Главная » Статьи » Tibbiyot |
Duodenal suyuqlik ichak shirasi, o‘t, me’daosti bezi shirasi, pilorus orqali o‘n ikki barmoqli ichakka o‘tgan me’da shirasi va oz miqdordagi shilliqdan iborat. Ba’zi kasalliklarda duodenal suyuqlikka qon, yiring, shilliq, normal tarkibidagi o‘t va me’daosti bezi shirasi va h.k. aralashgan bo‘ladi. O‘n ikki barmoqli ichak suyuqligini tekshirish muhim diagnostik ahamiyatga ega. Uni olish uchun duodenal zonddan foydalaniladi, bu zond 1,5 m uzunlikdagi ingichka rezina naychadan iborat, uning oxirida metall oliva bo‘ladi. Olivadagi teshik orqali suyuqlik osonlik bilan zond ichiga kira oladi. Oliva qayerda joylashganligini bilish uchun zondda uchta belgi bor. Ularning birin- chisi olivadan 40 sm narida bo‘lib, u kurak tishlardan me’da kardiasigacha bo‘lgan masofani ko‘rsatadi, ikkinchisi 56 sm narida, ya’ni kurak tishlaridan pilorusgacha, uchinchisi 70 sm narida, ya’ni kurak tishlaridan fater so‘rg‘ichigacha bo‘lgan yerni ko‘rsatadi. Bu naycha o‘n ikki barmoqli ichakka nahorga kiritiladi. Kiritishdan avval zondni qaynatish va ho‘llash kerak. Duodenal zondni kiritish texnikasi quyidagicha: bemorni o‘tqazib qo‘yib oliva yuttiriladi, so‘ng yutish harakatlari bilan zond birinchi belgigacha kiritiladi, shundan so‘ng bemorni yoshboshlatib yotqizgan holda uning chanog‘i tagiga yostiq qo‘yiladi va ikkinchi, keyin uchinchi belgigacha yutish tavsiya qilinadi. Shu holatda bemor 45—60 minut bo‘lishi kerak. Ma’lum vaqt ichida oliva me’da peristaltikasi natijasida o‘n ikki barmoqli ichakka o‘tadi. Bemor kushetkada yonboshi ko‘tarilib yotgani uchun (yostiq qo‘yilgani tufayli) me’da va o‘n ikki barmoqli ichakdagi suyuqliklar zond orqali probirkaga oqib tusha boshlaydi. Agar zond hali me’dada bo‘lsa, oqib chiqqan suyuqlik nordon reaksiyaga ega bo‘ladi, buni lakmus qog‘ozi yordamida aniqlash mumkin (ko‘k qog‘oz suyuqlikka tekkizilishi bilan qizaradi). Agar zond o‘n ikki barmoqli ichakka o‘tgan bo‘lsa, unda tiniq, sariq- tillarangli, ishqoriy reaksiyadagi cho‘ziluvchan suyuqlik chiqa boshlaydi (bu suyuqlikni ko‘k lakmus qog‘oziga tekkizilsa, u qizarmaydi, lekin qizil lakmus qog‘oz ko‘karib ketadi). Bu birinchi porsiya o‘n ikki barmoqli ichakdan chiqqan bo‘lib, A porsiyasi deb ataladi. Agar o‘t pufagidagi suyuqlik tekshirilmoqchi bo‘lsa, ichakka 20—30 ml iliq 30 % li magneziy sulfat eritmasi yoki ilitilgan 100 ml provan moyi yoki 30 ml 5—10 % li pepton eritmasi yuboriladi. Oradan 15—20 minut o‘tgach, o‘t pufagining reflektor qisqarishi va Oddi sfinkterining ochilishi oqibatida pufakdagi o‘t chiqa boshlaydi va u B porsiya deb ataladi. U A por- siyasiga qaraganda ancha to‘q va quyuq bo‘lib, o‘zida ko‘p miqdorda o‘t pigmentlarini tutadi. Bunday o‘t 30—40 ml ajraladi. Oradan bir qancha vaqt o‘tgach, ancha tiniq o‘t porsiyasi ajrala boshlaydi, lekin u A porsiyasiga nisbatan to‘qroq bo‘ladi. Bu jigardan ajralayotgan o‘t bo‘lib, jigar yo‘llaridan chiqadi va C porsiyasi deb ataladi. Shundan so‘ng zond ohistalik bilan chiqarib olinadi. O‘n ikki barmoqli ichakdan olingan suyuqlikning avval rangi, hidi, reaksiyasi, fermentlari, oqsil moddalari, pigmentlari, o‘t kislotalari aniqlanib tekshiriladi. Uch porsiyani ham mikroskopda tekshirish kerak. B porsiyasida ko‘p miqdorda shilliq va leykotsitlarning bo‘lishi o‘t pufagi yallig‘langanini ko‘rsatadi: shu elementlarning C porsiyasida bo‘lishi o‘t yo‘llarida yallig‘lanish jarayoni borligidan dalolat beradi. Leykotsitlar va shilliqdan tashqari olingan porsiyalarda eritrotsitlar, epiteliy hujayralari, xolesterin kristallari, lyambliyalar va turli bakteriyalarni topish mumkin.
| |
Просмотров: 12129 | |
Всего комментариев: 0 | |