Главная » Статьи » Tibbiyot

O‘pka saratoni

O‘pka saratoni boshqa onkologik kasalliklar ichida ko‘p uchrashi jihatidan oldingi o‘rinlardan birini egallaydi. 40—60 yoshdagi odamlar kasallanadi.

Etiologiyasi noma’lum, o‘pka saratoni kelib chiqishida surunkali o‘pka kasalliklaridan bronxit, bronxoektatik kasalliklar, o‘pkaning ishlab chiqarishga aloqador changlar bilan ta’sirlanib turishi, chekish, radioaktiv rudalar, nikel, kobalt, asbest, xrom, mishyak, avtomobillardan chiqadigan gazlar va gudronlangan yo‘llarning changi bilan ta’sirlanish kasallikni rivojlantirishga qatnashadi.

Klinikasi. O‘pka saratoni ilk bosqichlarida alomatsiz o‘tadi. Hammadan erta paydo bo‘ladigan va doimiy alomatlari yo‘tal, qon tupurish, ko‘krakni achishtiradigan yo‘taldir. Yo‘tal ko‘pincha kechasi bezovta qiladi. O‘pka saratoniga aloqador yo‘tal boshlanganda ertami, kechmi balg‘am paydo bo‘ladi. Bu balg‘am ko‘pikli va rangsiz yoki quyuq va yiringli bo‘lishi mumkin. Uning miqdori 50—100 ml.dan ortmaydi. Qon tupurish kasallarning 42—60 % ida uchraydi va bronx shilliq pardasi yoki o‘smaning yara bo‘lib ketishi natijasida boshlanadi. Balg‘amda ko‘pincha qirmizi qizil qon ipir- ipirlar bo‘ladi, ahyon-ahyonda laxtalar ko‘rinishida qon tushadi. Balg‘amda qon shu qadar ko‘p bo‘ladiki, natijada u malina jelesiga o‘xshash bo‘ladi.

Bemor eti uvushib turishi hamda tana haroratining ko‘tarilishidan shikoyat qiladi. Hansirash kasallarning taxminan 40 % ida qayd qilinadi. Hansirash bronxlar o‘tkazuvchanligining buzilishi va o‘pka bo‘lagining atelektazga uchrashi oqibatida kelib chiqadi. Bemorlar, odatda, harakat qilganida, jismoniy jihatdan zo‘riqqanida hansirashning kuchayishidan noliydi. Bemor bilan gaplashib turilgan paytda ba’zan nafas vaqtida hushtak tovushiga o‘xshash kuchsiz tovush eshitiladi. Bu tovush bronxning torayib qolganidan kelib chiqadi.

Birmuncha vaqt o‘tgandan keyin ko‘krak qafasida, odatda, og‘riq paydo bo‘ladi, og‘riq o‘sma plevra, traxeya, tomirlarga tarqalganidan so‘ng boshlanadi. Bu og‘riq, odatda, o‘smaning joylashgan o‘rni, damida proyeksiyalanadi-yu, lekin turli sohalarga: qorin, qo‘llar, ko‘krak qafasining sog‘lom yarmiga irradiatsiyalanishi mumkin. O‘pka saratonida ko‘pincha odam o‘z-o‘zidan umuman darmonsizlanib, tez charchab qoladi. Mehnat qobiliyati pasayib ketadi, ozib, harorati ko‘tariladi.

Bemor ko‘zdan kechirilganda ko‘krak qafasi sohasidagi teriosti venalari kengayib, bo‘yin sohasidagi teriosti yog‘ kletchatkasi bir qadar shishib qolganligi kuzatiladi. Bu venalarning o‘sma bilan bosilib qolganligiga bog‘liqdir. Ko‘krak qafasining o‘sma bilan zararlangan tomoni nafas olishda orqada qoladi. O‘sma o‘pka atelektaziga yoki plevritga olib keladi. O‘sma o‘pka atelektaziga yoki plevritga olib kelgan bo‘lsa, perkussiyada tovush bo‘g‘iqroq bo‘lib chiqadi.

O‘pka auskultatsiya qilib ko‘rilganda katta-kichikligiga qarab, susaygan vezikular nafas eshitiladi yoki mutlaqo eshitilmay qoladi. Shuningdek, o‘sma ko‘ks oralig‘i sohasiga o‘sib kirganida u asab tolalari, qizilo‘ngach, yirik tomirlarni bosib qo‘yishi tufayli odamning ovozi chiqmay qoladi (afoniya). U ovqatni yaxshi yuta olmaydi (disfagiya). Bemorning yuzi, bo‘ynining pastki qismiga sezilarli darajada shish keladi. Shu sohadagi teri qoplamalari qizarib turadi. Kasallik 1—2 yil davom etadi. Bemorning ahvoli asta-sekin yomonlashib, darmoni tobora qurib, ishtahasi pasayib, tana og‘irligi kamayib boradi va hattoki, u cho‘p bo‘lib ozib ketadi.

Laboratoriya tahlili. Qonda eritrotsitlar cho‘kish tezligining ortganligi, trombotsitlar sonining ko‘payib ketganligi qayd qilinadi. Leykositoz kuzatiladi.

Rentgenologik tekshirishda o‘sma soyasi, rak limfangiti, o‘pka atelektazini topsa bo‘ladi. Qavatma-qavat olinadigan rentgeno- grafiya-tomografiyada ancha ishonchli ma’lumotlar qo‘lga kiri­tiladi.

Bronxoskopiya bronxdagi o‘smaning o‘zini bronx shilliq pardasining qay tariqa o‘zgarganligini topishga, shuningdek, bronxni biopsiya qilishga imkon beradi. Rak ekssudativ plevrit bilan birga davom etib borayotgan bo‘lsa, u vaqtda plevral punksiya qilinadi, plevra suyuqligi esa laboratoriya tekshiruviga yuboriladi.

Davolash. O‘pka saratonini davolashda sitostatik kimyoterapevtik vositalar (prospidin, siklofosfan, benzotef-etamidin, nitrozometil- mochevina)dan foydalaniladi.

Nur terapiyasi, gamma-terapiya uchun mo‘ljallangan turli qurilmalar, jumladan, nihoyatda kuchli tezlashtirgichlar yordamida qo‘llaniladi.

Og‘riqni qoldiradigan, yallig‘lanishga qarshi va balg‘am ko‘chiradigan dori vositalari berib boriladi. Qon ketayotgan mahalda vikasol, o‘pka-yurak yetishmovchiliklarida yurak glikozidlari, siydik haydovchi dorilar ishlatiladi.

Profilaktika. O‘pka saratonining profilaktikasi chekishning zararini uqtirib o‘tish, havoning ifloslanishiga qarshi kurashish va o‘pkaning surunkali hamda yiringli kasalliklariga davo qilishni o‘z ichiga oladi.

Категория: Tibbiyot | Добавил: azizjon_ibragimov (17.05.2016)
Просмотров: 6112 | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar