O'rik mevalaridan shakar qo'shib sifatli jem tayyorlash mumkin. Buning uchun o'rik mevalarining pektin moddasiga boy navlari tanlanadi. Agar o'rik navlari tarkibida pektin moddasi kam miqdorda bo'lsa, ularga olma, krijovnik hamda boshqa pektin moddasiga boy meva va rezavor mevalarning sharbati yoki pyuresini qo'shish tavsiya etiladi.
Jem uchun o'rik mevalari va shakar qiyomi xuddi murabbo uchun tayyorlangandek kabi tayyorlanadi. Odatda 100 qism o'rik mevasiga 100-150 qism shakar, 15 qismgacha pektin moddasiga boy meva sharbati yoki pyuresi jem tayyorlash uchun yetarli hisoblanadi.
Jem pishirish uchun o'rik mevalari dastlab maydalanadi, meva etini po'sti va tomirlaridan ajratib olish uchun mayda katakli to'rdan bosim orqali (protirka) o'tkaziladi. So'ngra tayyor bo'lgan mazkur bo'tqa qozonga yoki vakuum qurilmaga solinib, ichiga shakar yoki qiyom qo'shiladi va tayyor bo'lguncha, ya'ni ko'pigi o'rtaga yig'ilib, meva bo'laklari esa shirani yaxshi shimib, tiniq bo'lgunga qadar pishiriladi. Shakarning yuqori darajada quyuqlanishi mikroblarning yashashiga yo'l qo'ymaydi. Shuning uchun ham jem uzoq vaqt buzilmay saqlanishi mumkin.
Ishlab chiqarish sharoitlarida yuqoridagi tartibda tayyorlangan bo'tqa va unga dozatorlar vositasida qo'shiladigan shakar yoki uning qiyomi maxsus vakuum qozonlarda pishiriladi. Bunday qozonlarda pishirilgan djemning tabiiy rangi, vitaminlari yaxshi saqlanadi, tovar ko'rinishi uy sharoitida pishirilgan djemlarga nisbatan ancha yuqori bo'ladi.
Pasterizasiyalanadigan jem uchun quruq modda miqdori 68%, pasterizasiyalangani uchun 72%, shu asosda shakar miqdori birinchi holda 62 va ikkinchi holda 65% bo'lishi mumkin.
O'rik mevalaridan tayyorlangan djemlar kichik bochkalarga yoki kichik hajmli shisha idishlarga (0,5; 0,75; 1 l) qadoqlanadi. Bugungi kunda jemlarni ayniqsa 0,5 va 0,75 l hajmli burab yopiladigan metall qopqoqli shisha bonkalarga qadoqlash keng rusum bo'lmoqda. Bunday idishlarda djemlar yaxshi ko'rinadi, ya'ni tovar ko'rinishi yuqori bo'lib, xaridorgir hisoblanadi
Shisha bonkalar 4 tadan yoki 6 tadan qilib qutilarga joylanadi. O'rik jemlari salqin va havosining nisbiy namligi 75% atrofida bo'lgan omborlarda saqlanadi. Saqlash tartibiga rioya qilinsa, bunday qadoqdagi o'rik jemlarini 10 oydan 18 oygacha sifatini buzmagan holda saqlash mumkin .
|