Главная » Статьи » Tibbiyot

O‘pka emfizemasi va pnevmoskleroz

 

 

 

 

 

 

 

O‘pka emfizemasi alveolalarning havo bilan cho‘zilib, o‘pka to‘qimasi elastikligining yo‘qolib ketishi natijasida o‘pka to‘qima- sining shishinqirab, kerikib turishidir.

Pnevmoskleroz — o‘pka to‘qimasiga biriktiruvchi to‘qimaning o‘sib kirishi natijasida o‘pka funksiyasini izdan chiqarishidir.

Etiologiyasi. O‘pka emfizemasi va pnevmoskleroz qanday o‘tishiga qarab, o‘tkir va surunkali, nechog‘liq tarqalganligiga qarab esa o‘choqli yoki tarqoq xillarga bo‘linishi mumkin. Emfizema va pnevmoskleroz ko‘pincha surunkali bronxit, bronxial astma, o‘tkir va surunkali pnevmoniya, o‘pka sili bilan og‘rigan bemorlarda zaharlovchi moddalar ta’sir etgan mahallarda paydo bo‘ladi. Xastalik rivojlanishida, asosan, bronxlar o‘tkazuvchanligining buzilishi hamda o‘pka elastikligining pasayib ketishi muhim hisoblanadi. Emfizematoz o‘pkaning hajmi kengayib ketadi: bunday o‘pka ko‘krak qafasidan ajratib olinadigan bo‘lsa, elastikligini yo‘qotsa ham puchaymay turaveradi. Talaygina kapillarlar atrofiyalanib ketganligi uchun o‘pka kamqon bo‘ladi. O‘pka kengayishi bilan bir qatorda, ko‘krak qafasi ham kengayib, diafragma pastga tushadi, qovurg‘a tog‘aylari barvaqt suyaklanadi (suyakka aylanadi). Kichik qon aylanishi doirasida ikkilamchi gipertoniya paydo bo‘ladi, o‘pkada gazlar almashinuvi keskin izdan chiqadi. Ko‘krak qafasi va umurtqa pog‘onasining deformatsiyasi bir qadar ahamiyatga ega. Mayda bronxlar yo‘li torayib, dastlab o‘pkaning kerkib chiqishiga, keyin esa organik o‘zgarishlar paydo bo‘lishiga olib keladi.

Klinikasi. O‘pka emfizemasi bilan og‘riganlar tobora zo‘rayib borayotgan nafas qisishidan nolishadi. Ularda aksari yo‘tal (quruq yo‘tal yoki balg‘am tashlab yo‘talish) qayd qilinadi. Bemorning tashqi ko‘rinishi xarakterli bo‘ladi: yuzi ko‘karib, kerkib turadi, bo‘yni kaltalashib, bo‘yin venalari bo‘rtib turadi. Ko‘krak qafasi oldinga orqa yo‘nalishda sezilarli kengayib, ko‘pincha bochkasimon shaklga kiradi. Nafas yuzalashib, nafas olish kalta va sust nafas chiqarish esa uzaygan bo‘ladi va butun nafas olishning to‘rtdan uch qismini egallashi mumkin.

O‘pka perkussiya qilib ko‘rilganda quticha tovushiga o‘xshash tovush chiqaradi. O‘pka ekskursiyasi kamayadi. Auskultatsiyada nafasning susayib qolganligi ma’lum bo‘ladi. Ba’zan quruq xirillashlar eshitiladi. Yurak tonlari bo‘g‘iqroq bo‘ladi, kichik doirada bosim ko‘tarilishi natijasida o‘pka arteriyasida paydo bo‘ladigan II ton aksenti seziladi.

O‘pkaning tiriklik sig‘imi kamayib ketadi. Yurak-tomirlar sistemasi tekshirib ko‘rilganda yurak tonlarining bo‘g‘iq bo‘lib qolganligi, taxikardiya borligi aniqlanadi, yurak chegaralari o‘ng tomonga kengaygan bo‘lishi mumkin.

O‘pka emfizemasi zo‘rayib borgan sayin kichik qon aylanish doirasida bosim ortib boraveradi, bu o‘ng qorinchaga ortiqcha zo‘r kelib, uning gipertrofiyalanishiga olib keladi. Keyinchalik yurakning shu qorinchasida yetishmovchilik paydo bo‘lib, u jigarning kattalashib ketishi va badanga shish kelishi bilan birga davom etadi.

Rentgenologik tekshirish. O‘pka to‘qimasi tiniqligi kuchayib qolgani va o‘pka arteriyasi yaqqol bilinib turganligi ko‘rinadi.

Davolash. O‘pka emfizemasi va pnevmosklerozni davolash kasallikni keltirib chiqaruvchi sababiga bog‘liq. Davolash chora- tadbirlari bronx yo‘llarining o‘tkazuvchanligini tiklashga qaratilgan bo‘lishi kerak. Kompleks davolashda oksigenoterapiya yaxshi naf beradi. Nafas olish mashqlari o‘pka ventilatsiyasini yaxshilashda yordam beradi. Davolash gimnastikasi ko‘krak qafasi muskullari, diafragma va qovurg‘alar harakatini yaxshilashga qaratilgan. Oqibati: asosiy kasallikning rivojlanishiga bog‘liq.

Profilaktika. Kasallikning oldini olish uni o‘z vaqtida aniqlash va davolashga bog‘liq. Agar kasallik kasbga oid zararli omillar bilan bog‘liq bo‘lsa, mehnat sharoitini yaxshilash va bemorni yengilroq ishga o‘tkazish kerak. Bunday bemorlar dispanser nazoratida bo‘lishi lozim. O‘pka emfizemasining oldini olishda chekishga qarshi kurashish alohida ahamiyat kasb etadi.

 

 

 

Категория: Tibbiyot | Добавил: azizjon_ibragimov (17.05.2016)
Просмотров: 5983 | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar