizatsiya qilinadigan, xizmatlar ko’rsatiladigan joyda davlat soliq xizmati organi tomonidan o’tkaziladi. Naqd pul tushumi kelib tushishining xronometrajini o’tkazish to’g’risidagi buyruq soliq solish obyektlarini va soliq solish bilan bog’liq obyektlarni hisobga olish jarayonida soliq to’lovchi tomonidan tushum miqdori kamaytirilganligini taxmin qilish imkonini beradigan tafovutlar aniqlangan taqdirda, davlat soliq xizmati organining rahbari yoki rahbar o’rinbosari tomonidan qabul qilinadi. Naqd pul tushumi kelib tushishining xronometrajini o’tkazish to’g’risidagi buyruqda xronometraj o’tkaziladigan soliq to’lovchi, xronometrajni o’tkazish joyi va muddati, xronometraj o’tkaziladigan davr, xronometraj o’tkazish to’g’risida qaror qabul qilinishiga sabab bo’lgan tafovut, shuningdek davlat soliq xizmati organining xronometraj o’tkazadigan mansabdor shaxslari albatta ko’rsatiladi. Naqd pul tushumi kelib tushishining xronometraji kelib tushayotgan pul tushumini davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxslari tomonidan kuzatish va qayd etish orqali o’tkaziladi. Xronometrajni o’tkazishga boshqa shaxslarni, shu jumladan ekspertlarni jalb etishga yo’l qo’yilmaydi. Naqd pul tushumi kelib tushishining xronometrajini amalga oshirish jarayonida tekshiruv o’tkazishga, soliq to’lovchidan biron bir axborot yoki tushuntirishlar talab qilishga, soliq to’lovchiga nisbatan talablar taqdim etishga yoki uning faoliyatiga boshqacha tarzda aralashishga yo’l qo’yilmaydi, bundan fiskal xotirali nazorat-kassa mashinasida saqlanayotgan xronometraj o’tkazilayotgan vaqtga doir ma’lumotlarni olish mustasno. Davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxsi naqd pul tushumi kelib tushishining xronometraji natijalari yuzasidan ma’lumotnoma tuzadi. Ma’lumotnomaning ko’chirma nusxasi soliq to’lovchiga topshiriladi. Naqd pul tushumi kelib tushishining xronometraji natijalaridan faqat taqdim etilayotgan soliq hisoboti to’g’riligini tahlil etish uchun, shuningdek soliq solish obyektlari va soliq solish bilan bog’liq obyektlar to’g’risidagi ma’lumotlar bazasini yuritish uchun foydalaniladi. Xronometraj natijasi soliq to’lovchini javobgarlikka tortish uchun asos bo’la olmaydi. Naqd pul tushumi kelib tushishining xronometrajini o’tkazish tartibi O’zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo’mitasi va O’zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilanadi. O’zbekiston Respublikasi hududida naqd pulda hisob-kitob qilish bilan tovarlarni realizatsiya qilish, ishlar bajarish, xizmatlar ko’rsatish Nazorat-kassa mashinalarining davlat reestriga kiritilgan fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalari majburiy qo’llanilgan holda amalga oshiriladi, bundan naqd pul bilan hisob-kitob qilishni, faoliyatining o’ziga xos xususiyati sababli nazorat-kassa mashinalarini qo’llamasdan amalga oshirishi mumkin bo’lgan ayrim toifadagi yuridik va jismoniy shaxslar mustasno. Faoliyatining o’ziga xos xususiyati sababli naqd pul bilan hisob-kitob qilishni nazorat-kassa mashinalarini qo’llamasdan amalga oshirish huquqiga ega bo’lgan ayrim toifadagi yuridik va jismoniy shaxslarning ro’yxati O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. O’zbekiston Respublikasi hududida foydalanishga ruxsat etilgan Nazorat-kassa mashinalarining davlat reestri O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan tartibda shakllantiriladi. Fiskal xotirali nazorat-kassa mashinasi texnik jihatdan vaqtincha nosoz bo’lgan yoki elektr energiyasi bo’lmagan taqdirda naqd pul bilan hisob-kitob qilishni xaridorlarga kvitantsiyalar, chiptalar, talonlar yoki chekka tenglashtirilgan, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tasdiqlanadigan shakldagi qat’iy hisobdagi boshqa hujjatlarni berish orqali amalga oshirishga yo’l qo’yiladi. Fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalarini qo’llashda quyidagilar majburiy hisoblanadi: 1) fiskal xotirali nazorat-kassa mashinasini faoliyat amalga oshirilayotgan joydagi davlat soliq xizmati organlarida fiskal xotirali nazorat-kassa mashinasining ro’yxatdan o’tkazish kartochkasi berilgan holda ro’yxatdan o’tkazish; 2) fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalariga texnik xizmat ko’rsatishni yo’lga qo’yish; 3) fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalarining chekini iste’molchiga berish; 4) davlat soliq xizmati organlari mansabdor shaxslarining fiskal xotirali nazorat-kassa mashinasini tekshirishiga ruxsat etish. Fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalarining qo’llanilish tartibiga rioya etilishi ustidan nazorat davlat soliq xizmati organlari tomonidan amalga oshiriladi. Soliq tekshiruvlari o’tkazilayotganda davlat soliq xizmati organlari fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalarida saqlanayotgan ma’lumotlardan foydalanishga haqli. Fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalarining qo’llanilish tartibi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Tamaki va alkogolli mahsulotlar O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda hamda shartlarda aktsiz markasi bilan tamg’alanishi kerak, pivo bundan mustasno. Aktsiz to’lanadigan tovarlarni ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar ushbu moddaning birinchi qismida ko’rsatilgan aktsiz to’lanadigan tovarlarni aktsiz markasi bilan tamg’alash uchun mas’uldir. Aktsiz to’lanadigan ayrim turdagi tovarlarni tamg’alash qoidalariga rioya etilishi ustidan nazoratni davlat soliq xizmati organlari va davlat bojxona xizmati organlari amalga oshiradi. Aktsiz solig’ini to’lovchi korxonalarda va boshqa ayrim korxonalarda O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining moliya inspektori lavozimi joriy etilishi mumkin. Moliya inspektori lavozimi joriy etiladigan korxonalar ro’yxati va uning faoliyatini amalga oshirish tartibi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Davlat soliq xizmati organlari davlat daromadiga qaratilgan mol-mulkni realizatsiya qilishdan tushadigan pul mablag’larining davlat daromadiga o’z vaqtida va to’liq tushishi ustidan nazoratni amalga oshiradi. Davlat soliq xizmati organlari boshqa majburiy to’lovlarni undirish vazifasini amalga oshirayotgan davlat organlari va tashkilotlari ustidan boshqa majburiy to’lovlarning to’g’ri hisoblab chiqarilishi, to’liq undirib olinishi hamda byudjetga va davlat maqsadli jamg’armalariga o’z vaqtida o’tkazilishi bo’yicha nazoratni amalga oshiradi. Davlat soliq xizmati organi tomonidan soliq to’lovchi to’g’risida olingan har qanday ma’lumot soliq sirini tashkil etadi, quyidagi ma’lumotlar bundan mustasno: 1) soliq to’lovchining o’zi oshkor etgan yoki uning yozma roziligi bilan oshkor etilgan ma’lumotlar; 2) soliq to’lovchining nomi va identifikatsiya raqami to’g’risidagi ma’lumotlar; 3) yuridik shaxsning ustav fondi (ustav kapitali) to’g’risidagi ma’lumotlar; 4) soliq to’g’risidagi qonun hujjatlari buzilganligi va bu qonunbuzarlik uchun qo’llanilgan javobgarlik choralari to’g’risidagi ma’lumotlar; 5) O’zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq boshqa davlatlarning soliq yoki tegishli boshqa organlariga taqdim etiladigan ma’lumotlar (ushbu organlarga taqdim etilgan ma’lumotlarga doir qismi). Soliq siri oshkor etilmaydi, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Soliq sirini oshkor etishga, xususan, soliq to’lovchining davlat soliq xizmati organining mansabdor shaxsiga, jalb etilgan ekspertga yoki tarjimonga ular o’z vazifalarini bajarayotganda ma’lum bo’lib qolgan ishlab chiqarish yoki tijorat siridan foydalanish yoxud uni boshqa shaxsga berish kiradi. Davlat soliq xizmati organlariga kelib tushgan, soliq sirini tashkil etuvchi ma’lumotlar saqlash va foydalanishning maxsus rejimiga ega bo’ladi. Davlat soliq xizmati organlarining O’zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo’mitasi tomonidan tasdiqlanadigan ro’yxatdagi mansabdor shaxslari soliq sirini tashkil etuvchi ma’lumotlardan foydalanish huquqiga ega. Soliq sirini tashkil etuvchi ma’lumotlari bo’lgan hujjatlarning yo’qotilganligi yoki bunday ma’lumotlarning oshkor etilganligi qonunda nazarda tutilgan javobgarlikka sabab bo’ladi.
Soliq tekshiruvi davlat soliq xizmati organlari tomonidan, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda esa, prokuratura organlari tomonidan amalga oshiriladigan soliq to’g’risidagi qonun hujjatlarining bajarilishini tekshirishdir. Soliq tekshiruvi soliq to’lovchining moliya-xo’jalik faoliyati tekshiruvi (taftishi) va qisqa muddatli tekshiruv shaklida amalga oshiriladi. Soliq to’lovchining moliya-xo’jalik faoliyati tekshiruvi (taftishi) soliq to’g’risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida soliq to’lovchining buxgalteriya, moliya, statistika, bank hujjatlari hamda boshqa hujjatlarini o’rganish va taqqoslashdir. Qisqa muddatli tekshiruv soliq to’lovchining moliya-xo’jalik faoliyatini tekshirish bilan bog’liq bo’lmagan, uning ayrim operatsiyalarining soliq to’g’risidagi qonun hujjatlariga muvofiqligi tekshiruvidir. Soliq tekshiruvlari quyidagi turlarga bo’linadi: rejali soliq tekshiruvi; rejadan tashqari soliq tekshiruvi; muqobil tekshiruv. Soliq to’lovchi moliya-xo’jalik faoliyatining rejali soliq tekshiruvi (taftishi) – tekshiruvlarni amalga oshirishning nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi maxsus vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan muvofiqlashtirish rejasi asosida o’tkaziladigan tekshiruvdir. Soliq to’lovchi moliya-xo’jalik faoliyatining rejadan tashqari soliq tekshiruvi (taftishi) quyidagi hollarda o’tkaziladigan tekshiruvdir: yuridik shaxs tugatilayotganda; O’zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O’zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlaridan kelib chiquvchi tekshiruvlarni o’tkazish zarur bo’lganda; davlat soliq xizmati organiga soliq to’g’risidagi qonun hujjatlari soliq to’lovchi tomonidan buzilganligi hollari haqida qo’shimcha ma’lumotlar tushganda. Muqobil tekshiruv – operatsiyalar birligi tufayli o’zaro bog’langan va turli soliq to’lovchilarda bo’lgan hujjatlarni taqqoslashdan iborat tekshiruvdir. Muqobil tekshiruv uchinchi shaxslarga nisbatan, agar soliq tekshiruvlari o’tkazilayotganda davlat soliq xizmati organida mazkur shaxslar bilan bog’liq bo’lgan, soliq to’lovchi o’tkazgan operatsiyalar soliq bo’yicha hisobga olishda to’g’ri aks ettirilganligi haqida qo’shimcha ma’lumot olish zaruriyati kelib chiqsa, o’tkaziladi. Qisqa muddatli tekshiruvlar rejadan tashqari soliq tekshiruvi tarzida o’tkaziladi. Davlat soliq xizmati organlarining mansabdor shaxslari va soliq to’lovchi soliq tekshiruvlarining ishtirokchilaridir. Soliq tekshiruvlarida soliq to’lovchining vakili ishtirok etishi mumkin. Soliq Kodeksida nazarda tutilgan hollarda soliq tekshiruviga soliq tekshiruvi natijasidan manfaatdor bo’lmagan ekspert, tarjimon va xolislar jalb etilishi mumkin. O’zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining a’zosi bo’lgan soliq to’lovchilarning soliq tekshiruvida uning vakillari ishtirok etishga haqli. Rejali soliq tekshiruvini o’tkazish uchun quyidagilar asos bo’ladi: tekshiruvlarni amalga oshirishning muvofiqlashtirish rejasidan olingan, nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi maxsus vakolatli organ yoki uning tegishli hududiy bo’linmasi tomonidan berilgan ko’chirma. Bunda ko’chirma uning asliga to’g’ri ekanligi ko’rsatilgan holda tegishli imzo va muhr bilan tasdiqlangan bo’lishi lozim; tekshiruvlarni amalga oshirishning muvofiqlashtirish rejasi asosida davlat soliq xizmati organining tekshiruvni maqsadlari, tekshiruvchi mansabdor shaxslar tarkibi, tekshiriladigan davr va tekshiruv o’tkazish muddatlari ko’rsatilgan buyrug’i. Ushbu moddaning to’rtinchi qismida nazarda tutilgan hollarni istisno etganda, rejadan tashqari soliq tekshiruvini o’tkazish uchun quyidagilar asos bo’ladi: nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi maxsus vakolatli organning tekshiriladigan obyektning nomi, tekshiruvning maqsadlari, tekshiriladigan davr (taftish uchun), tekshiruv o’tkazish muddatlari va uni asoslovchi sabablar ko’rsatilgan tekshiruv o’tkazish to’g’risidagi qarori; davlat soliq xizmati organining nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi maxsus vakolatli organ qarori asosida chiqargan tekshiruvni o’tkazish maqsadlari, muddatlari va tekshiruvchi mansabdor shaxslar tarkibi, tekshiriladigan davr ko’rsatilgan holdagi buyrug’i. Muqobil tekshiruv o’tkazish uchun quyidagilar asos bo’ladi: nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi maxsus vakolatli organning tekshiriladigan obyektning nomi, tekshiruv o’tkazish maqsadlari, muddatlari, shuningdek o’zaro munosabatlarning tekshirilishi lozim bo’lgan predmeti ko’rsatilgan holdagi muqobil tekshiruv o’tkazish to’g’risidagi qarori; davlat soliq xizmati organining nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi maxsus vakolatli organ qarori asosida chiqargan tekshiruvni o’tkazish maqsadlari, muddatlari va tekshiruvchi mansabdor shaxslar tarkibi ko’rsatilgan holdagi buyrug’i. Tugatilayotgan yuridik shaxsni rejadan tashqari soliq tekshiruvidan o’tkazish uchun quyidagilar asos bo’ladi: tugatilayotgan yuridik shaxsning arizasi yoki yuridik shaxslarni davlat ro’yxatidan o’tkazishni amalga oshiruvchi organning yuridik shaxsning tugatilishi to’g’risidagi bildirishi; davlat soliq xizmati organining tekshiruv maqsadlari, tekshiruv o’tkaziladigan muddatlar va tekshiruvchi mansabdor shaxslar tarkibi ko’rsatilgan buyrug’i. Soliq tekshiruvini o’tkazish muddati o’ttiz kalendarь kunidan oshmasligi kerak. Alohida hollarda bu muddat nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi maxsus vakolatli organning qarori bilan uzaytirilishi mumkin. Soliq tekshiruvi muddatlarini uzaytirish davlat soliq xizmati organining qo’shimcha buyrug’i bilan rasmiylashtirilib, unda oldingi buyruqning ro’yxatdan o’tkazish raqami hamda sanasi, tekshiruv o’tkazishga ilgari jalb qilingan mansabdor shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi ko’rsatiladi. Qisqa muddatli tekshiruv o’tkazish muddati bir ish kunidan oshmasligi kerak. Qisqa muddatli tekshiruv o’tkazish muddatini uzaytirishga yo’l qo’yilmaydi. Soliq to’lovchilar moliya-xo’jalik faoliyatining rejali soliq tekshiruvlari (taftishlari) bir yilda ko’pi bilan bir marta, belgilangan normalar va qoidalarga o’z vaqtida hamda to’liq hajmda rioya etayotgan soliq to’lovchilar moliya-xo’jalik faoliyatining rejali soliq tekshiruvlari esa, ikki yilda ko’pi bilan bir marta amalga oshiriladi, ushbu moddaning ikkinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Mikrofirmalar, kichik korxonalar va fermer xo’jaliklari moliya-xo’jalik faoliyatining rejali soliq tekshiruvlari (taftishlari) to’rt yilda ko’pi bilan bir marta, boshqa tadbirkorlik subyektlarining moliya-xo’jalik faoliyatining rejali soliq tekshiruvlari (taftishlari) esa, uch yilda ko’pi bilan bir marta amalga oshiriladi. Yangi tashkil etilgan mikrofirmalar, kichik korxonalar va fermer xo’jaliklarining moliya-xo’jalik faoliyati ular davlat ro’yxatidan o’tkazilgan paytdan e’tiboran dastlabki ikki yilda rejali soliq tekshiruvlaridan o’tkazilmaydi. Soliq tekshiruvlari faqat Soliq Kodeksining 88-moddasida ko’rsatilgan asoslar mavjud bo’lgan taqdirda o’tkaziladi. Soliq tekshiruvi o’tkazilishi soliq to’lovchining faoliyatini to’xtatib qo’ymasligi kerak, qonun hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno. Davlat soliq xizmati organlari tomonidan boshqa tumanlarda (shaharlarda) davlat ro’yxatidan o’tgan tadbirkorlik subyektlarida soliq tekshiruvlari o’tkazish, ularning ishlab chiqarish binolari, savdo nuqtalari va xizmatlar ko’rsatish (ishlar bajarish) joyi qaerda joylashganligidan qat’i nazar, takrorlashga yo’l qo’yilmagan holda, tadbirkorlik subyekti davlat ro’yxatidan o’tkazilgan joydagi tegishli davlat soliq xizmati organlari bilan bir vaqtda amalga oshiriladi. Soliq tekshiruvi davlat soliq xizmati organi rahbari yoki rahbar o’rinbosari tomonidan tasdiqlangan soliq tekshiruvi o’tkazish dasturiga muvofiq amalga oshiriladi. Soliq tekshiruvini o’tkazish dasturida quyidagilar ko’rsatilishi kerak: soliq tekshiruvi o’tkazilayotganda o’rganiladigan masala yoki masalalar doirasi; soliq tekshiruvi soliq to’g’risidagi qaysi qonun hujjatlariga rioya etilishini o’rganish uchun o’tkaziladigan bo’lsa, shu qonun hujjatlarining ro’yxati; tekshiruv turidan kelib chiqqan holda boshqa ma’lumotlar. Soliq tekshiruvini o’tkazish dasturini tuzish qoidalari nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi maxsus vakolatli organ bilan kelishilgan holda O’zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo’mitasi tomonidan belgilanadi. Muqobil tekshiruv tekshirilayotgan soliq to’lovchi bilan faqat o’zaro munosabatlarga taalluqli qism yuzasidan amalga oshirilishi mumkin. Muqobil tekshiruvlar o’tkazilayotganda soliq to’lovchilarning huzuriga kirish va ulardan tekshiruv predmetiga taalluqli bo’lmagan moliya-buxgalteriya hujjatlarini yoki boshqa hujjatlarni talab qilib olish taqiqlanadi. Soliq tekshiruvi soliq to’lovchining tekshiruv o’tkazilayotgan yildan bevosita oldingi ko’pi bilan besh kalendarь yildagi faoliyatini qamrab olishi mumkin. Soliq tekshiruvlari o’tkazilayotganda davlat soliq xizmati organlari Soliq Kodeksida belgilangan tartibda soliq to’lovchining hududi va joylarini tekshirishga, mol-mulkni inventarizatsiya qilishga, hujjatlarni talab qilib olishga, hujjatlar va predmetlarni olib qo’yishga, soliq to’lovchidan, shuningdek soliq to’lovchining rahbarlik vazifalarini yoki buxgalteriya hisobi va moliyaviy boshqaruvini amalga oshirayotgan shaxslardan, boshqa moddiy javobgar xodimlaridan tushuntirishlar olishga, bankdagi hisobvaraqlari bo’yicha operatsiyalarni to’xtatib turish choralarini ko’rishga, ekspertni jalb etish va ekspertiza tayinlashga, soliq to’g’risidagi qonun hujjatlarining aniqlangan buzilishlari bartaraf etilishini talab qilishga, Soliq Kodeksida va boshqa qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa harakatlarni amalga oshirishga haqlidir. Soliq tekshiruvlari o’tkazilayotgan davrda tekshirilayotgan davrning soliq hisobotiga soliq to’lovchi tomonidan o’zgartishlar va qo’shimchalar kiritilishiga yo’l qo’yilmaydi.
| |
Просмотров: 2835 | |
Всего комментариев: 0 | |