Главная » Статьи » Tibbiyot

Najasni tekshirish

 

 

Najasni tekshirish natijalari materialni yig‘ib olishga ko‘p jihatdan bog‘liq. Najas defekatsiyadan kechi bilan 8—12 soat keyin tekshirilishi kerak. Material toza, quruq idishga olinadi. Najasni unda gijja tuxumlari, qon sterkobilin bor-yo‘qligini tekshirish uchun material olinganida parafinlangan stakanchalardan foydalanish maqsadiga muvofiq bo‘lsa, ovqatning nechog‘liq hazm bo‘lganligini aniqlash uchun defekatsiyada chiqqan hamma najasni yig‘ib olish kerak bo‘lganida kattagina shisha idish ishlatish lozim.

Bir qancha hollarda koprologik tekshirish oldidan bemorni maxsus tayyorlash zarur bo‘ladi. Tekshirishdan maqsad yashirin qon borligini aniqlash bo‘lsa, uni aniqlashga qaratilgan reaksiyaga ko‘rsata oladigan masalliqlarni uch kungacha ovqatga ishlatmaslik kerak. Go‘sht, baliq, ko‘k sabzavotlarning hamma turlari, pomi- dorlar ana shunday masalliqlardir. Huqnadan va surgi dori ichilganidan keyin, shamchalar holidagi dorilar qo‘yilganidan so‘ng kanakunjut moyi yoki vazelin moyi hamda axlatning rangini o‘zgartiradigan dorilar (temir, vismut, bariy) ichilganidan keyin tekshirishga axlat yuborish yaramaydi.

Najasni tekshirish makroskopik, mikroskopik, kimyoviy va bakteriologik tekshirishga bo‘linadi. Makroskopik tekshirishda axlat­ning konsistensiyasi va shakliga, rangiga, hidiga, hazm bo‘lmay qolgan ovqat qoldiqlari va patologik aralashmalar bor-yo‘qligiga ahamiyat beriladi.

Me’yorda najas zichroq konsistensiyaga (tarkibida 80—85 % suv bor), silindrsimon shaklga ega bo‘ladi. Ichak peristaltikasining zo‘rayishi suv so‘rilishining buzilishiga olib keladi, shuning natijasida najas bo‘tqasimon, shaklsiz bo‘lib qoladi. Ich qotib ketganda axlat kichik-kichik qattiq qumaloqlar ko‘rinishida tushishi mumkin. Qo‘y qumalog‘i deb shuni aytiladi. Najasning tasmasimon bo‘lishi to‘g‘ri ichakda to‘siq (o‘sma, poliplar, sfinkter spazmi) borligiga aloqador bo‘lishi mumkin. Najas, odatda, qo‘ng‘iroq-jigarrang tusda bo‘ladi, bu — ichak mikroflorasi ta’sirida bilirubindan hosil bo‘ladigan pig- ment-sterkobilin borligiga bog‘liq.

Ba’zi dori moddalarini ichish va ba’zi mahsulotlarni iste’mol qilish natijasida najas rangi o‘zgarib qolishi mumkin. Masalan, temir, vismut, meksaform singari preparatlar axlatni qora-gungurt rangga kiritib qo‘yadi. Najas rangining patologik o‘zgarishlaridan uning rangsizlanib qolishini aytib o‘tish kerak, o‘t chiqaruvchi yo‘llarning tiqilib qolishi natijasida ichakka o‘t tushmay qolganda axlat shu tariqa rangsizlanadi. Bunday najas axolik axlat deb ataladi. Ma’da-ichak yo‘lining yuqori bo‘limlaridan qon ketganida, qoramoyga o‘xshash qop-qora axlatni ko‘rsa bo‘ladi. Bunday axlat melena deb ataladi.

Najas hidi oqsil parchalanishining mahsulotlari, asosan, indol va skatol miqdoriga bog‘liq. Ovqat ratsionida oqsil ko‘p bo‘lsa, asosan, o‘simlik ovqatlar iste’mol qilinganidagiga qaraganda najas hidi ko‘proq bilinadigan bo‘ladi. Chirish jarayonlari avj olib ketganida axlat qo‘lansa hidli bo‘lib qoladi. Ichakda bijg‘ish jarayonlari zo‘rayganida najas achimsiq hidga kiradi, bu unda moy sirka va valerianat kislota bo‘lishiga bog‘liq.

Mikroskopik tekshirishda hazm bo‘lmay qolgan ovqat qoldiqlari to‘g‘risida to‘liq ma’lumot olish mumkin. Ovqatga aloqador bo‘lmagan patologik aralashmalar jumlasiga shilimshiq, yiring, qon, o‘sma zarralari, ichak parazitlari kiradi. Mikroskopik tekshirish uchun kichkina najas bo‘lagi suvli hovonchada emulsiya holiga kelguncha eziladi, so‘ngra buyum oynalariga shisha tayoqcha bilan shu emulsiya tomchilari tushiriladi va bir nechta preparat: nativ preparat, Lyugol eritmasi bilan, mentilen ko‘ki bilan, sirka kislo- tadagi sudan III eritmasi bilan bo‘yalgan preparatlar tayyorlanadi. Bular mikroskopik kichik (x8) va katta (x40) obyektivi bilan tekshiriladi.

Najas mikroskop bilan tekshirilganda differensiyalanmagan mayda-mayda tuzilmalardan iborat amorf massa bo‘lmish detrit fonida muskul tolalarini ko‘rish mumkin, bular konturlari aniq bilinib turadigan to‘g‘ri to‘rtburchakli yoki oval shaklda, yuzasi silliq (hazm bo‘lib ketgan tolalari) yoki ko‘ndalang yo‘l-yo‘li saqlanib qolgan (hazm bo‘lmagan tolalar), sarg‘ish tuzilmalar ko‘rinishida bo‘ladi. Ichak peristaltikasi kuchayganida, me’daosti bezi funksiyasi yetishmay qolgan, me’daning sekretor funksiyasi pasaygan paytlarda bular ko‘payib ketadi (kreatoreya). Axiliyada, me’daosti bezi yetishmovchiligida, ovqat yaxshi chaynalmay qolgan paytda yorug‘likni sindiradigan tolasimon tuzilmalar ko‘rinishidagi biriktiruvchi to‘qima paydo bo‘ladi.

Najasda uchraydigan o‘simlik kletchatkasi hazm bo‘lmaydigan va hazm bo‘ladiganga bo‘linadi. Hazm bo‘lmaydigan kletchatka axlatda doimo uchrayveradi, chunki u hazm jarayonida parcha- lanmaydi. Bu kletchatka har xil shaklda, rangda bo‘lib, ro‘y-rost ko‘rinib turadi.

Hazm bo‘ladigan kletchatka dumaloq, nozik hujayralar ko‘ri- nishida bo‘ladi, normal axlatda uchramaydi. Peristaltika kuchay- ganida, anatsid holatda ichak florasining hayot faoliyati ayniganida bunday kletchatkani topish mumkin. Yuqorida ta’kidlab o‘tilgan ovqat qoldiqlarini nativ preparatda ajratib olsa (differensirovka qilsa) bo‘ladi. Kraxmal (amiloreya)ni topish uchun Lyugol eritmasi bilan bo‘yalgan preparat o‘rganiladi. Kraxmal hazm bo‘lish bosqichiga qarab, binafsha yoki qizg‘ish rangga bo‘yaladi. Kraxmal hujayra ichida va undan tashqari bo‘lishi mumkin. Amiloreya me’daosti bezi funksiyasi buzilganda ko‘rilishi mumkin, ko‘pincha esa ichak bakterial florasi hayot faoliyatining buzilishida xarakterli bo‘ladi. Najasda yog‘ (steatoreya), neytral yog‘ tomchilari, yog‘ kislota- larining kristallari va tomchilari hamda yog‘ kristallari tuzlarining kristallari yoki bo‘laklari ko‘rinishida bo‘lishi mumkin.

Neytral tomchilari ham, yog‘ kislotalarining tomchilari ham sudan III bilan bo‘yalsa, metilen ko‘ki bilan faqat yog‘ kislota- larining tomchilari bo‘yaladi. Ularni bir-biridan ajratib olish (differensirovka qilish) uchun ham shundan foydalaniladi. Mik- roskop bilan tekshirilayotgan preparatlarda ovqat qoldiqlaridan tashqari, shilimshiq leykotsitlar, eritrotsitlar va silindrsimon epiteliy hujayralarini topish mumkin. O‘tkir yallig‘lanish jarayonarida bu elementlar ko‘p uchraydi.

Najasdagi yashirin qonni aniqlash. Tekshirishdan avval bemorga 2-3 kun davomida go‘shtsiz ovqatlar berilib, milkida yara yo‘qligi tekshiriladi. Agar milkda yara bo‘lsa, yashirin qonga bo‘lgan reaksiyani qo‘llab bo‘lmaydi, chunki bunda ichakka milkdan oz miqdorda qon tushib,u sinama yordamida aniqlanadi. Milklar kasal bo‘lganda tekshirishdan 2—3 kun oldin tishni cho‘tka bilan yuvish taqiqlanadi.

Gvayak qatroni sinamasi. Chinni havonchaga 5 grammcha najas solinib, 10 tomchi muz sirka kislotasi, 5—10 ml suv qo‘shiladi va bo‘tqasimon konsistensiya hosil bo‘lguncha aralashtiriladi, shundan so‘ng bu aralashmani probirkaga quyib 5 ml efir qo‘shiladi. Probirkani tiqin bilan bekitib, bir necha marta to‘nkariladi. Bunda qon efir bilan birikib, najasdan ajraladi. Shundan so‘ng aralashma tinguncha kutib turiladi. So‘ng yuqorida ajralib chiqqan efir boshqa probirkaga olinib, unga 1—2 ml yangi tayyorlangan gvayakning spirtli eritmasidan va bir necha tomchi usti ochiq qoldirilgan eski skipidardan yoki 1 ml vodorod peroksididan qo‘shiladi. Najasda qon mavjud bo‘lsa, havorang hosil bo‘ladi.

Benzidin sinamasi. Probirkaga 2 ml muz sirka kislotasi quyilib, unga oz miqdorda (pichoq uchida) benzidin solinadi. Probirkadagi suyuqlik bir xil konsistensiya hosil qilguncha aralashtiriladi. So‘ng birinchi benzidinli probirkaga vodorod peroksidning 3 % li erit­masidan 20 tomchi qo‘shiladi va unga ikkinchi probirkada bir necha tomchi suyultirilgan najas solinadi. Najasda qon bo‘lsa, probirkadagi aralashma och yashil-ko‘k rangga bo‘yaladi.

Gregersen modifikatsiyasi. Tekshirishdan avval 5 ml 50 % li sirka kislotada 25 mg benzidin va 0,1 g vodorod peroksid eritiladi. So‘ng tekshiriladigan najas buyum oynasiga yupqa qilib surkalib, unga 1—3 tomchi yangi tayyorlangan eritma tomiziladi. Najasda qon bo‘lsa, u och yashil-ko‘k rangga bo‘yaladi. Bo‘yoqning hosil bo‘lish muddati najasdagi qonning miqdoriga bog‘liqdir.

Gvayak qatroni bilan ko‘zga ko‘rinmaydigan qonni aniqlash sinamasining sezgirligi juda past. Benzidin sinamasi ancha sezgir. Laboratoriyalarda ko‘pincha Gregersen modifikatsiyasidagi benzidin reaksiyasidan foydalaniladi. Ko‘zga ko‘rinmaydigan qonga bo‘lgan musbat reaksiya me’da-ichak yo‘lida (yara kasalligida, me’da yoki ichak saratonida va polipozda) yashirin qon ketayotganini ko‘rsatadi.

Najasdagi sterkobilinni aniqlash. Najasda sterkobilin borligini aniqlashda Shmidt reaksiyasidan foydalaniladi. U quyidagidan iborat. Petri idishi tubiga bir-biridan alohida ravishda ikki bo‘lak tekshiriluvchi najas solinadi. Ularning biriga sulemaning to‘yingan (5 % li) eritmasi, ikkinchisiga — distillangan suv solinadi va 24 soat davomida termostatga qo‘yib qo‘yiladi. Najasda sterkobilin bo‘lsa, 24 soatdan so‘ng sulema solingan bo‘lak pushti rangga bo‘yaladi, ikkinchisi esa o‘z rangini o‘zgartirmaydi. Sterkobilinga bo‘lgan reaksiya manfiy bo‘lsa, demak, jigardan o‘n ikki barmoqli ichakka o‘t tushmas ekan. Bu holni o‘t chiqaruvchi yo‘llar tosh, o‘sma, askarida bilan bekilib qolganda, shuningdek, jigar paren- ximasida patologik jarayonar bo‘lganda kuzatish mumkin.

Me’yorda najas reaksiyasi taom turiga bog‘liq — neytral, kuchsiz ishqorli yoki kuchsiz kislotali bo‘lishi mumkin. Ichakda achish jarayonlari yaxshi kechganda, unda achish kislotalari to‘planishi oqibatida najas muhiti kuchli nordon bo‘ladi. Ichakda chirish jarayoni bo‘lganda oqsillardan ammiak hosil bo‘lib, u axlatda ishqoriy muhit paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Najas muhiti uning parchasiga lakmus qog‘ozini tekkizish yo‘li bilan aniqlanadi.

Ishqoriy muhitda qizil lakmus qog‘ozi ko‘karadi, nordon sharoitda esa ko‘k lakmus qog‘ozi qizaradi.

Gelmintozlarni aniqlash. Najasda ichak parazitlari yakka holda (dumaloq gijjalar) yoki alohida yassi bo‘g‘inlar (tasmasimon gijja­lar) shaklida ko‘rinishi mumkin. Dumaloq gijjalardan ko‘pincha askarida va ostritsalar uchraydi. Tashqi ko‘rinishiga ko‘ra, askaridalar yomg‘ir chuvalchangini eslatadi. Ular dumaloq, pushti rang, uchlari o‘tkir, bo‘yi 25 sm.gacha bo‘ladi. Ostritsalar oq, ingichka, uzunligi 1 sm.gacha bo‘ladi. Ular, odatda, najasning yuzasiga joy­lashgan bo‘ladi.

Tasmali gijjalarning bo‘g‘inlari uzun, yassi to‘rtburchak shaklida bo‘lib, ularning bo‘yi 1—2 sm va bir tomoni ko‘tarilgan holda turadi. Tasmali gijja tashqariga chiqqanda uning bosh qismini topish juda ahamiyatli, chunki u chiqqandan keyingina, bemor gijjaning bu turidan butunlay qutuldi deb hisoblash mumkin. Uning boshini topish uchun axlatni suv bilan yaxshilab aralashtirib, elakdan o‘tkazish kerak, shundan so‘ng elakda parazit bilan qolgan axlat yana bir marta yuviladi. Butun gijjalar yoki ularning bo‘g‘inlari axlat bilan deyarli kam ajralgani uchun ularni topishning asosiy usuli — axlatda parazit tuxumi bor-yo‘qligini tekshirishdir. Bunday tekshirish mikroskop yordamida o‘tkaziladi.

Gijjalar tuxumi najasda quyidagicha topiladi. Najasning turli joylaridan bir nechta bo‘lagi olinib, probirkaga solinadi va unga miqdori olingan axlatdan 20 marta ko‘p bo‘lgan suv qo‘shiladi. Probirkadagi suyuqlik shisha tayoqcha yordamida yaxshilab aralashtirilib, 2 soat qo‘yib qo‘yiladi. Shundan so‘ng pipetka bilan probirka tubidagi cho‘kmadan olinib, buyum oynasiga tomiziladi va yopuvchi oyna bilan berkitiladi hamda mikroskop ostida ko‘riladi. Agar gijjalar tuxumi topilmasa, tekshirishni yana bir necha marta takrorlash kerak. Mikroskop ostida ko‘rilganda gijjalar tuxumi yumaloq, ba’zan oval shaklida ko‘riladi. Ular bir-biridan shakli, kattaligi, qobig‘ining tuzilishi va rangiga qarab farq qiladi. Askarida tuxumi oval shaklga ega. U boshqa gijjalar tuxumidan tashqi qobig‘ining g‘adir-budurligi bilan farq qiladi. Ular jigarrang bo‘lib, juda ko‘p mayda donalarga ega.

Ostritsa tuxumi ham shunday kattalikka ega, oval shaklida, lekin uning qobiq konturi tekis. Tuxum ichida zarodish lichinkasi ko‘rinib turadi. Buqa solityori tuxumi dumaloq, askarida tuxumidan biroz kichik qobig‘ida radial chiziqlar bor. Tuxum ichida 6 ta embrional ilgakni ko‘rish mumkin. Cho‘chqa solityorining tuxumi buqa solityori tuxumidan hech farq qilmaydi. Keng tasmasimon gijja tuxumi boshqa tasmali gijjalar tuxumidan 2—3 marta katta va oval shakliga ega bo‘lib, silliq yupqa qobiq bilan qoplangan. Uning ichi katta donali, tut mevasini eslatadi. Qilbosh tuxumi cho‘ziq- oval shaklida bo‘lib, uchlari sharsimon tuzilmaga ega. Qobig‘i qalin, tillarangga bo‘yalgan bo‘ladi.

Категория: Tibbiyot | Добавил: azizjon_ibragimov (17.05.2016)
Просмотров: 22484 | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar