Главная » Статьи » Turli mavzular

Begonalashuv va tanazzul hamda ijtimoiy oqibatlar

 

 

 

Hozirgi jamiyat hayotida quyidagi begonalashuv turlarini ajratib ko‘rsatish mumkin:

1. Iqtisodiy.  2. Siyosiy.  3. Madaniy.  4. Ijtimoiy.  5. Ruhiy.

Bu begonalashuv turlari o‘zlarining ma’lum bir shakllariga egadirlar. Masalan, iqtisodiy begonalashuv uchta shaklga ega: 1. Faoliyatdan begonalashuv. 2. Faoliyat boshqaruvidan begonalashish. 3. Faoliyat natijalaridan begonalishish. Siyosiy begonalashish siyosiy hokimiyatdan begonalashishdan; madaniy begonalashish muloqatdan, insonlarning bir-biridan; psixologik begoralashuv o‘z-o‘zidan begonalashishdan iborat bo‘ladi.

Begonalashuv jarayoni va tanazzul bir-birlariga bog‘liq hodisalardir. Agar jamiyatda ishlab chiqarish sur’atlari keskin pasaysa, xo‘jalik aloqalari uzilsa, pulning qadri tushib ketib, narxlar tez sur’atlarda oshib ketsa, boshqaruv tuzilmalari izdan chiqsa va siyosiy tangliklar vujudga kelsa, biz jamiyatning hamma sohalari tanazzulga uchragan, deb fikr yuritishimiz mumkin.

Bu chuqur tanazzul insonlarning kuchli begonalashuv olamiga salbiy ta’sir qilishi, ba’zi tartiblar kirgizishi aniq. O‘z navbatida begonalashuv jarayoni qanchalik kengaysa, tanazzul ham shunchalik, chuqurlashib boraveradi. Masalan, ishlab chiqarish jarayonida mehnatning taqsimlanishi ro‘y beradi. Bu esa taraqqiyot uchun qo‘yilgan ulkan qadamdir. Lekin shu bilan birga ijtimoiy mulkchilikka asoslangan ijtimoiy munosabatlarning shunday bir turi - ishlab chiqarish munosabatlari shakllanadiki, uning asosida bevosita ishlab chiqaruvchi ishlab chiqarish vositalaridan uzoqlashib, asta-sekinlik bilan o‘z mehnati natijasida begonalashib boradi. Endi bu ishlab chiqaruvchi shaxs uchun mehnat unumining ham qizig‘i yo‘q. Marksizm ta’limoti bo‘yicha xususiy mulk ijtimoiylashtirilgach, ishlab chiqarish vositalariga endi bevosita ishlab chiqaruvchilar umumiy egalik qilishlari kerak edi. Lekin ijtimoiy amaliyotda esa buning aksi bo‘lib chiqdi. Siyosiy hokimiyatni bosib olgan proletariat ishlab chiqarish vositalarini davlat mulkiga aylantirdi. Sotsialistik revolyusiya mantig‘iga ko‘ra, bu tadbirlar begonalashuv jarayoni ildiziga bolta urushi kerak edi. Lekin 70 yillik tarix davomida bizga uqtirib kelingan ijtimoiy mulk davlat mulki edi. Bu mulk esa xususiy mulkning eng jirkanch, adolatsiz turi bo‘lib chiqdi. Chunki davlat mulki o‘zining real egasiga ega emas. U bir mavhum tushuncha edi. Mehnat kishisi esa yana mulkdan begonalashdi. Davlat mulki esa davlat apparatining xususiy mulkiga aylanib, bu nomenklaturani «yangi» sinfga aylantirdi. Bu salbiy jarayonlar natijasida ishlab chiqarish o‘zining haqiqiy egasini topa olmadi.

Siyosiy jabhada ham siyosiy hokimiyatdan jamiyatning ko‘pgina a’zolari begonalashtirildilar. Ya’ni, siyosiy hokimiyat xalq hokimiyati, umumxalq hokimiyati, deb e’lon qilingan bo‘lsada, aslida u ma’lum bir guruhning - elitaning xususiy mulkiga aylandi. Buning asosida esa butun bir xalq davlat siyosiy hokimiyatidan begonalashdi va bu begonalashgan omma bilan nomenklatura orasida ulkan jarlik paydo bo‘ldi. O‘z navbatida bu jarayonlar siyosiy tanazzulga olib keldi va bu tanazzul tufayli tashqi dushman yenga olmagan totalitar davlat o‘z-o‘zidan parchalanib ketdi.

Madaniy sohadagi begonalashuv ham anchagina chuqur salbiy oqibatlarga olib keladigan ma’naviy tanazzulni keltirib chiqardi. Jamiyatda sog‘lom muhitni yaratishda ma’naviyat va madaniyatning o‘rni o‘zgacha. Chunki, ular individlarning barkamol bo‘lib shakllanishlariga katta ta’sir ko‘rsatadilar. Agar jamiyat a’zolari o‘z ma’naviyatlari, boy madaniy meroslaridan uzoqlashib ketib, undan begonalashsalar, ular endi o‘zlarining kelib chiqishlaridan tortib, to o‘z millatlarining ham milliy urf-odatlari, an’analarini ham inkor qila boshlaydilar. Agarda yaqin o‘tmishimizga, uning tirixiga murojaat etsak, ushbu satrlarimizning yaqqol isbotini ko‘ramiz. Masalan, boy madaniy merosimizdan begonalashuvimiz bizlarni atoqli adib Chingiz Aytmatovning ta’biricha, manqurtlarga aylantiray dedi, ya’ni biz o‘z xalqimiz tarixi, milliy ozodlik harakatlari va ularning sarkardalari, dinimiz va o‘zligimizdan uzoqlashib qoldik. Davlatimiz mustaqilligiga erishib, madaniy begonalashuvni bartaraf etishni boshladik. Sotsialogiyadagi muhim begonalashuv hisoblangan sotsial begonalashish insonlarni muloqotdan, bir-birlaridan uzoqlashishlari natijasida yuzaga keladi. Inson o‘z mohiyatiga ko‘ra, ijtimoiy xususiyatga egadir. O‘zaro faoliyat tufayli paydo bo‘lgan ehtiyojlar asosida doim insonlar bir-birlari bilan munosabatlarda muloqotlarda bo‘ladilar. Muloqotning ijtimoiy ma’nosi shundaki, u madaniyat shakllari va ijtimoiy tajribalarni uzatish vositasi bo‘lib ximat qiladi. Lekin iqtisodiy tanazzul ko‘pgina insonlarni qiyin iqtisodiy ahvolga solib qo‘yadi. Natijada jamiyat a’zolarining aksariyati bozor iqtisodi munosabalariga ko‘nikishlari qiyin kechadi. Oqibatda inflyasiyadagi ehtiyojlar tizimining cheklanishi va normallashtirish insonlarda agressivlik kayfiyati,  johillashish fuqarolarda an’ana va urf-odatlar, ma’naviy qadryatlarni yo‘qotishga olib keladi. Shu kabi salbiy omillar insonlarning bir-birlaridan begonalashuvlarini kuchaytiradi va hamma o‘z holicha degan norasmiy qonun paydo bo‘ladi.

Ruhiy begonalashuv – bu, insonning o‘z mohiyatidan uzoqlashishdir. Ushbu muammoni nemis mutaffakiri Erix Fromm juda yaxshi ishlab chiqqan. Uning fikricha, inson mohiyati doim o‘ziga dushmanlik kayfiyatida bo‘lgan sotsial tuzilma ta’siri ostidagi inson o‘z-o‘zidan begonalashuvining har bir darajasiga ma’lum bir sotsial xarakter - dunyoparaslik, ekspluatatorlik, reseptiv (andozalik, qolip), bozorga oidlik xosdir.

Zamonaviy jamiyatni E. Fromm inson mohiyatini «mashinalashtirish», «kompyuterlashtirish» va «robotlashtirish» jarayonlari yordamida begonalashuv uning darajasining bir mahsuli deb ta’riflaydi. Bozorga yo‘naltirilgan sotsial harakat paydo bo‘lib, unda iste’molga intilish, ikkilanishlar hissiyoti, yakkalanib qolishlik va boshqa salbiy holat, hissiyotlar markaziy ahamiyat kasb etadi.

Xuddi shu yerda psixologik va sotsial begonalashish bir-biri bilan juda uyg‘unlashib ketishini ko‘rish mumkin. Insonlar bir-birlaridan munosabatda, muloqotda begonalashsalar, o‘z-o‘zlaridan begonalashish ham yuz beradi, chunki insonlarning bir-birlaridan begonalashuvlari oqibatida ular yakkalanish, zerikish va hayotga qiziqishlari so‘nishi vujudga kelishi mumkin. Buning natijasida inson o‘z kelajagiga, orzu-niyatlariga ishonchi yo‘qolib, u o‘zini begona deb hisoblaydi va bu jarayon ko‘pincha salbiy oqibatlarga olib keladi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, jamiyat hayotidagi turli xil begonalashuv jarayonlari tezroq ilmiylik va uyg‘unlik asosida bartaraf qilinsagina jamiyat sog‘lom sharoitda taraqqiy etadi va salbiy ijtimoiy hodisalarning o‘z vaqtida oldi olinadi. Masalan, mehnatdan begonalashishlikni bartaraf etish uchun birinchi galda insonlarning o‘z mehnatlari natijalaridan manfaatdor bo‘lishlari va uning oqibatida esa ularning mehnatga bo‘lgan munosabatlarini tubdan o‘zgartirib, qiziqish va kuch-g‘ayratlari bilan ishlashlarini tashkil etish darkor.

Ishlab chiqarishni boshqarishdan begonalashish muammosini bartaraf etish ham juda muhim ma’no kasb etadi. Buning uchun ishlab chiqarish munosabatlarini chuqur demokratiyalshtirish, korxona, tashkilot va muassasalardagi mavjud boshqaruv tizimlarini demokratik yo‘llar bilan takomillashtirish va ishchi, xizmatchilarga xo‘jalik egasining aniq vazifasi, huquqi va mas’uliyatliliklarini bilishlari kerak.

Madaniyatdan begonalashuvni bartaraf etish uchun madaniy merosga munosabatni takomillashtirib borish, jamiyatning har bir a’zosi ma’naviy qadriyatlardan yaxshi xabardor bo‘lish va madaniy qurilishga yetarli mablag‘ ajratilishini ta’minlash zarur.

Ijtimoiy begonalashuvni bartaraf qilish uchun insonlarning bir-birlari bilan munosabatlari, muammolarini haqiqiy birdamlik va hamkorlik asosida qurish kerakki, shunda har bir inson o‘zini boshqalar uchun  ham kerak ekanligini chin yurakdan sezsin.

Ruhiy begonalashuvni bartaraf etish choralari sotsial begonalashuvni bartaraf etishning uzviy davomidir. Inson o‘zining kimgadir kerakligini ruhan his qila olsagina u hach qachon tushkunlikka tushmaydi. Yakkalanish, iztirobga tushish xavfidan xolos bo‘ladi, oqibatda uning o‘z-o‘zidan, o‘z mohiyatidan begonalashuviga hach qanday sabab qolmaydi.

Biz qurayotgan bugungi yangi jamiyat o‘z oldiga bu begonalashuv jarayonlarini tezroq bartaraf etib, haqiqiy rivojlanishga, erkinlikka, ozodlikka erishish uchun hozirgi qiyinchiliklarni sobitqadamlik bilan yengib bormoqda. Yaqin yillar ichida bu harakatlarning natijalari, albatta, yuzaga chiqadi, deb umid qilishga hamma asoslar mavjuddir. Shu boisdan ham Prezidentimiz Islom Karimov II chaqiriq Oliy Majlis I sessiyasida ta’kidlanganidek, «Ijtimoiy hayotimizning barcha sohalarini demokratlashtirish jarayonini yanada chuqurlashtirish, yangi ma’no-mazmun bilan boyitish, uning izchilligi va samarasini ta’minlash – mamlakatimizda amalga oshirilayotgan siyosiy islohotlarning mazkur bosqichida oldimizda turgan eng dolzarb vazifadir» 

 

 

 

Категория: Turli mavzular | Добавил: azizjon_ibragimov (17.05.2016)
Просмотров: 4665 | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar