Главная » Статьи » Tibbiyot

Me’daning sekretor funksiyasini sinov nonushtasidan keyin tahlil qilish

 

 

 

 

Me’daning sekretor funksiyasini aniqlashda bemor me’da shirasi ajralib chiqishi uchun tekshirishdan oldin ma’lum ta’sirlovchi ovqat yeyishi kerak. Boas-Evaldning sinov nonushtasi keng tarqalgan qitiqlagich bo‘lib, u 50 g suvi qochgan oq non yoki sirti ajratib olingan yog‘siz bulka va 400 ml suv yoki xona haroratidagi uncha shirin bo‘lmagan choydan iborat. Bemor sinov nonushtasini 10 minut davomida tanovul qilishi kerak. Sinov nonushtasidan keyin oradan 45 minut o‘tgach, zond kiritilib, me’dadagi barcha narsalar tashqariga chiqariladi. Bunda me’dadan chiqqan narsaning miqdori, rangi, bulkaning qanchalik maydalangani, hidi, shilliq va turli aralashmalarning borligiga ahamiyat beriladi.

Me’da ichidan chiqarib olingan suyuqlik miqdori, odatda, 100—120 ml.dan oshmaydi. Agar me’dadan ko‘p miqdorda suyuqlik chiqqan bo‘lsa, bu yo gipersekretsiyani yoki me’da ichidagi narsaning o‘n ikki barmoqli ichakka o‘tishi sekinlashganini ko‘r- satadi. Buning haqiqiy sababini aniqlash uchun me’da ichidan olin­gan suyuqlik darajalarga bo‘lingan idishga solinib, 1 soat qo‘yib qo‘yiladi. Shundan so‘ng tig‘iz cho‘kmaning suyuqlik qolgan qismiga bo‘lgan nisbati aniqlanadi. Me’yorda cho‘kma me’dadan olingan narsalarning 30—50 % ini tashkil qiladi. Agar cho‘kma ancha ko‘p bo‘lib, 70—80 % ini tashkil qilsa, bu hol me’dadagi narsalar evakuatsiyasi susayganini ko‘rsatadi, agar cho‘kma kam bo‘lib, 15—20 % ni tashkil qilsa, bu hol ovqat gipersekretsiyasidan dalolat beradi. Me’da ichidan olingan suyuqlik miqdori kam, masalan, 30—40 ml bo‘lsa, bu hol ularning o‘n ikki barmoqli ichakka evakuatsiyasi tezlashganini yoxud me’da shirasi sekretsiyasining kamayganini ko‘rsatadi.

Me’da ichidan olingan suyuqlikning rangi me’yorda och-sariq loyqa suyuqlikdir. Agar unga o‘t aralashgan bo‘lsa, me’da shirasi kislotaliligi normal holda bo‘lganda u yashil, axiliyada esa sariq rangga ega bo‘ladi. Me’da ichidagi suyuqlikda qon bo‘lsa, uning rangi qizil yoki qora-jigarrang bo‘ladi va bu rang undagi qon miqdori hamda muhitning nordonligiga bog‘liq bo‘ladi.

Me’da ichidagi suyuqlik me’yorda nordonroq hidga ega. Me’dada achish jarayoni kechayotgan hollarda unda moy va sirka kislotasi bo‘lganda, u kuygan yog‘ yoki sirka hidini beradi. Sassiq hid oqsillarning me’dada chirishidan dalolat beradi, bu hol ovqatning me’dada uzoq vaqt turib qolishi va unda xlorid kislotaning bo‘lmasligi tufayli ro‘y beradi. Ammiak hidi uremiyada, aseton (ivitilgan olma) hidi esa diabetda ko‘p.

Bulkaning maydalanish darajasi muhim ahamiyatga ega. Me’da shirasida xlorid kislotasi va pepsin miqdori normal yoki yuqori bo‘lsa, me’dadagi narsa bir xildagi bo‘tqa ko‘rinishiga ega bo‘lib, bulkaning yaxshi maydalanganligini ko‘rsatadi. Xlorid kislotasi me’da shirasida kam miqdorda bo‘lsa yoki bo‘lmasa, me’dadagi narsada yomon maydalangan bulkaning bo‘laklari ko‘rinadi. Me’dadagi suyuqlikni kimyoviy tekshirish undagi umumiy kislotalilikni, erkin va bog‘liq xlorid kislotasi, sut kislotasi, pep­sin miqdorini va yashirish qon borligini aniqlashdan iborat.

Umumiy kislotalilikni aniqlashda stakanchaga me’daning sentrifugalangan va filtrlangan suyuqligidan 10 ml olinib, unga nordon muhitda rangsiz qoladigan, ishqorli muhitda esa pushti rangga bo‘yaladigan fenolftaleinning spirtdagi 1 % li eritmasining 1—2 tomchisi indikator sifatida qo‘shiladi. So‘ng aralashtirib turib, natriy ishqorning detsinormal eritmasi turg‘un pushti rang hosil bo‘lguncha byuretkadan tomiziladi va bu hol tekshirilayotgan suyuqlikning nordon reaksiyasi to‘la neytrallashganini ko‘rsatadi. Byuretkadagi darajalarga qarab sarflangan natriy ishqorning miqdori aniqlanadi. Umumiy kislotalilikni 100 ml me’da suyuqligini neytrallash uchun zarur bo‘lgan natriy ishqori detsinormal eritmasining kub santimetrli raqami bilan ifodalash qabul qilingan.

Aytaylik, 10 ml me’da suyuqligi filtratdagi barcha nordon faktorlarni neytrallash uchun natriy ishqorning 5,2 detsinormal eritmasi sarflangan, bunda u 100 ml.ga o‘n marta ko‘p, ya’ni 52 ml sarflanishi kerak. Demak, ayni holda umumiy kislotalilik 52 ga teng. Me’yorda me’dadagi suyuqlikning umumiy kislotaliligi 60—40 ga teng. 40 dan past bo‘lgan raqamlar kislotalilikning pasayganini (gipoasiditas), 60 dan yuqorisi esa uning oshganini (giperasiditas) ko‘rsatadi.

Xlorid kislotaning sinov nonushtasi oqsillari bilan bog‘liq bo‘lmagan qismi erkin xlorid kislota deb ataladi. Erkin xlorid kislotani aniqlashda me’da suyuqligining 10ml filtrati stakanchaga quyiladi. 2—3 tomchi dimetilamidoazo-benzolning 0,5 % suvdagi eritmasi indikator sifatida qo‘shiladi. Bu indikator mavjud bo‘lganda erkin xlorid kislota tutuvchi suyuqlik och qizil rangga bo‘yaladi. So‘ng erkin xlorid kislotaning to‘liq neytrallanganini ko‘rsatuvchi zarg‘aldoq rangga kirguncha natriy ishqorning detsinormal eritmasi tomchilab qo‘shiladi. Titrlash uchun sarflangan natriy ishqorning kub santimetrdagi miqdori 10 ga ko‘paytiriladi. Olingan son erkin xlorid kislota miqdorini ko‘rsatadi. Me’yorda Boas-Evaldning sinov nonushtasidan keyin ajralgan erkin xlorid kislotaning miqdori 40—20 ga teng. Erkin xlorid kislotaning bo‘lmasligi anatsiditas deb ataladi.

Agar me’dadan chiqarib olingan suyuqlikda xlorid kislota borligini tez aniqlash zarur bo‘lsa, sifat reaksiyalardan foyda­laniladi: 1) qizil qog‘ozga me’da suyuqligidan bir nechta tomchi tomiziladi. Xlorid kislota bor bo‘lsa, qizil qog‘oz ko‘karadi; 2) me’- daning tekshirilayotgan suyuqligining bir necha tomchisi shisha tayoqcha bilan predmet oynasiga olib qo‘yiladi va unga bir tomchi dimetilamidoazo-benzolning 0,5 % li spirtli eritmasi qo‘shiladi. Erkin xlorid kislota mavjud bo‘lgan hollarda u qizil rangga, bo‘l- maganda esa zarg‘aldoq rangga kiradi.

Xlorid kislotaning sinov nonushtasi oqsillar yoki parchala- nayotgan o‘sma, ekssudat oqsillari va boshqalar bilan bog‘liq qismi bog‘langan xlorid kislota deb ataladi.

Bog‘langan xlorid kislota miqdorini aniqlash uchun stakanchaga me’daning filtrlangan suyuqligidan 10 ml olinib, unga 2—3 tomchi 1 % li nordon alizarinsulfon natriyning suvdagi eritmasi (indikator) qo‘shiladi va tomchilab natriy ishqorning detsinormal eritmasi bilan nordon alizarinsufat natriyning sariq rangi binafsharangga o‘tguncha titrlanadi.

Aytaylik, 10 ml me’da suyuqligini titrlash uchun 3 ml natriy ishqori ketdi, bunda 100 ml.ga 30 ml ketishi kerak. Shunday qilib, barcha kislotalarni bog‘lash uchun (bog‘langanidan tashqari) 30 ml natriy ishqori kerak. Demak, agar umumiy kislotalilik, masalan, 52 ni tashkil qilgan bo‘lsa, u holda bog‘langan 52—30=22 ga teng bo‘ladi. Me’da suyuqligidan erkin yoki bog‘langan xlorid kislota, shuningdek, pepsin ham bo‘lmasa, buni axiliya deb yuritiladi.

Pepsinni aniqlash. Probirkaga me’da suyuqligi filtratidan 10 ml olinadi va unga ivigan tuxum oqsili yoki yaxshilab yuvilgan oz miqdordagi fibrin solinadi. Probirka 37—38°C li termostatda saqlanadi. Agar oqsil qisqa vaqt ichida erib ketsa, bu hol me’dadagi narsa tarkibida pepsin borligini ko‘rsatadi.

Sut kislotasi normal me’da shirasida bo‘lmaydi. U me’dada erkin xlorid kislotasi bo‘lmaganda va unda ovqat turib qolganda achish jarayoni sodir bo‘lganda hosil bo‘ladi. Bu ikki sharoit ko‘pincha me’da saratonida bo‘ladi va shuning uchun me’da suyuqligida sut kislotasi bo‘lishi kasallikning asosiy belgisi hisoblanadi. Nonda sut kislotasi oz miqdorda bo‘ladi. Shuni hisobga olib, sut kislotasi faqatgina nahorga olingan me’da suyuqligida aniqlanadi. Sut kislotasi bir yarim xlorli temir bilan bo‘ladigan sinama yordamida aniqlanadi. Probirkaga 5 ml 4 % li karbol kislotasining eritmasi quyiladi va undan ikki barobar ko‘p miqdorda distillangan suv solinadi. Bu aralashmaga bir tomchi bir yarim xlorli temir solinadi, shundan so‘ng eritma ko‘k-ametist rangga bo‘yaladi. So‘ng unga tekshirila­yotgan me’da suyuqligi filtratidan bir necha tomchi tomiziladi va bu tomchilar probirka tubiga tushadi. Agar me’dadagi suyuqlik tarkibida sut kislotasi bo‘lsa, probirka tubida sariq rang hosil bo‘ladi.

Yashirin qonni aniqlash me’da-ichak yo‘li shilliq pardasida yara borligini (masalan, me’da yarasi va saratonida) bilish uchun katta ahamiyatga ega. Me’da suyuqligi tarkibidagi ko‘zga ko‘rin- maydigan qon gvayak qatron reaksiyasi yordamida aniqlanadi. Bu reaksiya quyidagidan iborat: probirkaga 5—10 ml filtrlanmagan me’da suyuqligidan solinadi, unga 1—2 ml muz sirka kislotasi va 5—10 ml efir qo‘shiladi, probirkani yaxshilab chayqatib, bir necha vaqt qo‘yib qo‘yiladi. Bir necha vaqtdan so‘ng efir qavati hosil bo‘ladi va u boshqa probirkaga olinadi. Bu efir qavatiga 10 tomchi yangi 1 % li gvayak qatronining spirtdagi eritmasi va 20 tomchi eski (ozonlashgan) skipidar yoki 3—5 % li vodorod peroksid qo‘shiladi. Qon bo‘lgan taqdirda, bir necha minutdan so‘ng qora-binafsha yoki qora rang paydo bo‘ladi.

Me’da suyuqligi cho‘kmasini tekshirish. Ishonchli diagnostik ma’lumot olish uchun nahorga olingan me’da suyuqligi cho‘kmasini tekshirish kerak. Idish tubidan me’da suyuqligidan 1 tomchi olinib, buyum oynasiga qo‘yiladi va yopuvchi oyna bilan berkitilib, mikroskop ostida tekshiriladi. Me’yorda cho‘kmada yakka-yolg‘iz leykotsitlar, epitelial hujayralar, hujayra yadrolari va oz miqdorda shilliq tolalari topiladi. Patologik hollarda cho‘kmada ko‘ndalang chiziqlari saqlanib qolgan mushak tolalari, turli kattalikdagi tomchilar shaklidagi yoki yog‘ kislotalari kristallari shaklidagi yog‘, kraxmal donalari, eritrotsitlar, ko‘p miqdorda leykotsitlar, ko‘p shilliq, achitqi zamburug‘lar, sarsinalar, saraton hujayralari, shish zarrachalari, shilliq parda parchalari bo‘ladi.

Me’da suyuqligini ingichka zond bilan tekshirish. Meda suyuqligini yo‘g‘on zond yordamida olish ba’zan me’da sekre- tsiyasi haqida to‘liq tasavvur bermaydi, shuning uchun ba’zi hollarda ingichka zond bilan tekshirish (fraksion usul)dan foydalaniladi.

Ingichka zond—rezinadan yasalgan, elastik, diametri 4 mm, uzunligi 1 m, oxiri berk bo‘lib, yonboshida oval teshigi bor. Uchidan 60 sm narida belgi bor. Ingichka zond bemorning faol yordamida kirgiziladi, bunda u zondni shoshmasdan yutishi va burun orqali nafas olishi kerak. Zond ko‘rsatilgan belgiga yetgach (40 sm), me’da suyuqligi 20 grammli shpris yordamida so‘rib olinadi. Shundan so‘ng me’daga suyuq nonushta yuboriladi (300 ml suv va 0,2 g Soffeini purgi yoki 300 ml 5 % li vino spirti eritmasi yoxud 200 ml go‘sht bulyoni), nonushtaga me’daning harakat faoliyatini o‘r- ganish uchun 1 % li metilen sinkasining eritmasidan bir necha tomchi qo‘shilgan bo‘ladi: har 10 minutda me’da suyuqligi 10 ml olinib, sinkani yo‘qolish davri aniqlanadi va 30—60 minut davomida so‘rib olish davom ettiriladi. Butun tekshirish jarayoni 100—110 minut davom etishi mumkin.

 

Категория: Tibbiyot | Добавил: azizjon_ibragimov (17.05.2016)
Просмотров: 2148 | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar