Главная » Статьи » Mo'jiza kitobi ma'lumotlari |
O’rdakburun — shunday g’aroyib mavjudotki, dastlab odamlar uning borligiga ishongilari kelmagan. Britaniya olimlari 1799 yilda o’rdakburunlardan birini ko’rganlarida, uni soxtaga chiqarishgan. U nimasi bilan g’aroyib? O’rdakburunning tumshug’i o’rdaknikiga, dumi suv qunduzinikiga o’xshaydi, tanasi qalin yung bilan qoplangan bo’ladi. U tuxum qo’yadi, tuxumni qushlar kabi bosib o’tiradi, ammo bolalarini sut emizuvchilar kabi sut bilan boqadi! Uning oyoqlari pardali va u suvda ham, quruqlikda ham yashay oladi. O’rdakburun Sharqiy Avstraliyada va Tasmaniyada yashaydi. Uning tashqi quloqlari yo’q, burun teshiklari yumshoq rezinadek tumshug’ining uchiga joylashgan. O’rdakburun tumshug’ining uchini chiqarib, butun tanasi bilan suvga botib tura oladi. Hayvonning oldingi oyoqlari suzishga moslashgan, o’rdakburun yerda yurganda pardalar oyoq kafti tagiga yashirinadi va tirnoqlar tashqariga chiqadi. Urg’ochisi bittadan uchtagacha tuxum qo’yadi. U tuxumni bolalari ochib chiqmaguncha bosib o’tiradi. Bolalar sut bezlaridan sizib chiquvchi ona sutini yalaydi. Bolalar tishli tug’iladi, ammo tez orada ular tushib ketadi va o’rdakburunlar tumshug’ining yon tomonlarida joylashgan qattiq muguz bo’rtiqlardan tish o’rnida foydalanadi. Dunyoda yagona zaharli sut emizuvchi — bu erkak o’rdakburundir. Uning yonbosh tarafida maxsus zaharli bezlar mavjud. Bu bezlardan uzun naychalar orqa oyoqlardagi tarnovsimon o’simta tomon cho’zilib boradi. Zahar ilon zahariga juda o’xshab ketadi. Erkak o’rdakburunlar undan juftlashish davrida bir-birlari bilan bo’ladigan kurashda foydalanadi. O’rdakburunlar tunda yer chuvalchanglari, suv hasharotlari va daryo qisqichbaqalarini tutib oziqlanadi. Kunduzi ham ular loyqa joylashgan uyalariga kirib oladi. | |
Просмотров: 1244 | |
Всего комментариев: 0 | |