Главная » Статьи » Turli mavzular |
Sotsiologiya – insonning ijtimoiy turmushini o‘rganish, guruh va jamiyatlarni o‘rganishdir. Bu yorqin va butun vujudni qamrab oladigan mashg‘ulot bo‘lib, ijtimoiy mavjudot bo‘lgan odamlarning xulq- atvori- uning predmetidir. Sotsiologiya nisbatan yangi fan bo‘lib, u nafaqat yangi zamonaviy jamiyatni o‘rganadi, balki o‘tgan zamon jamiyati bilan taqqoslash va uni rivojlantirish masalalarini ham o‘rganadi. Sotsiologiya fani inson hatti harakatlarini yaqqol tushunish yo‘llarini ko‘rsatib beradi. Inson hatti harakati, hulq atvori jamiyat taraqqiyotini ko‘rsatib berar ekan bu borada Prezidentimiz “Ma’naviyat — insonni ruhan poklanish, qalban ulg‘ayishga chorlaydigan, odamning ichki dunyosi, irodasini baquvvat, iymon-e’tiqodini butun qiladigan, vijdonini uyg‘otadigan beqiyos kuch, uning barcha qarashlarining mezonidir - deb ta’kidlagan. Sotsiologiya sosietas, logos (lotincha sosietas – jamiyat va yunoncha logos – ta’limot) – so‘zlaridan kelib chiqqan bo‘lib, jamiyat haqidagi fan ma’nosini anglatadi. Bu terminni fransuz faylasufi Ogyust Kont XIX asrning 30 yillarida ilmiy muomalaga kiritgan. Sotsiologiya fani to‘g‘risida bir qator olimlarning fikrlariga e’tibor qaratamiz: Ogyust Kont fan asoschisi deb bilamiz, lekin, bir kishi butun bir fanga asos sola olmaydi, sotsiologiyaning rivojlanishiga ko‘pgina kishilar o‘z hissasini qo‘shgan. O.Kont sotsiologiya fanini yosh, lekin ahamiyatiga ko‘ra eng murakkab va eng muhim fan hisoblarda. Kont fikricha, yangi fan insoniyat baxt- saodatga erishuviga to‘g‘ridan- to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatadi deb ta’kidlagan. Yana bir fransuz sotsiologi Emi Dyurkgeymning fikricha, sotsiologiya fanga aflanishi uchun, “sotsial faktlarni” o‘rganishi, “sotsial faktlarni buyumlar kabi o‘rganish lozim” deb jamiyatda yuz berayotgan o‘zgarishlarni alohida empirik tarzda o‘rganishni ilgari surgan. Kzzga ko‘ringan buyuk sotsiologlardan biri Maks Veber sotsiologiya fani to‘g‘risida gapirar ekan, uni shunday tushuntirgan; “...tabiy olamni tadqiq etishda qo‘llaniladigan tartiblardan foydalangan holda, insonlar hayotini ham o‘rgana olishimiz mumkin, deb o‘ylash unchalik ham to‘g‘ri emasdir. Inson- fikrolvchi va mulohaza yurituvchi mavjudotdir; biz qilayotgan ishlarimizga ko‘proq ma’no va ahamiyat beramiz va inson hulq- atvori bilan shug‘ullanadigan har qanday fan, bu omilni albatta hisobga olishi lozim.” deb tushuntirigan. Aniqroq qilib aytganda u yaxlit tizim sifatidagi jamiyat, alohida institutlar, ijtimoiy guruhlar, jamiyat tuzilmalari va ularda yuz beradigan ijtimoiy jarayonlarni o‘rganuvchi fan. Uning tushunishicha sotsiologiya jamiyatga taalluqli bo‘lgan hamma narsalarni o‘z ichiga olgan jamiyatshunoslik bilan bir qatorda turgan. Sotsiologiya – insoniyatning tarixiy taraqqiyoti davomida yaratilgan madaniyatning tarkibiy qismidir. U XVIII asrda kishilik jamiyati va uning qonuniyatlarini o‘rganuvchi mustaqil fan sifatida tarix falsafasida shakllandi. Ijtimoiy hayotning murakkablashuvi va ilmiy bilimlarning tabaqalanishi sotsiologiyaning falsafadan ajralib, mustaqil fanga aylanishini muqarrar qilib qo‘ydi. Ma’lumki falsafiy bilimlar doirasi juda keng bo‘lib, ularning tarkibiga qo‘yidagilar kiradi: 1) Ontologiya – borliq haqidagi qarashlar. 2) Sotsiologiya – jamiyat haqidagi qarashlar. 3) Gnoseologiya – borliqni bilish muammolari. 4) Logika – inson tafakkuri qonunlari haqidagi qarashlar tizimlari. 5) Etika – axloqiylik haqidagi qarashlar. 6) Estetika – go‘zallik haqidagi qarashlar. Demak, biz falsafiy bilimlar doirasidan kelib chiqib, sotsiologiya fani va uning o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rganamiz. Sotsiologiya XIX asr boshlaridan boshlab o‘ziga xos ilmiy metodlar asosida falsafadan ajralib chiqish imkoniga ega bo‘la boshladi. Shunga ko‘ra sotsial sistemaning taraqqiyoti va faoliyat ko‘rsatish qonuniyatlari haqidagi mustaqil fan sifatida XIX asr 30-yillarida ilmiy muomalaga «Sotsiolgiya» atamasi, so‘zi kiritilgandan so‘ng shakllandi. Jamiyat haqidagi «pozitiv fan» (haqiqiy fan) yaratishga urinish X1X asr o‘rtalarida yuzaga keldi. Sotsiologiyaning asoschisi fransuz mutafakkiri O.Kont sotsiologiyani jamiyat haqidagi tajribaga asoslangan fan deb hisoblaydi. Uning vatandoshi E. Dyurkgeym sotsiologiyaning predmetini sotsial dalillar haqidagi fan deb ataydi. Marksizmda sotsiologiyaning predmeti ijtimoiy tizim sifatida jamiyat va uning tuzilmaviy elementlarini tashkil etgan shaxslar, ijtimoiy birliklar, ijtimoiy institutlarni ilmiy asosda o‘rganish hisoblanadi. Hozirgi kundagi adabiyotlarda sotsiologiyaga quyidagicha ta’rif berilgan: Sotsiologiya - yaxlit ijtimoiy tuzum sifatida jamiyat haqidagi va uning ayrim tarkibiy elementlari (shaxslar, ijtimoiy birliklar, institutlar) orqali bu tuzumning amal qilishi va rivojlanishini o‘rganuvchi fandir. Sotsiologiya ob’ekti jamiyat hisoblansada, lekin sotsiologiya predmetining dastlabki bosqichi sifatida jamiyat tushunchasini ajratib ko‘rsatish yetarli emas. Sotsiologiyaning ilmiy maqomini asoslashning mohiyati uning ob’ekti va predmeti o‘rtasidagi farqdan kelib chiqadi. Ob’ektni bilish – tadqiqot ob’ekti nimaga yo‘naltirilganligi va ob’ektiv voqelik sifatida unga nima qarama-qarshi turganligini anglatadi. Har qanday hodisa, jarayon yoki ob’ektiv voqelikning o‘zaro munosabati turli fanlarning (fizika, ximiya, biologiya, psixologiya, iqtisodiyot, sotsiologiya va hokazolar) ob’ekti bo‘lishi mumkin. Predmet ob’ekt kabi ob’ektiv voqelikning bir qismi yoki uning elementlari yig‘indisi bo‘lib, umumiy yoki o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Har bir fan o‘z navbatida predmeti nuqtai nazaridan farq qiladi. Ijtimoiy xususiyatlarga ega bo‘lgan kishilararo aloqalar, o‘zaro bog‘liqliklar majmuasi - sotsiologiya fanining ob’ekti vazifasini o‘taydi. Ob’ekt va predmet hamma vaqt bir-biri bilan uzviy bog‘liq bo‘ladi. Chunki, ob’ekt mohiyatni to‘g‘ri tushunish, ilmiy tadqiqot yo‘nalishini xolis belgilay olish imkonini beradi. Demak, sotsiologiyaning ob’ekti jamiyatni boshqaruvchi tafakkur qonuniyatlari, rasional vositalaridir. Sotsiologiya jamiyat haqidagi umumiy fan bo‘libgina qolmay, balki maxsus sohalararo fan hamdir. U boshqa fanlar o‘rganmaydigan o‘z ob’ektiga ega. Uning o‘ziga xos sohasi sotsial reallik bo‘lib, u inson va jamiyat munosabatining ijtimoiy-madaniy muayyanligidir. Shu boisdan ham jamiyatdagi ijtimoiy aloqalar, ijtimoiy hamkorliklar, ijtimoiy munosabatlar va ularning o‘zaro tashkil etilish usullari sotsiologiyaning ob’ekti bo‘ladi. Insonlar o‘zaro aloqalarga, hamkorlik munosabatlariga kirishishlari orqaligina muayyan ijtimoiy xususiyatlarni namoyon etish imkoniyatlariga ega bo‘ladilar. Sotsiologiya ijtimoiy muhitni tadqiq etganda umummilliy tushuncha va kategoriyalardan kelib chiqadi. Xususan, ob’ektiv va sub’ektiv, erkinlik va zaruriyat, borliq va ong kabi falsafiy kategoriyalardan foydalanib sotsiologik ob’ekt mohiyatni talqin etadi. Sotsiologiya sotsial ob’ektni sotsial sub’ektlar orqali(shaxs, guruh, jamiyat, sotsial sohalar, munosabatlar, odamlarning sotsial faoliyati va tafakkur tarzi) tahlil qiladi. Sotsiologiya turli sotsial sohalarni tadqiq etish asosida ularning o‘ziga xos ijtimoiy rivojlanish tendensiyalarini aniqlaydi. Muayyan sotsial guruhlar tahlili va tasnifi orqali u jamiyat va inson to‘g‘risidagi umuiy qarashlar, qonunlar va tendensiyalarni yaratadi, rivojlanish qonuniyatlarini ochib beradi. O.Kont fikricha, ob’ekt va predmet qarama-qarshiliklardan iborat. Sotsiologiya ijtimoiy hayot jarayonlarini 3 bosqichda o‘rganadi: 1. Aniq- empirik 2. Xususiy (maxsus) 3. Umumiy. Shunga muvofiq ravishda sotsiologiya empirik, maxsus va umum- sotsiologik tadqiqot jarayonlarini o‘z ichiga oladi. Sotsial degan tushuncha sotsial aloqalar hamda munosabatlar va ularni tashkil etish usullari, sotsiologiya bilish ob’ektining o‘ziga xosligini ochib bersa, sotsial qonuniyatlar esa sotsiologiya fani predmetini aniqlash uchun boshlang‘ich nuqta hisoblanadi. Sotsiologiyaning predmeti: Agar fanning obekti uning nimani o‘rganish kerak degan savolga javob bersa, predmet esa o‘sha ob’ektning qaysi jihatlarini o‘rganadi? degan savolga javob beradi. Quyida sotsiologiyaga doir bir qancha ta’riflarni keltirib o‘tamiz. Sotsiologiya – insonlarning sotsial jamoalar va sotsial jarayonlarda tutgan o‘rni, ular o‘rtasidagi munosabatlarni o‘rganadigan fandir. Sotsiologiya – ayni vaqtda jamiyat va shaxsning iqtisodiy, siyosiy, mafkuraviy, ma’naviy hayotdagi faoliyati va ijtimoiy mazmunini o‘rganadigan fan hamdir. Sotsiologiya – jamiyat tuzilishi, uning elementlari va ularning yashash sharoitlarini va shu tuzumda sodir bo‘layotgan ijtimoiy jarayonlarni o‘rganadigan fandir. Sotsiologiya – shaxsga ijtimoiy hayot qonuniyatlari orqali ijtimoiy muhitga ko‘nikma hosil qilishga (adaptatsiya) ko‘maklashadigan, shular bilan bir qatorda insonlar jamiyatini rivojlantirishda sotsial tashkilotlarning insonlarga mos, eng qulay variantini topishda va uni amalga oshirishda jismoniy, emotsional-psixologik va ma’naviy imkoniyatlarni ishga solishga yordam beradigan fandir. «Chunki hayot bor ekan, inson bor ekan, har qaysi toifa o‘zining manfaatlarini qandaydir yo‘llar bilan amalga oshirishga harakat qiladi, bu hayotni qanday tashkil qilish lozim, inson, oila qanday sharoitda tinch va baxtli yashashi mumkin, degan masalalar atrofida fikr yuritadi, kerak bo‘lsa, qonuniy yo‘llar bilan o‘z maqsadlariga erishishga intiladi». O‘z navbatida sotsiologiyaning vazifasi jamiyat taraqqiyotini taminlaydigan eng qulay variantlarni, ijtimoiy-madaniy modellarni topishdan iboratdir. Bular jamiyat va insonning o‘z-o‘zini takomillashtirishga qaratilgan qonuniyatlardir. Sotsiologiyaning vazifasi murakkab sotsial dunyoni tashkil etuvchi o‘zaro birikuvchi va harakat qiluvchi tuzilma va mexanizmlar mohiyatini aniqlashdan hamda ularning rivojlanish tendensiyalarini belgilashdan ham iboratdir. Bugungi kunda sotsiologiya predmetining mazmun doirasidan: 1. Falsafiy germenevtika – yangicha tus berilayotgan naturalizmdan foydalanib, ularni yangicha talqin qilish (tendensiya) hamda, 2. Gumanistik oqimni rivojlantirish tendensiyasi tobora zalvorliroq mavqe kasb eta boshladi. Shunday qilib, sotsiologiya aniq ijtimoiy tizimlar amal qilishining sotsial qonun va qonuniyatlari haqidagi, ushbu qonun va qonuniyatlarning shaxslar, ijtimoiy guruhlar, birliklar, sinflar, xalqlar faoliyatida namoyon bo‘lishi va ta’sir ko‘rsatishi mexanizmi haqidagi fandir. Sotsiologiya uchun sotsial degan tushuncha asosiy hisoblanadi. «Cotsial» tushunchasi birinchi marta Karl Marks tomonidan qo‘llanilgan. U odamlarning bir-biriga bo‘lgan munosabati, hayot tarzi, sharoitlari va dalillarini hamda insonning jamiyatda tutgan roli, holatini tahlil etganida «Sotsial» munosabatlar tushunchasini qo‘llagan. Ma’lumki, sotsial u yoki bu xususiyatning va sotsial munosabatlarning o‘ziga xos yig‘indisidir. Har qanday sotsial munosabatlar tizimi (iqtisodiy, siyosiy va boshqa) odamlarning bir-biriga va jamiyatga bo‘lgan munosabatiga taalluqli hisoblanadi. Sotsial degan tushunchaning o‘ziga xosligini harakterlovchi quyidagi asosiy jihatlarini ajratib ko‘rsatish mumkin. Birinchidan, bu xususiyat turli guruh, individlar uchun taalluqli va ular tomonidan sotsial munosabatlarning u yoki bu xususiyatini integratsiyalash natijasi hisoblanadi. Ikkinchidan, hozirgi sotsial munosabatlar (iqtisodiy, siyosiy va boshqa) bilan bog‘langan individlarning va ularning guruhlari o‘rtasidagi turli munosabatlarning mazmuni va harakterini anglatadi. Uchinchidan, sotsial jihat turli individ va guruhlarining bir-biriga, jamiyatda tutgan o‘rniga, ijtimoiy hayot, voqelik va jarayonlarga munosabatida namoyon bo‘ladi. To‘rtinchidan, individlar o‘rtasidagi aloqa va o‘zaro ta’sirning namoyon bo‘lishi birgalikdagi faoliyat natijasi demakdir. Sotsiologiya ijtimoiy hayotni u yoki bu formada va sohada o‘rganar ekan, u avvalo sotsial voqelik haqidagi bilimlarni shakllantirish, sotsial rivojlanish jarayonlarini tasvirlash, tushuntirish, sotsiologiyaning asosiy metodologiyasini va sotsiologik tadqiqot metodlarini ishlab chiqish kabi ilmiy muammolarni hal etadi. Sotsiologik tadqiqotlarning ko‘pchilik qismi amaliy muammolarni hal etishga yo‘naltirilgan. Sotsiologiyaning amaliy yo‘naltirilganligi shunda namoyon bo‘ladi-ki, u ijtimoiy jarayonlarning rivojlanishi haqidagi ilmiy asoslangan ma’lumotni ishlab chiqishga qodir. Shu holatda sotsiologiyaning oldindan aytib berish funksiyasi namoyon bo‘ladi. Jamiyat hayotida sotsiologik tadqiqotlardan ijtimoiy hayotning turli sohalarini rivojlantirishni rejalashtirishda foydalanish katta ahamiyatga ega. Sotsial rejalashtirish ijtimoiy tizim qanday bo‘lishidan qat’iy nazar hamma mamlakatlarda rivojlangan. Sotsiologiya mafkuraviy funksiyani ham bajaradi. U birinchidan, tabiiy-tarixiy jarayonlarni anglash, jamiyat taraqqiyotining yaqin oradagi maqsadlarini va istiqbollarini ishlab chiqishga qaratilgan. Ikkinchidan, ilmiy va mafkuraviy munozarani boshqa qarashlar tizimi orqali olib borish. Uchinchidan, aholi o‘rtasida ilmiy va milliy mafkurani tarqatish. To‘rtinchidan, malakali mutaxassislarni tayyorlash va ular tomonidan ilmiy mafkurani har tomonlama o‘zlashtirish. Sotsiologiya odamlar o‘rtasidagi munosabatlarni shakllantirishga, uyg‘un hissiyotlarni ijtimoiy munosabatlarga xizmat qildirib yaxshilashga ham yordam berishi mumkin. Shu tufayli sotsiologiya insonparvarlik funksiyasini ham bajaradi. Sotsiologiyaning metodlari: Sotsiologiya fanining murakkab vazifalarini nazariy hal etishga xizmat qiladigan o‘ziga xos metodlari ham mavjud bo‘lib, ularni quyidagicha tasniflash mumkin. 1. Qiyoslash va taqqoslash metodi. 2. Nazariy metod (fikrlash, abstraktlikdan konkretlik sari o‘tish). 3. Induktiv va deduktiv metod. 4. Izohlash metodi. 5. Prognozlash metodi (ijtimoiy to‘qnashuvlarning oldini olish). 6. Integratsiya, umumlashtirish metodi. Sotsiologiyaning konkret tadqiqotlar o‘tkazishda qo‘llanadigan empirik -amaliy metodlari ham bor. Ular quyidagilardan iborat: 1. Eksperiment metodi. 2. Kuzatish metodi. 3. Hujjatlar asosida o‘rganish metodi. 4. So‘rov metodi. 5. Empirik-sotsiologik metod (so‘rov, anketa, matematik model). 6. Matematik metod. 7. Statistik umumlashtirish metodi. 8. Umummantiqiy metod (analiz, sintez, abstraktlash, umumiylik va hokazo). Sotsiologiya fanida quyidagi metodologik masalalarga ham jiddiy e’tibor beriladi:
Sotsiologiya ob’ektini turlicha tushunish natijasida metodologiyaning 3 asosiy turi shakllangan:
| |
Просмотров: 4636 | |
Всего комментариев: 0 | |