Главная » Статьи » Tibbiyot |
Siydikni olishdan avval tashqi jinsiy a’zolar yaxshilab yuvilishi lozim. Oldin shisha bankaga konservant—bir necha timol kristallchasi yoki 2 kristallga formaldegid yoki 0,5 ml xloroform solinadi. Bu usul bo‘yicha siydikni 10 soat ichida yig‘ish lozim. Soat 22 da bemordan qovuqni bo‘shatish va tunda siymaslik so‘raladi. Ertalab soat 8 da ertalabki siydikning hammasi laboratoriyadan olingan maxsus idishga yig‘iladi. Idishga bemorning familiyasi, ismi, yoshi, bo‘lim va palata raqami, tekshirishning maqsadi, hamshiraning familiyasi va sana yozilgan yorliq yopishtiriladi. Balg‘am nafas organlaridan chiqadigan patologik ajralmadir. Balg‘am paydo bo‘lishining o‘zi hamisha kasallik borligidan dalolat beradi. Balg‘amning miqdorini va xossalarini aniqlashning katta diagnostik ahamiyati bor. Balg‘amning miqdori turlicha o‘tkir bronxitda yoki o‘pka yallig‘lanishi boshlanayotganda bir necha tupurim bo‘lsa, o‘pkadagi yallig‘lanish jarayonlarida (abssess, gangrena, bronxoektazlar) sutkasiga 1—2 l.gacha boradi. Odatda, balg‘amning hidi bo‘lmaydi, o‘pkada yiringli jarayon ro‘y bersa, balg‘am sassiq yoki qo‘lansa hidli bo‘ladi. Balg‘amning quyuq- suyuqligi, rangi uning tarkibiga bog‘liq. Shilimshiqli, seroz, yiringli, shilimshiq-yiringli, seroz-yiringli va qon aralash balg‘am farq qilinadi. O‘pka yallig‘lanishi, bronxial astma, bronxitning boshlanish davrida rangsiz, tiniq yopishqoq shilimshiqli balg‘am ajraladi. O‘pkaga shish kelganda ajraladigan balg‘am suyuq, seroz, tiniq va ko‘pikli bo‘ladi. O‘pkada yiringli jarayonlar bo‘lsa, ko‘kim- tir yiringli, yurak va o‘pkaning turli kasalliklarida qon aralash balg‘am ajraladi. Balg‘amda qonning hujayra elementlari, o‘sma hujayralari, eng sodda jonivorlar, exinokokk, askarida lichinkalari va o‘simlik parazitlari (zamburug‘lar), bakteriyalar bo‘lishi mumkin. Bakteriyani tekshirish natijalariga qarab kasallik (xususan, nafas yo‘llari kasalliklari) aniqlanadi. Shilimshiq balg‘am rangsiz, tiniq, yopishqoq. Boshlanayotgan bronxitda, o‘pka yallig‘langanda, bronxial astmada paydo bo‘ladi. Seroz balg‘am suyuq, tiniq, ko‘piksimon. Yurak astmasida va o‘pka shishida qon bilan pushti rangga bo‘yalishi mumkin. Yiringli balg‘amning quyuq-suyuqligi qaymoqsimon-ko‘kimtir rangli. O‘pkadagi yiringlagan joy bronx bo‘shlig‘iga teshib o‘tganda paydo bo‘ladi. Shilimshiq-yiringli balg‘am bronxlar va ko‘pincha o‘pkada yallig‘lanish jarayonlari uchun xosdir. Seroz-yiringli balg‘am tindirib qo‘yilganda uch qatlamga bo‘linadi. Ustki qatlami—ko‘piksimon, aksari shilimshiq aralashgan, o‘rta qatlami—seroz-suyuq, och kulrang, pastki qatlami—yiringli ko‘kimtir-sariq rangli, unda o‘pka to‘qimasining parchalanish zarrachalari va yiring bo‘lakchalari bo‘ladi. Qon aralash balg‘am unga tushgan qon miqdoriga va sifatiga ko‘ra turlichadir. Ba’zan bu o‘pka va nafas yo‘llaridagina emas, balki og‘iz bo‘shlig‘i va qo‘shni organlardan ham ajralib chiqishi mumkin
bo‘lgan deyarli toza qondir. Balg‘amda qon ipir-ipirlar yoki o‘pka silida, o‘pka o‘smalarida bronxoektazlarda butun-butun ivindilar ko‘rinishida bo‘ladi. O‘pkaning krupoz yallig‘lanishida o‘zgargan qon aralashganida balg‘am zangsimon rangga kiradi. Pushti rang balg‘am ba’zan o‘pka o‘smalarining parchala- nishidan paydo bo‘ladi. O‘pka abssessida yemirilayotgan qon aralashib ketishidan yiringli jigarrang balg‘am ajraladi. Balg‘amda oddiy ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmaydigan juda ko‘p turli- tuman unsurlar bo‘lishi mumkin: 1) hujayra elementlari, jumladan, oq va qizil qon tanachalari, o‘sma hujayralari, elastik tolalari va boshqa tuzilmalar; 2) oddiy mikroblar; 3) hayvon (exinokokk, askaridalarning lichinkalari), o‘simliklarning parazitlari; 4) turli bakteriyalar. Balg‘amni mikroskopda tekshirish. Balg‘am yupqa qavat qilib solingan Petri idishidan kichkina yiring parchasi topiladi. U qizdi- rilgan igna yoki pinset bilan buyum oynasiga olinib, yopuvchi oyna bilan asta bosib berkitiladi. Olingan preparat mikroskop ostida ko‘riladi. Preparatning asosiy massasi bo‘lgan shilliqdan tashqari, unda leykotsitlar ham topiladi. Yiringli balg‘amda leykotsitlar miqdori juda ko‘pdir. Bronxial astma xuruji vaqtida ajralgan balg‘amda eozinofillar ko‘p miqdorda bo‘ladi. Qon aralash balg‘amda eritrotsitlar topiladi. Preparatda ko‘pincha og‘iz bo‘shlig‘i shilliq pardasidan yoki yuqori nafas yo‘llaridan ajralgan epitelial hujayralarni ham topadilar, bunda yapaloq epiteliy og‘iz bo‘shlig‘i, tomoq va halqumdan, silindrik va lipillovchi epiteliy esa burun va chuqurroq joylashgan nafas yo‘llaridan borib, aralashgan bo‘ladi. Balg‘amda elastik tolalar o‘pka to‘qimasi parchalanganda uchraydi, masalan, gangrena, abssess, silda. Ularni mikroskop ostida oddiy surtmada ko‘rish mumkin. O‘pkada yangi o‘smalar hosil bo‘lganda balg‘amda ba’zan o‘sma hujayralarini topish mumkin. Yog‘ kislotalari, kristallari ignasimon shaklda, ular ko‘pincha to‘p- langan, ba’zan alohida joylashgan bo‘ladi. Ular o‘pka abssessi va gangrenasida ko‘p miqdorda uchraydi. Sharko-Leyden kristallari bronxial astmada topiladi. Ular rangsiz, yaltiroq, cho‘ziq romb shaklidagi uchli kristallar ko‘rinishiga egadir. Balg‘amni bakteriologik tekshirishda unda o‘pkaning turli kasalliklarini keltirib chiqaruvchilarini topish mumkin. O‘pka silini aniqlashda balg‘amda sil mikobakteriyalarini topish katta ahamiyatga ega. Buning uchun balg‘amdagi yiring parchasini pinset yoki igna bilan olish va uni buyum oynasiga qo‘yish kerak. Shundan so‘ng ikkinchi buyum oynasi bilan uni ezish va ikkala oynaning bir-biriga qaragan yuzasi orasida surkash zarur. Shunday qilib, balg‘amli ikkita yupqa surtma hosil bo‘ladi. Olingan surtmalar havoda yoki spirtovka alangasida quritiladi. Bunda alanga oynaning surtma tegmagan tomonini qizitishi kerak. Shundan so‘ng surtma fiksatsiya qilinadi, buning uchun oynaning surtmali tomonini yuqoriga qilib turib spirtovka alangasi ustidan 3—4 marta sekin o‘tkaziladi. Fiksatsiya qilingan surtma bo‘yaladi. Shu maqsadda surtma ustiga oyna kattaligiga teng bo‘lgan filtr qog‘ozi qo‘yilib, unga suyul- tirilmagan karbol fuksini qo‘yiladi. Filtr qog‘ozi bo‘yoqning bir xilda tarqalishi va uning quyqasi surtmani iflos qilmasligi uchun zarur. So‘ng surtmali oyna pinset bilan spirtovka alangasi ustida bug‘ hosil bo‘lguncha ushlab turiladi. Bunda balg‘amdagi barcha bakteriyalar, shu jumladan, sil bakteriyalari ham qizil rangga bo‘yaladi. Shundan so‘ng surtmani oqar suv bilan yuvib, 1—2 minutga 25 % li xlorid yoki sulfat kislotali stakanga solib qo‘yiladi. Bu vaqt ichida to‘q bo‘yalgan surtma och pushti rangga kiradi. Kislota ta’sirida sil mikobakteriyasidan tashqari, barcha balg‘am elementlari rangsizlanib qoladi. Endi surtmani qo‘shimcha ravishda 0,1 % li metilen sinkasining suvli eritmasi bilan bo‘yab, yana suv bilan yuviladi va quritiladi. Bo‘yalgan preparatni immersion sistemali mikroskop ostida ko‘riladi. Unda sil mikobakteriyalari qizil rangga bo‘yalgan bo‘lib, balg‘amning boshqa ko‘k rangga bo‘yalgan elementlari orasida yaxshi ko‘rinib turadi. Ba’zan balg‘amda sil mikobakteriyalarining kam uchrashini hisobga olib, surtmani bir necha ko‘rish maydonida qarash kerak. | |
Просмотров: 7748 | |
Всего комментариев: 0 | |