Главная » Статьи » Tibbiyot |
Ruhiy o`zgarishlarning bu guruhi, asosan, qarilikning kech davriga to`g`ri keladi. Bunda umumiy belgilar asta-sekin boshlanib, kuchayib boradi, kasallikning qaytalanmasligi og`ir oqibatlarga olib keladi. Kasallikda asab tizimida chuqur o`zgarishlar bo`lib, aqlpastlik rivojlanib boradi. Bosh miya atrofiyasi qaysi yoshda boshlanishiga qarab quyidagi turlarga ajratiladi: – qarilikoldi (presenil) aqlpastlik. Bu Pik, Alsgeymer kasalligi, Gentington xoreyasi, Parkinson kasalliklarini o`z ichiga oladi; – qarilik davri (senil) turidagi miya qurishi, bunda qarilik yoki senil aqlpastlik (demensiya) kiradi. Qarilikoldi va qarilik psixozlari. Organizmning qarishi, so`lib borishi (invalutsion davri) jarayonida bir qancha kasalliklar yoshga qarab uchrashi mumkin. Bu holat organizmda moddalar almashinuvining o`zgarishi natijasida, ya`ni jinsiy bezlar faoliyatining susayishida katta ahamiyatga ega. Bu davrda bemorlarda vazomotor o`zgarishlar qayd qilinib, bular odamning boshi va yuziga qon quyilib kelishi, qon bosimning ko`tarilishi bilan namoyon bo`ladi. Keksalikoldi davri (presenium) 45 yosh bilan 60 yosh o`rtasida va qarilik davri (senium) 60 yoshdan 80 yoshgacha bo`lgan davrdan boshlanadi. Qarilikoldi psixozlari. Bu kasallik funksional psixozlar bo`lib, qaytish davrida (45–60 yosh) paydo bo`ladi va chuqur darajadagi aqliy zaiflikka olib keladi. Bemorlarda xavotirga tushish hissi paydo bo`ladi. Ular o`lim yaqinlashib qolishidan yoki qarindoshlarining o`lib qolishi to`g`risida gapirishadi. Kasallikning klinik manzarasi qaysi belgilar ustun turishiga qarab, quyidagi shakllarga bo`linadi: 1. P r e s e n i l d e p r e s s i y a bu bir necha oy davomida asta-sekin avj oladi, ba`zan birdan boshlanadi. Bunga ruhiy ta`sirlanish, ko`ngilsiz hodisalar sabab bo`ladi. Kasallik depressiya, xavotirga tushish, qo`zg`alib bezovtalanish kuzatiladi, bular o`z-o`zini ayblash fikrlari bilan kechadi. Bemorlarning uyqusi buziladi, vahima bosadi, ko`pincha davolanishdan, ovqatlanishdan bosh tortadi. Ko`pchilik bemorlar esa menda oshqozon-ichaklar yo`q deb davo qiladilar. Bemorlar ozib ketadilar, sochlari to`kiladi, oqaradi, terisi ilvirab qoladi. Ular hozir meni birov olib ketadi, otib o`ldiradi, qattiq qiynaydi deb doim kutib yuradilar. Ba`zi bemorlar esa mening qarindoshlarim yo`q, o`lib ketgan deb o`z-o`zini o`ldirishgacha olib boradilar. Bu depressiya bir necha oy yoki yillab davom etadi. 2. P r e s e n i l p a r a n o i d, bunda vasvasaga taalluqli kechinmalar bo`ladi. Ular ishda, uyda ro`y bergan ko`ngilsizliklar, boshdan o`tgan kasalliklar tufayli paydo bo`ladi, bemor atrofdagilar menga g`alati munosabatda bo`layapti deb o`ylaydi. Bemorlar tanasidagi his-tuyg`ular, vasvasa, alahsirash fikrlariga ta`sir ko`rsatadi. Rashk fikri paydo bo`ladi, tanishlarining kelib-ketishiga shubha bilan qaraydilar. Eshitish gallutsinatsiyasi paydo bo`ladi. Presenil paranoid presenil depressiyaga qaraganda uzoqroq davom etadi. 3. P r e s e n i l i s t e r i y a ko`pincha ayollarda paydo bo`ladi. Bunda bemorlar arzimagan narsalar tufayli emotsional reaksiya ko`rsatadi. Ularda isteriya tutqanog`i, qo`l-oyoqlarning funksional parezlari kuzatiladi. Davosi. Presenil psixozlarga uchragan bemorlar psixiatriya shifoxonalarida davolanishlari zarur. Ular hamshiralarning alohida kuzatuvi ostida bo`lishlari kerak. Dorilardan aminazin bilan birga mellipramin, tizersin, amitriptilin, galoperidol berish tavsiya etiladi. Ba`zi hollarda elektr bilan talvasaga solib davolash o`rinlidir. Presenil isteriyada trioksazin, elenium, aminazin buyuriladi. Psixoterapiya o`tkazish yaxshi natija beradi. Qarilik psixozlari. Bu kasallik bemorlarning bosh miya po`stlog`idagi asab hujayralari atrofiyaga uchrashi natijasida kelib chiqadi. Bu holat aqlpastlikning kuchayishiga olib keladi. Qarilik psixozlari 60–65 yoshdan boshlanadi. Bunda xotiraning pasayishi, yangi narsalarning zo`rg`a o`zlashtirilishi, bilgan narsalarni sedan chiqarib qo`yish holatlari kuzatiladi. Xotira pasayishining kuchayib ketishi natijasida bemorlar o`z yaqin qarindoshlarining ismlarini ham esdan chiqarib qo`yishadi. Bemorlarning harakatida maqsadsiz shoshqaloqliklar kuzatiladi. Konfabulatsiya, ya`ni bemorlar haqiqatda hech qachon bo`lmagan voqealar to`g`risida gapiradilar. Bunda ular tushkunlikka tushib, g`amgin fikrlar bilan yurishadi, lekin ko`ngillari xotirjam, beparvo bo`lishadi. Ular begona odamlar borligidan xijolat qilmay ashula aytib, raqsga tushadilar. Ko`pincha uyqusi buzilgan, kechalari bilan uxlolmaydilar, uydanuyga kirib aylanib yuradilar. Eshik-derazalarni yopilganmi yoki yo`qmi esdan chiqarib qo`yishadi, qaytadan tekshirib yurishadi. Kechasi bilan uxlolmay chiqqandan keyin kunduzlari mudroq bosib yuradi. Bemorlar gaplashib o`tirganda yoki ovqat yegan vaqtida uxlab qoladilar. Bunday bemorlarga o`g`riqdan qo`rqish (ziyon ko`rish) vasvasasi juda xarakterlidir. Bunda o`z narsalarini bekitib qo`yishadi yoki tanishlarinikiga olib borib qo`yadilar. Xotirasi ancha pasayib qolgani uchun o`z narsalarini qayerga qo`yganligini esdan chiqarib yuborishadi. Ba`zi bemorlar esa ochlikdan o`lishim mumkin, yegani hech narsam yo`q deb ishontirishadi yoki boshqa ziyon ko`rganlarini aytib yurishadi. Ular keraksiz narsalar (latta, quticha, shishalar)ni yig`ib yurishadi. Senil psixozida bemorlarning ko`pchiligida ishtaha zo`r, yaxshi bo`ladi. Yaqin kishilarning taqdiri ularni bezovta qilmaydi. Ba`zan hid bilish, eshitish illuziyalari, so`z, eshitish gallutsinatsiyalari, vaqt-vaqti bilan bosiqlik, hayajon paydo bo`lishi mumkin. Davosi. Ko`proq yod dorilari (3 % li kaliy yodid 1 osh qoshiqdan 3 mahal ichish uchun) beriladi. Uyqusizlikda uxlatadigan dorilar tavsiya qilinadi. Iliq vannalar buyuriladi. Vasvasalarda aminazin, triftazin, galoperidol, seduksen tavsiya etiladi.
| |
Просмотров: 3443 | |
Всего комментариев: 0 | |