Главная » Статьи » Turli mavzular |
Qor odami haqidagi mish-mishlar uzoq vaqtlardan beri tarixchi olimlardan tortib, qiziquvchan sayyohlarni o‘ziga ohanrabodek tortib kelayotgan mavzu bo‘lib kelmoqda. Qor odamining chindan ham borligini tasdiqlovchi bironta dalil o‘z tasdig‘ini topmagan esa-da, entuziastlar (qiziquvchi omma) vaqti kelib bu mahluqni uchratishlariga albatta ishonishadi. Shunday qilib, qor odami yoki yetlar — odamga o‘xshash, baland tog‘ va o‘rmondagi chakalakzorlarda yashovchi jonzotlar ekani taxmin qilinadi. Ular haqidagi ma’lumotlar qadim zamonlardan beri tilga olinishi, guvohlarning ko‘rsatmalari sizda chindan ham ularning mavjudligiga ishonch uyg‘otadi. XX asrning 20-yillarida yetlar haqidagi gap-so‘zlar tez-tez quloqqa chalina boshladi. Everest cho‘qqisini birinchilardan bo‘lib zabt etgan alpinistlar mahalliy aholidan g‘alati paxmoq mahluqot haqida eshitib qolishadi. Nafaqat eshitib, balki guvoh ham bo‘lishadi. Ba’zan bu mahluqning qo‘rqinchli bo‘kirigi odamlarni dahshatga solsa, ba’zida yet tunda sayyohlarning lagerlari oldida izg‘ib qolardi. Alpinistlar uning chindan bor-yo‘qligiga ishonch hosil qilish uchun qor odamga qarshi “ov” boshlashadi. Afsuski, tog‘ jonzodi ulardan qochib qutilishga muvaffaq bo‘ladi. Ovchilar bundan aslo xafa bo‘lishmadi. Chunki, mahluqning qorda qolgan izlari, qochayotganida daraxtga ilinib qolgan qalin yunglar, suratga tushirilgan bir nechta rasm hamda guvohlarning hayajonli so‘zlari — uning chindan ham mavjud ekaniga tasdiq edi. Yetlar haqidagi navbatdagi ma’lumot oldingilaridan-da qiziqroq chiqdi. Ismini oshkor etishni istamagan guvoh bilmagan holda qor mahluqining turar-joyiga duch keladi. Qariya o‘tinchi o‘tin tergani kelgan va to‘satdan uning uyiga ko‘zi tushib qolgan edi. Bu yerda sirli sukunat hukm surar, qushlar ham shovqinni bas qilishgandi. Beixtiyor u yovvoyi tabiat manzarasiga mahliyo bo‘lib qoladi. Itlarning tinimsiz vovullashi uni o‘ziga keltiradi. Qarshisida butun tanasi yung bilan qoplangan, qo‘li yergacha tegib turgan beso‘naqay jonzot unga diqqat bilan qarab turardi. Bu yerdan qanday ketdi, tasodifiy uchrashuv nima bilan yakunlandi, qolganini eslolmaydi. Shunisi yodida-ki, bu uchrashuvdan keyin o‘ziga kelish uchun unga bir necha kunlar kerak bo‘ldi. Qon bosimi oshib, boshida qattiq og‘riq turgani uchun sihatgohda davolanib ham chiqadi. Qor odami bilan tasodifiy uchrashuvlar, uning o‘nlab noaniq fotosuratlari haqidagi ma’lumotlar keyingi yigirma yil ichida juda ko‘plab qayd etildi. Shunga qaramay, qor odami haqidagi ma’lumotlar hanuz noaniqligicha qolib kelayotir. Tabiiy savol tug‘iladi: qor odami ro‘yo yoki chindan ham qandaydir sirli mahluqot. Mohir mo‘g‘ul ovchisi Tagyan Surechen kaklik ovini xush ko‘radi. Mana 40 yildir-ki, tog‘-u toshlarda kaklik ovlaydi. Navbatdagi ovida vafodor iti chakalakzor ichida kimgadir qattiq hurayotganini bilib, shoshilganicha yugurib boradi-yu turgan joyida tarrakdek qotadi. Undan yigirma qadam narida qo‘lida bir nechta tuxum (tovuq tuxumi bo‘lsa kerak) ushlab turgan serjun, bahaybat hayvon unga tikilib turardi. Ovchi avvaliga uni ayiq deb o‘ylaydi. Keyin uning qor odami ekanini fahmlaydi. — Uning bo‘yi 2 metrdan ziyod, butun tanasi qalin jigarrang yung bilan qoplangan, oyog‘ida tik turgan maymunsifat jonzot edi. Dahshat ichida ko‘zim uning yonida tartibsiz qilib yoyib tashlangan shox-shabba va qo‘ziqorinlarga tushdi. Menimcha, u tuxumlarni shu qo‘ziqorinlar bilan yemoqchi bo‘lgan bo‘lsa kerak, deydi ovchi Tagyan hayrat bilan. Hozirgacha Qor odamini Sibir, Tayga, Kanadaning qorli o‘rmonlarida, Mongoliyaning osmono‘par tog‘ tizmalarida ko‘p marotaba uchratishgani qayd etilgan. Ular eng ko‘p uchragan joy bu Sibir mintaqasidir. Mutaxassislarning fikricha, sovuq ob-havo hamda inson oyog‘i yetmaydigan tog‘ cho‘qqilari ularning yashashi uchun eng maqbul makondir. Qor odami chindan ham bormi? Agar mavjud bo‘lsa ular kimlar? Taraqqiyotdan ortda qolgan odamlarmi, maymunlarmi yoki odamsimon mahluqlarmi? Bu savollarga afsuski, hozirgacha biron-bir mutaxassis aniq dalillar bilan javob berganicha yo‘q. Ba’zi bir ufolog olimlar qor odami, yet, bigfut, saskvoch, enjey, avdoshka singari g‘alati jonzotlar aslida yo‘qligi, ular insoniyat tomonidan xayolan o‘ylab topilgan shunchaki uydirmadir, degan g‘oyani ilgari surishadi. Mashhur ufolog B.Shurinov esa qor odamlar o‘zga sayyoraliklardan kelib chiqqan gibridlar bo‘lishi mumkinligini taxmin qiladi. Professor Maykl Skottning fikricha, qor odamlari tog‘ va muzliklarda yashovchi primatlar oilasiga mansub noyob maymunlardir. Ular o‘z oilalaridan ajralib, tanholikda hayot kechirishni afzal ko‘rishgan xolos. Qor odami insoniyat mifologik qarashlarining xayoliy namunasidir, deydi professor Skott o‘z tajribalariga suyanib. Hozirgi kungacha qor odamning bironta bo‘lsa ham suyagi yoki terisi saqlanib qolmagan. Ammo, tarix muzeylarida Qor odaminiki deb taxmin qilingan soch tolalar, iz namunalari, o‘nlab fotosuratlar va sifatsiz yozib olingan video yozuvlar tomoshabinlar e’tiboriga havola etilgan. Qarashlar, nazariyalar va taxminlar turlicha. Dunyoning qaysi bir chekkasida bir sayyoh qor odamini suratga olganini maqtanib, dunyoga jar solsa, yer yuzining narigi chekkasidagi zamondoshi qor odam deb taxmin qilib yurgani oddiygina ayiq bo‘lib chiqqanidan afsuslanib, jurnalistlarga iddao bilan intervyu beradi. Yaqin kelajakda qor odamning chindan bor-yo‘qligini bilish imkoniga ega bo‘lsak, aslo ajablanmaymiz. Sababi, XXI asr — texnika zamonida istalgan narsa ro‘y berishi mumkin! Davronbek ORIPOV
| |
Просмотров: 1550 | |
Всего комментариев: 0 | |