O‘tmishda odamlar tabiatdagi o‘zlari tushunib yetmagan sirli hodisalarni afsonalar bilan izohlashgan. Masalan, qadimgi yunonlarda aks-sado haqida mana shunday go‘zal afsona bor.
Qadim-qadimda Exo ismli go‘zal, lekin tinmay gapiradigan nimfa (ayol siymosidagi iloha) bo‘lgan ekan. Exoning ezmaligidan qahrlangan ma’buda Gera unga gapirishni man etib, boshqalar savol bersagina javob qaytarishni buyuradi. Bir gal Exo sohibjamol yigit Narkasni uchratib, uni sevib qoladi. Lekin Narkas unga e’tibor bermaydi. Hijron va qayg‘udan Exoning vujudi erib, havoda faqat ovozigina qoladi. O‘sha-o‘sha, biz nima desak, hamon o‘shani takrorlovchi Exoni — tovushning aksini eshitar ekanmiz. Albatta, bu bir afsona bo‘lib, u aks-sadoning qanday hosil bo‘lishi haqida tushuncha berolmaydi. Buning uchun, avvalo, tovushning qanday paydo bo‘lishini yana bir bor eslab o‘taylik. Tovush havoda sekundiga 335 metr tezlikda harakatlanadi. Uning harakati xuddi suvga tushgan toshdan hosil bo‘lgan to‘lqinlarga o‘xshaydi. Tovush to‘lqini elektr lampochka nurlari singari atrofga taraladi. To‘siqlar nurni o‘zidan qaytargani kabi tovush to‘lqinlarini ham o‘zidan qaytaradi. Tovushning to‘siqdan qaytishi bizga aks-sado bo‘lib eshitiladi. Ayrim to‘siqlar tovushni qaytarmay, o‘ziga yutgani uchun aks-sado eshitilmaydi. Lekin tekis, silliq yuzalar, masalan, devor, qoya kabi to‘siqlardan tovush yaxshi qaytganidan aks-sado jaranglab eshitiladi.
Bulutlar ham tovushni qaytaruvchi to‘siq bo‘lgani sababli, momaqaldiroq tovushi aks-sado tarzida ketma-ket guldurab eshitiladi.
Manba: http://milliard.uz/view.php?id=254&menu=6
|