Главная » Статьи » Mo'jiza kitobi ma'lumotlari

HAYVONLAR DUNYONI QANDAY KO’RADI?

«Yuz marta eshitgandan, bir marta ko’rgan yaxshi», degan maqol faqat insongagina qaratilgan emas. U ko’rishning ko’pgina tirik mavjudotlar uchun beqiyos ahamiyatga molik ekanligini ifoda etadi. Shuning uchun hatto ko’zga ega bo’lmaganlar ham qandaydir «ko’ruvchi» organlarga ega. Masalan, yomg’ir chuvalchanglari terisining ustida ko’rish hujayralari betartib joylashgan bo’lib, ularni mikroskop vositasidagina ko’rish mumkin. Bunday «ko’zlar» bilan atrofdagi narsalarni ko’rib bo’lmaydi, ammo ular orqali quyoshni soyadan, kunni tundan, yorug’ni qorong’idan farqlash oson, chuvalchang uchun bundan ortig’i kerak emas. Zuluklarda ko’rish hujayralari tanasining oxirida to’plangan, demak, uning «ko’zlari» dumida joylashgan. Dengiz yulduzida esa bunday hujayralar «qo’llar» deb atalmish a'zolarida jamlangan bo’ladi. Bundan chiqdi, uning 5 ta «ko’zi» bo’lib, hammasi qo’llarida ekanda.

Aksariyat hayvonlarning ko’zlari, albatta, haqiqiy ko’zlardir. Ammo bu yerda ham ajoyibotlarga duch kelamiz. Kana dunyoga orqasi bilan qaraydi: uning ko’zlari aynan shu yerga joylashgan. Diopsiz pashshasi shilliq qurtniki kabi uzun shoxlari bilan lol qoldiradi. Ma'lum bo’lishicha, bu ko’zlar uchun yana bir noodatiy joy hisoblanib, ko’zlar mana shu shoxlarning uchiga o’rnashgan bo’ladi. Kambala balig’ining ko’zlari bir tomonga joylashgan bo’ladi. Sakkizoyoqda, sarguzasht romanlarga ishonadigan bo’lsak, atigi bitta ko’z bor. Aslida esa ular ikkita, ammo chap ko’zi o’ng ko’zidan bir necha marta katta bo’ladi. Shunisi ham borki, arxitevtis urug’iga mansub kalmarlar dunyoda eng katta — likopchadek keladigan chap ko’zga ega. Ko’zlari boshlariga «betartib» joylashgan hayvonlarda ham hammasi oddiy, risoladagidek deb bo’lmaydi. Oddiy uy pashshasida boshining yon tomonlariga joylashgan ikkita ko’z borlig’i hammaga ma'lum bo’lsa kerak. Ammo, aniqlanishicha, old tomonda ular o’rtasida joylashgan yana uchta «noma'lum ko’z» bor ekan. Hammasi bo’lib pashshaning beshta ko’zi bo’lar ekan. Ayrim o’rgimchaklarda sakkizta ko’z bor.

Hayvonlarda beshta, hatto sakkizta ko’zga nisbatan uchta ko’zning bo’lishi sizni unchalik ajablantirmasligi tabiiy. Ammo ko’zning uchtaligi xususida har qancha gapirsa arziydi. Yangi Zelandiyada yashaydigan gatteriy kaltakesagida hammamizda bo’lganidek ikkita ko’z bor, uchinchisi esa ensa yoki gardanda joylashgan bo’lib, hamisha osmonga qaraydi. Aniqlanishicha, osmonga qarovchi uchinchi ko’z ko’pgina yovvoyi hayvonlar, qushlar va sudralib yuruvchilarda bo’lar ekan. To’g’ri, boshqa hayvonlarda, gatteriy kaltakesagidan farqli o’laroq, uchinchi ko’z yaxshi rivojlanmagan, teri, ayrim hollarda, suyak qoplagan bo’ladi va hech narsani ko’rmaydi, ammo dalil dalilligicha qoladi — uchinchi ko’z borligi aniq! Eng qizig’i shundaki: bosh suyagi ostida miya ichiga yashiringan, rivojlanmagan uchinchi ko’z odamda ham bo’lishi aniqlangan. Shunday qilib, odamda ham aslida ikkita emas, uchta ko’z bor ekan-da!

Категория: Mo'jiza kitobi ma'lumotlari | Добавил: azizjon_ibragimov (25.03.2016)
Просмотров: 1077 | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar