Главная » Статьи » Tibbiyot

Bronxial astma

 

 

 

Bronxial astma infeksion, allergik kasallik bo‘lib, bronxlar muskulaturasi tortishib, qisqarishi natijasida odamning birdan nafasi qisib, bo‘g‘ilib qolishi, keyin yo‘talib yopishqoq balg‘am tashlashi bilan xarakterlanadi. Nafas chiqishining qiyinlashishi bu xurujning xarakterli xususiyatidir. Bu xurujlar o‘z-o‘zidan qaytalaydi. Ba’zi bemorlarda ular yilning ma’lum davrida paydo bo‘ladi. Xuruj soni turlicha bo‘ladi. Sutka davomida bir necha martadan bir necha kun, hatto hafta davomida bir-ikki martagacha.

Xuruj intensivligi ham turlicha — nafas paytida bo‘ladigan ko‘ngilsiz sezgidan bo‘g‘ilishi kabi og‘ir holatgacha bo‘ladi. Kasal­lik endi boshlanayotganida bo‘g‘ilish xuruji bir necha minutdan bir necha soatgacha davom etadi. Biroq, bemorlar astmatik holat­dan bir necha sutka davomida chiqa olmaydigan hollar ham ro‘y beradi.

Etiologiyasi. Bronxial astma etiologiyasida allergiya — turli moddalar (allergenlar) ta’siriga organizmning odatdan tashqari sezgir bo‘lib qolishi katta ahamiyatga egadir. Oziq-ovqat mahsu­lotlari, masalan, tuxum, shokolad, qulupnay, baliq va boshqalar, hidli moddalar, pichan, gullarning mayda-mayda zarralari, uy hayvonlarining mo‘ynasi, shuningdek, bakteriyalarning parcha- lanish mahsulotlari allergenlar bo‘lishi mumkin. Nafas organlarida infeksiya o‘chog‘i bo‘lsa, organizmning sensibilizatsiyalanishiga yo‘l ochib, kasallikning avj olib borishi va o‘tishiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois bronxial astma xurujlari ko‘pincha respirator infeksiyadan keyin boshlanadi.

Kasb-korga aloqador ba’zi omillar ham allergen bo‘lishi mumkin. Kasallik uzoq davom etganda bemorlar faqat uning sababchisi bo‘lgan oqsil moddaga emas, balki bir qator boshqa ta’sirlovchilarga (sovuq havo, turli yoqimsiz hidlar, psixik qo‘zg‘alish va h.k.) ham sezgir bo‘lib qolishadi. Astmaning sof reflektor xurujlari ham ma’lum bo‘lib, ular burun, xonalar, bronxlar, ovqat hazm qilish yo‘li hamda tananing boshqa yerlarida joylashadi, astmogen zonalar deb ataluvchi zonalarning ta’sirlanishi natijasida paydo bo‘ladi. Yuqumli kasalliklar, yuqori nafas yo‘llarining yallig‘lanishlari, zotiljam, bronxitlar ham bronxial astma paydo bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Klinikasi. Bronxial astma xuruji ko‘pincha to‘satdan, kechasi, hech qanday oldindan bo‘ladigan alomatlarsiz boshlanadi. Agar bo‘g‘ilish kechasi ro‘y bersa, bemorlar ko‘pincha ochiq oyna oldiga kelishlari yoki tashqariga chiqishlari lozim. Bu hol havo yetishmasligini biroz yengillashtiradi. Ba’zan xuruj vaqtida bemor­lar nafas olishni yengillashtirish uchun karavot qirrasi yoki oromkursiga astmatiklar uchun xos bo‘lgan holatda o‘tiradilar. Qo‘llari bilan tizza yoki oromkursi tutqichiga tiralib, yelkani qimirlatmaslik imkoniga ega bo‘lishadi va uning ko‘magida yor- damchi nafas mushaklaridan foydalanishadi.

Bemorlarning tashqi ko‘rinishi uning iztirob chekayotganini ifodalaydi. Nafas sur’ati minutiga 8—12 ta. Bemor qisqa-qisqa nafas oladi. Nafas bo‘linib-bo‘linib turadi va bemor xuddi havoni og‘zi bilan tutayotgandek tuyuladi. Nafasni qiynalib va cho‘zib chiqaradi. Hushtak ovozini eslatuvchi xirillash uzoqdan eshitiladi. Xuruj uzoq davom etganda yuz kerkib ketadi, ter bosadi, ko‘karadi, qo‘l- oyoqlar muzlaydi. Xuruj oxirida yopishqoq, oynasimon balg‘am ajratuvchi yo‘tal paydo bo‘ladi.

Xuruj vaqtida tana harorati o‘zgarmaydi. Kamdan kam hollarda u 38°C gacha ko‘tariladi. Tana harorati ko‘tarilganda bemorning ahvoli asta-sekin yaxshilana boradi va bo‘g‘ilish xuruji tugaydi. Xuruj tugagandan so‘ng harorat me’yorga qaytadi.

Xuruj vaqtida bemor ko‘zdan kechirilsa, uning nafas olish fazasida to‘xtab qolgandek tuyuluvchi kengaygan ko‘krak qafasini ko‘rish mumkin. O‘pkaning pastki chegarasi pastga tushgan, ular ekskursiyasi kuchli chegaralangan. Perkussiya vaqtida o‘pka ustida qutichasimon tovush eshitiladi. Eshitib ko‘rilganda o‘pkaning barcha qismida ko‘p miqdorda quruq hushtaksimon xirillash mavjud bo‘lib, ular, asosan, nafas chiqarish vaqtida eshitiladi.

Laboratoriya tahlili. Xuruj vaqtida balg‘amda eozinofiliya hujayralari, Kurshman spirallari va Sharko-Leyden kristallari topiladi. Qonda xurujdan tashqari paytda eozinofillar miqdori ko‘paygan bo‘ladi.

Asorati. Agar bo‘g‘ilish xurujlari tez-tez qaytalanib tursa, o‘pka- ning turg‘un emfizemasi rivojlanadi va bunga surunkali bronxit qo‘shiladi. Oxirida yurak faoliyati yetishmovchiligi ro‘y beradi.

Davolash. Dastlab kasallikni keltirib chiqaruvchi allergen aniq bo‘lsa, shunga qarshi kurash olib borish zarur. Bronxial astmani davolashda xurujda yordam berish va xurujlararo davrda davolashni o‘ziga xos tomonlari bor.

Bronxial astmaning yengil xurujlarida bemorga qulay sharoit yaratish, orqasiga yostiqlar qo‘yish, derazalarni ochish, xonaga iloji boricha toza havo kirishini ta’minlash zarur. Yengil xurujlarda bemorlarga og‘iz orqali bronx kengaytiruvchi moddalarni ingalatsiya yo‘li bilan berish zarur (astmopent, salbutamol, berotek, atro- vent, berodual). Xurujning har qanday holatida issiq sodali suyuq­liklar ichish, oyoqqa xantalli vannalar qilish, ko‘krak qafasiga xantallar qo‘yish tayinlanadi. Antigistamin dorilar buyuriladi (suprastin, dimedrol). Xuruj davom etganda eufillin, efedrin buyuriladi.

Bronxial astmaning o‘rtacha va og‘ir turlarida bemorning holatini diqqat bilan kuzatish talab qilinadi. O‘rta tibbiyot xodimi bemorni tinchlantirishi, kasallikning yaxshi oqibatlariga unda ishonch hosil qildirishi kerak. Zudlik bilan shifokorni chaqirish va u kelgunicha, kerakli yordamni berishi zarur: toza havo kelishini ta’minlash, qulay sharoit yaratish (bemor o‘tirgan holatda, qo‘llari bilan tizzalariga tirangan holatda). Bunday holatda bemorga namlangan kislorod berish, infuzion terapiya uchun kerakli jihozlarni tayyorlab qo‘yish lozim (eufillin, reopoliglukin, glukoza, kortikosteroid gormonlar, geparin, adrenalin gidroxlorid, atropin sulfat). Og‘ir bemorlar uchun kortikosteroidli ingalatorlar (beklamed, bekoit) yaxshi yordam beradi. Yangi kortikosteroidli ingalator «Ingokort» uzaytirilgan ta’sir etuvchi bo‘lib (12 soatgacha), undan sutkasiga 2 mahal — ertalab va kechqurun foydalanish mumkin. Shundan so‘ng bemorlar og‘izlarini chayqashlari kerak, chunki kortiko- steroidlar og‘iz bo‘shlig‘i kandidozini keltirib chiqarishi mumkin.

Hamshira bemorlarga ingalatordan to‘g‘ri foydalanish qoida- larini o‘rgatishi kerak. Buning uchun bemor chuqur nafas chiqar- gandan so‘ng ingalatorni og‘ziga mahkam ushlagan holda nafas oladi va iloji boricha nafasni 10 sekund ushlab turadi.

Kasallikning remissiya bosqichida sanatoriy-kurort davolari olib boriladi. Bunda tog‘li tumanlarda joylashgan sanatoriylar, ayrim hollarda yashash joyini o‘zgartirish yoki uy jihozlarini almashtirish (o‘rin-ko‘rpalarini) ham foyda beradi. Bronxial astma bilan og‘rigan bemorlarga davo qilishni kasallikning xuruji vaqtida qilinadigan davo choralariga va kasallik xurujlari o‘rtasida qilinadigan davoga ajratish mumkin.

Profilaktikasi. Bronxial astmaning oldini olish uchun yoshlikdan boshlab chiniqish, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanish, suv muolajalari, havo vannalari qabul qilish kerak. Xususan, odam o‘zini yuqumli kasalliklardan ehtiyot qilishi, sifatli ovqatlar yeb turishi, og‘zini doimo toza tutishi lozim. Bemor yashaydigan xona ozoda bo‘lishi, har kuni supurib-sidirish, ho‘l latta bilan polni artib turish darkor.

 

Категория: Tibbiyot | Добавил: azizjon_ibragimov (17.05.2016)
Просмотров: 2330 | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar